Qoplab pul emas, sovrinlar ortidan yugurgan futbolchi

11:53 02 Noyabr 2020 Sport
761 0

Luis Suares 1987-yilda Urugvayning Argentina bilan chegaradosh Salto shahrida tugʻilgan. U oiladagi yetti farzandning toʻrtinchisi. Otasi ashaddiy futbol muxlisi edi. Bolaning ismini Suares deb qoʻygani ham bejiz emas. Oʻtgan asrning 70-yillarida ispaniyalik Luis Suares degan futbolchi xalqaro maydonlarda nom qozongan edi.

Luis 7 yoshga kirganida oilasi Urugvayning Montevideo shahriga koʻchib keldi. Xuddi shu yerda u futbolga ipsiz bogʻlanib qoldi. Baxtga qarshi, otasi oilani tashlab ketdi. Shunda Suares hatto mahalliy maktabning futbol jamoasi bilan xayrlashish fikriga keldi. Ammo onasi uning sevimli oʻyini bilan shugʻullanishini istab “Ketmagin” deb oyoq tirab turib oldi. Bu orada Suares otasi bilan munosabatlarini tikladi.

Qahramonimiz koʻcha futbolidan chiqqan, desak xato qilmaymiz. Oʻziga xos oʻyin uslubini u xuddi shu yerda shakllantirdi. Hayotdan saboq oldi. 2003-yilda Suares «Natsional» klubi futbol akademiyasiga qabul qilindi. Bunga uning maktab jamoasidagi ajoyib oʻyini sabab boʻldi. Jamoasi 0:6 hisobida yutqazib turganida maydonga tushib, raqibni magʻlubiyatga uchratishga katta hissa qoʻshdi. Uchrashuvni «Natsional» klublari skautlari kuzatib turishgandi. Pirovardida shu klub safiga qoʻshildi. Oradan ikki yil oʻtib, u asosiy tarkib oʻyinchisiga aylandi.

2006-yilda Gollandiyaning “Groningen” klubi skautlari Montevideoga kelishdi. Ularni «Natsinal»ning bir futbolchisi qiziqtirayotgan edi. Ammo golland klubi vakili Suaresning qanday oʻynashini koʻrdi-yu bu iqtidor egasi uchun klub rahbariyatini 800 ming yevroning bahridan kechishga koʻndirdi. 2006-yilda u “Groningen” safida 10 ta gol kiritdi. Bir yil oʻtgach esa, 20 yoshli hujumchini “Ayaks” sotib oldi. Bu nomdor klub safida u oʻzining qanaqangi toʻpurar ekanligini koʻrsatib qoʻydi. Dastlabki mavsumda 17 ta, keyingisida 22 ta, 2009/2010-yilgi mavsumda esa 35 ta golga mualliflik qildi.

2011-yilning yanvarida unga Ukrainaning “Shaxtyor” va Rossiyaning “Zenit” klubi jiddiy qiziqish bildirdi. Biroq urugvaylik futbolchi «Men qoplab pul emas, sovrinlar yutishni xohlayman» deb rad javobini berdi.

2011-yilning 28-yanvarida “Ayaks” “Liverpul”ning taklifini qabul qildi va qahramonimiz Angliyaga yoʻl oldi. Biz uning bu jamoadagi oʻyini haqida batafsil toʻxtalmoqchi emasmiz. Faqat uning nechogʻli kerakli futbolchi ekanini koʻrsatuvchi bir dalilga eʼtiborni qaratmoqchimiz. 2013-yilning dekabrida Suares bu klub bilan shartnomasi muddatini uzaytirdi. Natijada klub tarixidagi eng koʻp maosh oladigan futbolchiga aylandi. Maoshi haftasiga 200 ming funt sterling etib belgilandi.

2014-yilning 11-iyulida “Barselona” va “Liverpul”ning rasmiy saytida klublar Suaresning transferi yuzasidan kelishuvga erishishgani toʻgʻrisidagi xabar paydo boʻldi. Kataloniya klubi bu xarid uchun 81 million yevro sarfladi. ”Liverpul” qolishim uchun imkoni bor narsani qildi. Lekin Ispaniyada oʻynash va yashash mening orzuim”, degandi shu oldi – sotdidan soʻng hujumchi. Oʻsha pallada Suaresning transferi «Barsa» tarixidagi eng qimmat xarid boʻlgandi.

