Qonun ustuvorligi va adolat tantanasini taʼminlash yoʻlida

12:24 28 Avgust 2020 Jamiyat
449 0

Oʻtayotgan har bir kun, har bir soat bizni muqaddas Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligiga tobora yaqinlashtirmoqda.

Muazzam istiqlol ayyomining joriy yilda «Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!», degan shior ostida nishonlanayotgani zamirida esa oʻziga maʼno-mohiyat mujassamdir. Zotan, inson ozod va hur vatansiz haqiqiy qudrat manbaidan mosuvodir, saodatdan benasibdir.

Binobarin, mustaqillikning Oʻzbekiston va uning xalqi uchun qadru qimmatini, ahamiyatini hech bir narsa bilan oʻlchab boʻlmaydi.

Ayniqsa, ajdodlari oʻzining aqlu zakovati, bunyodkorligi va betakror salohiyati bilan dunyo tamadduniga ulkan hissa qoʻshgan, biroq, maʼlum muddat erksizlik iskanjasida kun koʻrgan oʻzbek xalqi uchun hurriyatning qadri bebahodir.

Qolaversa, minglab millat va elat istiqomat qiladigan dunyoda oʻz bayrogʻi va boshqa ramzlariga ega suveren davlatlar soni 200 ta atrofidadir. Ana shu davlatlar qatorida buyuk oʻtmish va yorugʻ kelajak sohibi boʻlgan Oʻzbekistonning ham borligi barchamiz uchun haqiqiy saodatdir.

Albatta, bunday baxtga erishish oson boʻlmaganini yaxshi his etamiz. Asrlar davomida ozodlik uchun kechgan kurashlarda elimiz koʻplab eng sara farzandlaridan judo boʻldi.

Nihoyat, xalqimizning matonati va qatʼiyati samarasi oʻlaroq qoʻlga kiritilgan mustaqillik 1991-yilning 31-avgustida Birinchi Prezidentimiz Islom Abdugʻaniyevich Karimov tomonidan eʼlon qilindi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev taʼbiri bilan aytganda, bugun bir haqiqatni katta gʻurur va iftixor bilan aytishga toʻla asosimiz bor: mard va matonatli xalqimiz qanchalik qiyin va ogʻir sinovlarga duch kelmasin, oʻzining mustahkam irodasini namoyon etib, oʻzi tanlab olgan mustaqillik yoʻliga doimo sodiq boʻlib kelmoqda.

Darhaqiqat, mustaqillikni qoʻlga kiritish qanchalik mashaqqatli va ogʻir boʻlsa, uni asrash va mustahkamlash ham shunchalik murakkab, uzluksiz kechadigan, matonat talab etadigan va albatta, sharafli bir jarayondir.

Xalqimizning bu yoʻldan sobitqadamlik bilan borayotgani, yurtimiz istiqbolning yangi ufqlarini zabt etayotgani esa, barchamiz uchun faxru iftixordir.

Ayniqsa, Davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan va Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi sifatida dunyo miqyosida tan olinayotgan hozirgi davr mustaqillikni mustahkamlash sari qoʻyilgan eng ulkan qadamlar davridir. Zotan, bu davr Oʻzbekistonni butunlay oʻzgartirdi, mamlakatimizni yangi, demokratik qiyofada jahonga tanitdi.

Eng muhimi, ushbu davrda xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash davlat siyosatining bosh mezoni etib belgilandi.

Natijada taraqqiyot yoʻlining toʻgʻri tanlangani va xalqimizning fidokorona mehnatlari evaziga hatto bugungi ogʻir va sinovli damlarda ham jamiyatda barqarorlik, tinchlik, osoyishtalik va ijtimoiy-iqtisodiy oʻsish taʼminlanmoqda.

Prezidentimizning koronavirus infeksiyasi taʼsirini yumshatishga qaratilgan oʻnlab farmon va qarorlari asosida pandemiyaga va iqtisodiy inqirozga qarshi kurashish uchun qariyb 50 trln. soʻm mablagʻning turli sohalarga yoʻnaltirilgani va buning natijasida Oʻzbekiston pandemiyaning asoratlarini jiddiy talafotlarsiz oʻtkazayotganining oʻziyoq fikrimiz dalilidir.

Yana bir jihat shundaki, pandemiya sharoitida biron-bir muhtoj oila yoki fuqaro davlat eʼtiboridan chetda qolayotgani yoʻq.

Ehtiyojmand oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida ajratilayotgan mablagʻlar hajmi, ular aʼzolarini ishga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb etish kabi keng koʻlamli ishlardan jamoatchilik muntazam xabardor qilib borilmoqda.

