Qoʻqon — Butunjahon hunarmandlar festivali mezboni

17:43 05 Fevral 2019 Jamiyat
1525 0

Foto: X.Arabboyev / Xalq soʻzi

Butunjahon hunarmandlar festivali har ikki yilda bir marta Qoʻqon shahrida oʻtkazilishi milliy hunarmandchilik va turizmni rivojlantirishda qutlugʻ qadam boʻldi. Keyingi yillarda anʼanaviy koʻrinish olishi kutilayotgan festival jahon miqyosida turistlarni eng koʻp jalb etadigan xalqaro anjumanlardan biriga aylanishini taʼminlaydi.

Foto: X.Arabboyev / Xalq soʻzi

Festival kunlari tarixiy ziyoratgohlar boʻylab uyushtiriladigan sayyohatlar, hunarmandchilik va milliy liboslar koʻrgazmalari, badiiy va hujjatli filmlar tomoshalari, kitoblar, albom va fotosuratlar savdolari, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalari, polvonlar chiqishlari xalqimizning asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan qadriyatlarnibutun dunyoga tarannum etadi.

Ayni kunlarda Qoʻqon shahrida xalqaro festivalga qizgʻin tayyorgarlik ishlari olib borilayotir. Koʻhna kentda Xudoyorxon oʻrdasi, Jome masjidi, Norboʻtabiy va Sohibzoda Hazrat madrasalari, Modarixon dahmasi va Dahmai shohon kabi 62 madaniy meros obyektlari mavjud. Festivalga tayyorgarlik ishlari jarayonida har bir madaniy meros obyekti boʻyicha turli tillarda bukletlar tayyorlash, tashrif buyuruvchilarga yuqori darajada xizmat koʻrsatish faoliyatini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan. Tayyorgarlik jarayonida shaharda shu yilning avgustiga qadar 10 yangi mehmonxonalar foydalanishga topshiriladi, 5 mehmonxona kapital rekonstruksiyadan chiqarilmoqda. Festivalning “yuragi”ni tashkil etuvchi Xudoyorxon oʻrdasida mukammal taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari davom ettirilmoqda.

Foto: X.Arabboyev / Xalq soʻzi

— Xalqaro festivalda ishtirok etish uchun 2018 yil yakunigacha 66 mamlakatdan 111 nufuzli tashkilotlar roʻyxatga olindi, — deydi “Hunarmand” uyushmasi Qoʻqon shahar boʻlimi raisi, ishchi guruhi aʼzosi Muxtorali Azimov. — Festival bosh logotipini tanlashda 150 ortiq variantlar taklif etilmoqda. Internet saytini ochish va uning dizayni ustida ishlar olib borilmoqda. Koʻzda tutilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari uch smenada tashkil etilgan.

Foto: X.Arabboyev / Xalq soʻzi

Festivalda Qoʻqon hunarmandlari oʻz mahsulotlari koʻrgazmasi bilan ishtirok etishadi. Ular orasida xalq amaliy sanʼati va yogʻoch oʻymakorligi ustasi Otabek Umarov ham bor. Taniqli hunarmand Qodirjon Haydarovning evarasi boʻlgan Otabek hozirdan tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordi. Jumladan, festival oʻtadigan Oʻrda oldi majmuasiga barpo etish rejalashtirilgan ramziy kirish darvozalari uchun naqshinkor ustunlar tayyorlamoqda.

Foto: X.Arabboyev / Xalq soʻzi

— Mazkur kirish darvozalari tashrif buyuruvchilarga shahrimiz hunarmadchiligi haqida dastlabki xulosalarni beradi, — deydi Otabek Umarov. — Otam Mirzayunus Umarov, ogʻa-inilarim Jahongir va Jamshid Umarovlar bilan balandligi 3,5 metr boʻlgan ikkita naqshinkor ustun tayyorlab qoʻydik. Yana ustunlar tayyorlash ustida ishlayapmiz.

Foto: X.Arabboyev / Xalq soʻzi

— Xalqaro festivalda Rishton tumanidan ham jami 100 nafar ustazoda kulollar ishtirok etishi belgilangan, — deydi “Hunarmandlar” uyushmasi Rishton tumani boʻlimi raisi Bunyodjon Yunusov. — Xozirda mukammal tayyorgarlik ishlarini davom ettiryapmiz. Festival doirasida “Rishton moviy afsonasi” koʻrgazmasining ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Unda 800 xildan ortiq kulolchilik nodir asarlari namoyishi bilan birgalikda, kulollarimiz oddiy tuproq sanʼat darajasiga borib yetadigan jarayonlarni oʻz ichiga olgan mahorat darslarini ham tashkil etishadi. Shu yilning 1-3 iyun kunlari boʻlib oʻtadigan “Rishton sehri” xalqaro kulollar va kulolchilik maxsulotlari festivaliniham xalqaro xunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik jarayonlarining uzviy davomi sifatida anglash mumkin.

Foto: X.Arabboyev / Xalq soʻzi

Elyorjon Ehsonov, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?