Qonunchilik palatasi yuborgan parlament soʻroviga ichki ishlar vazirining javobi koʻrib chiqildi

11:10 24 Iyul 2020 Siyosat
214 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid dolzarb qonun loyihalari bilan bir qatorda, quyi palataning oʻtgan galgi majlislarida ayrim vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament soʻrovlari yuzasidan kelgan javoblar ham koʻrib chiqildi. 

Xususan, ichki ishlar vaziri P. Bobojonovning “Maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun moʻljallangan maxsus qabulxonalarning binolarini qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning holati toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga javobi qizgʻin muhokama etildi.

Qayd etilishicha, 2017-yil 9-yanvardagi “Maʼmuriy qamoqni oʻtash tartibi toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, unga koʻra, maxsus qabulxonalar binolarini qurish belgilangan edi.

Hozirgi kunda Toshkent shahri, Andijon, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Toshkent, Qashqadaryo, Fargʻona, Xorazm viloyatlarida maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun moʻljallangan shunday maxsus qabulxonalar binolarini qurish ishlari yakunlangan boʻlib, faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida maxsus qabulxonani qurish ishlari 2019-yil may oyida yakuniga yetkazilgan boʻlsa-da, obyektni qabul qilish jarayonida bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Shuningdek, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida 2019-yilda qurilishi lozim boʻlgan maxsus qabulxonalar 2019-yilda obyektlar qurish va ularni rekonstruksiya qilish manzilli dasturida oʻz aksini topmaganligi va moliyalashtirilmaganligi sababli qurilish ishlari vaqtinchalik kechikkan.

Samarqand viloyatidagi maxsus qabulxonada qurilish ishlari joriy yil 25-iyul kuniga qadar yakunlanishi va obyektni 1-avgust kuniga topshirish rejalashtirilgan.

Majlisda parlament soʻroviga yuborilgan javob maʼlumot uchun qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?