“Barselona”da u dastlabki mavsumdayoq tengi yoʻq toʻpurar ekanligini koʻrsatdi. Biz jamoaning Neymar — Messi — Suares triosi barcha uchrashuvlarda raqiblar darvozasiga 122 ta gol kiritganini aytish bilan cheklanmoqchimiz. Keyingi mavsumlarda ham u sermahsul oʻynadi. ”Barsa”ning almashtirib boʻlmas hujumchisiga aylandi. Shunday deymizu futbolchilarning taqdiri koʻp ham oʻziga bogʻliq emasligini unutamiz.Qahramonimiz bilan ham shunday boʻldi. Joriy yilning yozida koʻpchilik uchun kutilmaganda uning Kataloniya klubidan ketishi toʻgʻrisida xabarlar paydo boʻldi. Amalda ham shunday boʻlib chiqdi. Aslida oʻzi buni istamagandi. ”Oʻylashimcha, meni Messidan uzoqlashtirmoqchi boʻlishdi, — dedi u intervyularidan birida. 

"Messi bilan juda yaxshi munosabatda ekanligim ehtimolki, ularni xavotirga soldi. «Barsa»dan ketishim oson boʻlmadi. Bolalarimga «Biz omadlimiz. Bir klubda olti yilni oʻtkazdik. "Barsa”dek klubda bu oson emas”, — dedim.

Ayrim sport nashrlari buni Suaresning yoshi bilan bogʻlashdi. Har holda Luis endi 22 yoshli yigitcha emas. U 34 yoshga qadam qoʻydi. Safdoshi Lionel Messiga kelsak, ular maydonda bir-birlarini soʻzsiz tushunishardi. Oilaviy bordi-keldilari ham bor. Darvoqe, Suares turmush oʻrtogʻi Sofya Balbi bilan bolalik chogʻidayoq tanishgan. Bu qiz uning faoliyatiga ijobiy taʼsir oʻtkazdi. Juftlik ikki oʻgʻil, bir qizni tarbiyalamoqda.

Madridning «Atletiko» klubi taklifini qabul qilgan Suares oʻz anʼanasini buzmadi. Gollar kiritmoqda. Jamoa oʻyiniga asta-sekin moslashyapti. Suaresning ustun jihatlaridan biri shundaki, u markaziy hujumchi pozitsiyasida ham, qanotlarda ham oʻynay oladi. Tezligi yuqori. Maydonni juda yaxshi koʻradi. Qulay vaziyatda turgan sheriklaridan toʻpni qizgʻanmaydi. Aql bovar qilmas gollarning ustasi sanaladi. Biz bu oʻrinda uning havoda chalqanchasiga turib koʻplab gollar kiritganini nazarda tutayapmiz. Shu bilan birga ojiz tomonlari ham yoʻq emas. Deylik, haddan ziyod qizishib, raqib oʻyinchilarini tishlab olgan paytlari uchragan. Sportchiga yarashmaydigan shu xatti-harakati uchun bir necha oʻyinga chetlatilgani ham bor gap. Ammo hamma tan oladigan haqiqat shuki, Suares dunyoning eng kuchli hujumchilaridan biri sanaladi. Buni u erishgan natijalar ham koʻrsatib turibdi. Suares Urugvay, Gollandiya chempioni boʻlgan. ”Barselona” safida toʻrt bor Ispaniya chempionligini, toʻrt bor shu mamlakat kubogini, ikki bor shu davlat Superkubogini qoʻlga kiritgan. U 2014/15 yilgi mavsum Chempionlar ligasi va UYEFA Superkubogi, 2015-yilgi klublar oʻrtasidagi jahon chempionati gʻolibidir. Urugvay terma jamoasi safida 2011-yilda Amerika Kubogini boshi uzra koʻtargan. Shaxsiy yutuqlari ham behad koʻp. Mana ayrimlari: u salkam 60 ta gol kiritgan holda Urugvay terma jamoasi tarixidagi eng kuchli toʻpurar boʻlib turibdi. Toʻrt marta shu mamlakatning eng kuchli futbolchisi deb eʼtirof etilgan. 2014 va 2016-yillarda “Oltin toʻp” sohibi boʻlgan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?