Qonunbuzardan 753 million soʻm naqd pul undirib olindi

15:01 27 Dekabr 2018 Jamiyat
499 0

Illyustrativ foto

Kuni kecha Davlat bojxona qoʻmitasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Tashqi savdo operatsiyalari monitoringi va bojxona statistikasi boshqarmasi xodimlari tomonidan yirik qonunbuzarlik holati fosh etildi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qoʻmitasi axborot xizmati.

Chunonchi, bojxonachilar “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi aʼzosi boʻlgan “Yasmin new tex” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyatini oʻrganish davomida, ushbu tashkilot 43,3 ming AQSH dollariga teng boʻlgan, jami 95,5 tonna “tekstil mato” tovarlarini yurtimizga olib kelganligi va unga bojxona toʻlovlaridan jami 753 million soʻm imtiyoz qoʻllanilganligi aniqlandi.

Mazkur tashkilotga bojxona toʻlovlaridan qoʻllanilgan maqsadli imtiyozlar toʻgʻri qoʻllanilganligi bojxonachilar tomonidan atroflicha oʻrganilib, korxonada ishlab chiqarish mavjud emasligi aniqlandi va masʼuliyati cheklangan jamiyatning noqonuniy xatti-harakatlariga oʻz vaqtida chek qoʻyildi.

Ushbu tashkilotga aloqador shaxslardan esa davlat byudjetiga yetkazilgan 753 million soʻmlik zarar naqd pul shaklida toʻliq undirib olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?