Ana shu jihatlarning oʻzi ham qiyinchiliklarga qaramasdan, Oʻzbekiston davlati va xalqi hamjihatlikda ezgu maqsadlar sari sobit borayotganini koʻrsatib turibdi.

Albatta, davlat va jamiyat hayotida erishilayotgan yutuqlar, dolzarb masalalar, muammolar haqida deyarli har daqiqada ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik muntazam xabar topib bormoqda va shu bois, ularni eslatishga hojat yoʻq.

Darvoqe, bu jihat ham yangi davr samarasidir. Zero, ochiqlik va oshkoralik, muammolarni baralla aytish, fuqarolarning baʼzida ogʻir, biroq, haqli savol hamda eʼtirozlariga yuzma-yuz javob berish taraqqiyotimiz yangi bosqichida hayot tarzimiz va faoliyatimiz mezoniga aylanib ulgurdi.

Eng muhimi, bugun davlat va jamiyatning islohotlar bilan qamrab olinmagan biron-bir jabhasi qolmadi.

Ayniqsa, davlat tuzilmalarini xalqqa xizmat qilishdek muqaddas burch va sharafli vazifani roʻyobga chiqarishga safarbar etish borasida koʻrilgan choralar ular faoliyatini ham, maqsadini ham tubdan oʻzgartirib yubordi.

Tabiiyki, bu jarayonlardan prokuratura organlari ham chetda qolmadi.

Tizimimiz faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, kadrlar salohiyatini yuksaltirish va boshqa yoʻnalishlarda, bir soʻz bilan aytganda, prokuraturani tom maʼnodagi “Xalq prokuraturasi”ga aylantirish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar oʻz samarasini bera boshladi.

Uzoq yillar davomida odamlarda jazolovchi organ sifatida tasavvur uygʻotib kelgan prokuratura tizimi har jihatdan yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Yaʼni, u inson huquq va erkinliklarining, davlat va jamiyat manfaatlarining haqiqiy himoyachisi, qonun ustuvorligi va adolat tantanasi yoʻlida faoliyat yurituvchi tizim sifatida maydonga chiqmoqda.

Buni nimalarda koʻrish mumkin?

Davlatimiz rahbari tomonidan prokuratura organlarini tubdan isloh qilish boʻyicha oldimizga qoʻyilgan yangi vazifalar, jumladan oʻtgan yilning 20-iyunida Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida belgilab berilgan yoʻnalishlar doirasidagi ishlar izchil davom etmoqda.

Birinchidan, eng avvalo, tizimdagi ancha ogʻir vaziyatni oʻnglashga, jamoada ishchan va sogʻlom muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlar Konsepsiyasi ishlab chiqildi. Uning asosida birinchi galda xodimlarning 45 foizini yosh mutaxassislar tashkil etishi, biroq, ularga ish oʻrgatadigan murabbiylar deyarli qolmagani hisobga olinib, soʻnggi yillarda boy berilgan “ustoz - shogird” anʼanalarini tiklash choralari koʻrildi.

75 nafar tajriba va malakaga ega xodim xizmatga qaytarildi. Har bir tarmoq rahbarligiga shu yoʻnalishning haqiqiy mutaxassislari tayinlandi.

Umuman, kadrlarni tanlash va tayinlash jarayonidagi oʻta markazlashganlik hamda subyektiv omillarni bartaraf etishga qaratilgan choralar koʻrildi. Har bir xodimni iqtidori, salohiyati va masʼuliyatiga mos ravishda lavozimga tayinlash mexanizmi toʻliq yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, tizimni nopok va nomunosib xodimlardan tozalashga alohida eʼtibor qaratildi va bu jarayon davom etmoqda. Bir yil davomida korrupsiyaga moyil 213 nafar, jumladan 50 dan ortiq rahbar xodim tizimdan boʻshatildi. Jinoyatga qoʻl urgan 31 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortildi.

Ikkinchidan, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilgan holda, butun tizim toʻliq elektron ish yuritishga oʻtkazilib, ortiqcha qogʻozbozlikka deyarli barham berildi. Natijada tizimda har oyda faqatgina qogʻozdan qariyb 300 mln. soʻm tejab qolinmoqda.

Uchinchidan, qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Mavjud 50 ga yaqin nazorat organlari faoliyati ustidan tizimli va taʼsirchan nazorat oʻrnatish orqali qonuniylikni mustahkamlashga eʼtibor qaratilmoqda. Nazorat organlaridan olingan axborotlar asosida eng muammoli sohalarni aniqlanmoqda va qonun buzilishi holatlari hamda tizimli kamchiliklarning asl sabablarini bartaraf etish choralari koʻrilmoqda.

