Qonunda banklar uchun taqiqlangan yoki cheklangan amaldagi faoliyat yoʻnalishlari takomillashtirilgan

12:16 11 Oktyabr 2019 Jamiyat
96 0

Rahim Sherqulov, Onlayn. Senat yalpi majlisida “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun qizgʻin muhokama qilindi.

Ushbu masala yuzasidan maʼruza qilgan senator M. Djumagaldiyev Qonunga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar bilan mavjud meʼyorlar tubdan takomillashtirilganini qayd etdi.

Natijada 44 ta moddadan iborat amaldagi Qonun qoʻshimcha talablar va meʼyorlar bilan toʻldirilib, 12 ta bob, 83 ta moddadan iborat yangi tahrirda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan.

Banklar va bank faoliyati sifatida eʼtirof etiladigan operatsiyalar majmui, moliyaviy operatsiyalarga qoʻyiladigan talablar yangi tahrirda, xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda toʻldirilgan.

Shuningdek, pul mablagʻlarini omonatlarga jalb etish faoliyati bilan shugʻullanishga faqat banklar vakolatli ekanligi belgilanib, bank omonatiga ham taʼrif berilgan.

Banklar uchun taʼqiqlangan yoki cheklangan amaldagi faoliyat yoʻnalishlari xalqaro amaliyot hamda bank va uning mijozlari manfaatlaridan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqilib takomillashtirilgan.

Jumladan,banklar faoliyatining oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda mijozlarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash maqsadida, banklarning oʻz mulkini va qarz oluvchilar tomonidan garovga qoʻyilgan mol-mulkni sotishi mumkinligi ham nazarda tutilgan.

Muhokamalar yakunida Qonun maʼqullandi. Qayd etilganidek, ushbu hujjat banklar va bank faoliyati qonunchilik asoslarining yanada takomillashuviga, bank tizimi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?