Shu tartibda oliy taʼlim va sogʻliqni saqlash, qurilish, qishloq xoʻjaligi kabi qator sohalarda qonuniylikning ahvoli chuqur tahlil qilindi.

Yana bir muhim jihat shundaki, ijtimoiy sohada prokuror nazoratini taʼminlash barobarida fuqarolarga manzilli yordam koʻrsatishga ham alohida ahamiyat berilmoqda.

Bir yil davomida tegishli idoralar bilan hamkorlikda yordamga muhtoj 100 mingga yaqin fuqaroning muammolari hal etildi. 3,8 ming nafar fuqaroning 8,1 mlrd. soʻmdan ortiq ish haqi, pensiya va nafaqa pullari undirib berildi.

Ijtimoiy toʻlovlarni amalga oshirishdagi suiisteʼmolchiliklarni bartaraf etish ham diqqat markazimizdadir.

Jumladan, nazorat tadbirlari davomida 136 ta holatda 16 mlrd. soʻmdan ortiq ish haqi, nafaqa va ularga tenglashtirilgan toʻlovlar uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingani aniqlandi. Qoʻpol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 136 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, 5 mlrd. soʻmlikdan ortiq yetkazilgan zararlar ixtiyoriy qoplandi, sudlarga qiymati 19 mlrd. soʻmlikdan ziyod 4 mingga yaqin daʼvo arizalari kiritildi va qariyb 14 mlrd. soʻm undirildi.

Yoshlar va voyaga yetmaganlar huquqlari himoyasini taʼminlash ustuvor vazifalarimizdan boʻlib qolmoqda. Birgina misol: yetim va ota-ona qarovisiz qolgan 3 mingdan ziyod voyaga yetmaganlar uchun javobgar shaxs yoʻqligi aniqlanib, ularga vasiy va homiylar tayinlandi.

Gʻayriijtimoiy xatti-harakat sodir etgan 5 ming nafardan ortiq, darslarda sababsiz qatnashmayotgan 3 mingdan ziyod bola aniqlanib, majburiyatlarini bajarmayotgan 8 mingga yaqin ota-onaning javobgarligi hal etildi.

Iqtisodiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat faoliyatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, eksportni kengaytirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish kabi hayotiy muhim masalalarga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

2019-yilning ikkinchi yarmi va joriy yilning oʻtgan davridagi nazorat tadbirlarida 7,7 ming nafar tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi, 29 ming nafariga muammolarini bartaraf etishda koʻmaklashildi.

Prokurorlar koʻmagida 25 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi, faoliyati toʻxtab qolgan 28 mingga yaqin korxona tiklandi.

Prokurorlar tashabbusi bilan 905 ta subyekt eksport faoliyatiga jalb etildi. 2113 ta eksportyor korxonalarning litsenziya, kredit, yer va bino olish hamda boshqa masalalarga doir muammolari hal etilib, 518 tasining 92,2 mln. dollarlik qarzdorligini undirishga erishildi.

Tadbirkorlar huquqlariga rioya etmagan 925 nafar mansabdor shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortildi, 514 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Investitsiya dasturiga kiritilgan 1.400 taga yaqin qurilish loyihasi qayta ekspertizadan oʻtkazilib, 1,5 trln. soʻm byudjet mablagʻlari iqtisod qilinishi taʼminlandi.

Qurilishga ajratilgan byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi boʻyicha oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 78 mlrd. soʻm talon-toroj qilinganligi aniqlanib, 320 nafardan ortiq aybdor shaxs jazoga tortildi.

Qishloq xoʻjaligi sohasida qonunlar ijrosi ustidan nazorat faoliyatimizdagi ustuvor yoʻnalishlardan biridir.

Nazorat tadbirlarida 22 mlrd. soʻmlik don, 63 mlrd. soʻmlik paxta xom-ashyosi, 3 mlrd. soʻmlik mineral oʻgʻit, irrigatsiya tadbirlari uchun ajratilgan 1,7 mlrd. soʻmlik byudjet mablagʻlari talon-toroj qilinganligi aniqlanib, qonuniy choralar koʻrildi.

Tahlillar, ayniqsa, yerdan foydalanish sohasida turli suiisteʼmolchiliklar avj olganligini koʻrsatdi. Oʻtgan bir yilda yer sotish, talon-toroj qilish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan 344 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortildi.

Qonunbuzarliklar uchun chora qoʻllash muhim, albatta. Shu bilan birga, ularning tub sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish ustuvor vazifamiz boʻlib qoladi.

Xususan, tizimli kamchiliklarni bartaraf etish haqida Prezident Administratsiyasi va Hukumatga 70 ga yaqin ziyod takliflar kiritilib, ularning aksariyati qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarda oʻz aksini topdi.

2019-yil va joriy yilning oʻtgan davrida Bosh prokuratura tashabbusi bilan ishlab chiqilgan loyihalar asosida 41 ta qonun hujjati, jumladan 11 ta qonun, Prezidentning 5 ta farmon va 6 ta qarori, Hukumatning 13 ta qaror va farmoyishlari, shuningdek 6 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Misol sifatida yaqinda muhtaram Prezidentimiz tomonidan tashabbuslarimiz qoʻllab-quvvatlanib, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, shuningdek, tergov jarayonida shaxs huquqlariga qatʼiy rioya etilishini, tergovning mustaqil, xolis, adolatli va qonuniy oʻtkazilishini taʼminlashga qaratilgan farmonlarning imzolanganini mamnuniyat bilan qayd etishni oʻrinli deb bilamiz.

Toʻrtinchidan, joylardagi prokurorlar nafaqat qonun himoyachisi, balki sektor rahbari sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda.

Jumladan, oʻtgan yili hamda joriy yilning birinchi yarmida uyma-uy yurish asosida 1,5 mln.dan ziyod xonadonlardagi muammolar hal etildi. Qariyb 58 ming nafar fuqaro ish bilan taʼminlandi.

Bosh prokuraturaga biriktirilgan Ohangaron shahri, Ohangaron va Bekobod tumanlaridagi qator ijtimoiy muammolar ham oʻz yechimini topdi.

Birgina Ohangaron tumanida 9 ta yangi bogʻcha, 3 ta maktab va 3 ta tibbiyot muassasasi qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy - joyga muhtojlarga qariyb 1 mlrd. soʻm boshlangʻich badallarning toʻlanishi taʼminlandi. Yillar davomida eʼtiborsiz qolgan “Eyvalek” mahallasida abgor ahvoldagi 18 ta koʻp qavatli uy toʻliq taʼmirdan chiqarildi, istirohat bogʻi, stadion va bolalar oʻyingohi, zamonaviy savdo majmuasi barpo etildi.

Moʻynoq tumanida bevosita prokuraturaning saʼy -harakatlari bilan zamonaviy oʻquv markazi, kutubxona, hammom, avtostansiya, issiqxona, qishloq vrachlik punkti, qariyb 100 oʻringa va eng zamonaviy sharoitlarga ega maktabgacha taʼlim muassasasi qurilib ishga tushirildi, 10 dan ziyod yakka-yolgʻizlarga alohida uylar qurilib topshirildi. Sport maydonchalari, qabriston va «Jantemir Eshon» maqbarasi toʻliq taʼmirlandi.

Tumanda barpo etilgan gilam korxonasini qurishga yangicha qarashlar asosida yondashildi. Yaʼni, ushbu korxona oʻnlab moʻynoqlik yoshlar uchun nafaqat ish joyi, balki barcha qulayliklarga ega boʻlgan yashash manzili hamdir.

Shuningdek, 22 ta suv tozalovchi uskuna oʻrnatilib, tuman aholisiga toza ichimlik suvi yetkazildi. Jami 25 km.lik qarovsiz kanallar qayta tiklanib, 800 gektarlik koʻlga suv tortib kelindi va baliq yetishtirish yoʻlga qoʻyildi.

Pandemiya sharoitida ehtiyojmand oilalar bilan ishlash prokurorlar sektorlari faoliyatining ham ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi.

Bugungi kunda prokurorlar sektorlaridagi 143 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama koʻmak koʻrsatish, xususan, ularni moddiy taʼminlash, aʼzolarini ishga joylashtirish va tadbirkorlikka jalb etish boʻyicha xodimlarimiz mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda tunu kun mehnat qilmoqda.

Natijada qisqa muddatda mazkur oilalarning qariyb 47 mingtasi yoki 32 foizdan ortigʻi mahalliy Kengashlar qarorlari asosida ehtiyojmandlar roʻyxatidan chiqarildi.

Beshinchidan, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida prokuror nazorati keskin kuchaytirildi.

Ichki ishlar organlari, Milliy gvardiya va boshqa tuzilmalar bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv ishlarining kuchaytirilishi natijasida qidiruvdagi 2.459 nafar shaxs ushlandi.

Mahalla va oilalarda osoyishtalikni taʼminlash, nizo va ziddiyatlarni bartaraf etish boʻyicha hamkor tuzilmalar bilan amalga oshirilgan ishlar samarasi oʻlaroq, joriy yilning 7 oyida mamlakatdagi mahallalarning qariyb 60 foizida jinoyat qayd etilmadi.

Oltinchidan, prokurorlarning sudlardagi ishtiroki qonun ustuvorligini taʼminlash, inson, davlat va jamiyat manfaatlariga hamohang ravishda samaradorlik jihatidan yangi bosqichga olib chiqilmoqda.

Xususan, bir yil ichida sudlarda qariyb 102 mingta ish koʻrilishida prokuror ishtiroki taʼminlandi.

Bekor qilingan sud qarorlarining 4.185 tasi yoki har uchinchisi aynan prokuror protestlari asosida qonunga muvofiqlashtirildi.

Prokurorlar tashabbusi bilan 71 nafar shaxsga oqlov hukmlari chiqarildi.

Sud amaliyotidagi mavjud boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida Oliy sud Plenumining 133 ta qaroriga berilgan takliflarimiz inobatga olindi.

Yettinchidan, murojaatlar bilan ishlash ham yangicha yondashuv asosida yoʻlga qoʻyildi.

Murojaatlar dastlab joylardagi prokuraturalarda uzil-kesil hal etilmoqda.

Ular yuqori prokuraturalarda hal etilsa, quyida yechim topmaganligining sabablari oʻrganilib, tegishli choralar koʻrilmoqda.

Bir yil davomida kelib tushgan 457 mingdan ortiq murojaatning 265 mingga yaqini bevosita prokuratura organlarida hal etilgani, bevosita qabulda boʻlgan qariyb 252 ming nafar fuqaroning murojaatidagi masalalar oʻz yechimini topgani ana shu choralar samarasidir.

Sakkizinchidan, Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish, byudjet mablagʻlari talon-toroj qilinishining oldini olish choralari koʻrildi. Hamkor tuzilmalar bilan olib borilgan ishlar natijasida 2019-yilning 2-yarmi va joriy yilning oʻtgan davrida 2.400 tadan ziyod maʼmuriy huquqbuzarlik va 3.400 taga yaqin jinoyat fosh etildi. Xususan, 357 ta soliqdan boʻyin tovlash bilan bogʻliq jinoyatlar aniqlanib, jami 1.662 mlrd. soʻm qoʻshimcha soliq hisoblandi va 623,7 mlrd. soʻmi byudjetga undirildi.

Majburiy ijro byurosi organlari saʼy-harakatlari bilan foydalanilgan energiya resurslari uchun 2018-yilga nisbatan 2019-yilda 9 trln. soʻm yoki 32 foizga koʻp mablagʻ undirilib, bu koʻrsatkich 37 trln. soʻmni tashkil qildi. Tabiiy gazdan foydalanishdagi 41 mlrd. soʻmlik talon-torojliklar aniqlanib, 33 mlrd. soʻmi, qariyb 2 mln.ta ijro hujjati boʻyicha davlat foydasiga 7,3 trln. soʻm undirildi.

Albatta, qilingan ishlar toʻgʻrisida koʻp gapirish mumkin. Biroq, tizimimizni haqiqiy “Xalq prokuraturasi”ga aylantirish yoʻlida hali oldimizda bartaraf etilishi lozim boʻlgan dolzarb masalalar, faoliyatimizda esa kamchiliklar koʻp.

Asosiysi, Davlatimiz rahbarining tizimimizga bildirayotgan yuksak ishonchi, fidoyi xodimlarimizga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligi biz uchun avvalo, yuksak masʼuliyat ekanligini chuqur his etamiz.

Ana shunday ishonchga, mustaqil davlatga, oliyjanob xalqimizga munosib boʻlish, uning roziligi yoʻlida ishlash esa, har bir prokuratura xodimi uchun muqaddas burch va yuksak sharafdir.

Faqat halol va fidokorona mehnat, oʻz manfaatlarini el-yurt manfaatlari bilan uygʻun his etish, taqdirini Vatan taqdiri bilan bogʻliq koʻrish ana shu burchni ado etishga xizmat qiladi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, keyingi paytlarda roʻyobga chiqarilgan choralar tufayli shakllanib borayotgan salohiyatli jamoamiz bunga qodirdir.

Nigʻmatilla Yoʻldoshev,
Oʻzbekiston Respublikasi

Bosh prokurori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?