Qonun ustuvorligi — adolat mezoni

12:11 08 Yanvar 2019 Jamiyat
742 0

Arxiv foto

2018 yilda Prokuratura organlari oʻz vazifasini nechogʻli bajara oldi?

Jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish bugun har qachongidan dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, roʻyobga chiqarilayotgan aniq chora-tadbirlar xalqimiz manfaatlarini kafolatlashga xizmat qilmoqda. Buni odamlar turmush darajasi yuksalib borayotgani misolida ham yaqqol koʻrib turibmiz.

Binobarin, davlatimiz rahbari, avvalo, xalqni rozi qilish uchun bor imkoniyatni ishga solish ­kerakligi, “kabinetda oʻtirib buyruq berish” amaliyotiga chek qoʻyib, oddiy odamlar orasiga kirib borish, ularning dardi va muammolarini eshitib, ularni hal etish choralarini koʻrishga jiddiy eʼtibor qaratgan edi.

Natijada bugungi islohotlarga nisbatan odamlarning oʻy-qarashlari, fikrlari oʻzgardi, ertangi kunga ishonchi ortdi. Turli soha vakillarining oʻz ishiga, ­vazifasiga boʻlgan munosabati oʻzgardi.

Bularni jam qilib, mamlakatimiz adolatli jamiyat barpo etishga kirishdi, deyish mumkin. Biz uchun eng muhimi ham aslida shu edi.

Xoʻsh, bu jarayonda Bosh prokuratura va uning quyi tuzilmalari oʻrni qanday boʻlmoqda? Prokuratura oddiy odamlarni himoya qiladigan xalqchil organga aylana oldimi? Umuman, mazkur organ tomonidan oʻtgan davrda qanday ishlar amalga oshirildi?

Yangicha yondashuv va zamonaviy talablar

Islohotlarni hayotga izchil tatbiq etishda Prezidentimiz tomonidan prokuratura organlariga koʻplab dolzarb va masʼuliyatli vazifalar topshirilgan edi. Shundan kelib chiqib, yakunlangan yilda prokuratura organlari oʻz faoliyatini yangicha yondashuv va zamonaviy talablar asosida yoʻlga qoʻydi. Asosiy eʼtibor qonun buzilishi oqibatlarini emas, balki tizimli muammo hamda kamchiliklarni aniqlab, ularni bartaraf etishga qaratildi.

Oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilganda, tizim faoliyatini takomillashtirishga doir qator huquqiy hujjatlarning qabul qilinganini alohida eʼtirof etish joiz. Xususan, tegishli hujjatlar asosida Bosh prokuratura va viloyat prokuraturalari tashkiliy-shtat tuzilmalari oʻzgartirilib, yangi 13 ta ixtisoslashtirilgan ­boshqarma va boʻlim tashkil etilgani, Agrosanoat kompleksida qonuniylikni, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha Bosh prokuratura huzurida Inspeksiya tuzilgani, Bosh prokuratura huzuridagi Departament tashkiliy tuzilmasi takomillashtirilib, faoliyat sohasi kengaytirilgani va yangi-yangi muhim vazifalar belgilab berilgani shular jumlasidandir.

Qolaversa, hududlarni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish maqsadida alohida tuzilmalar — Bosh prokuraturada Moʻynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha mustaqil boshqarma, Xorazm viloyatida qishloq xoʻjaligiga ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etildi. Jinoiy-huquqiy statis­tika tizimini yuritish prokuratura ixtiyoriga oʻtkazildi, bu masalaga mutasaddi alohida boshqarma va boʻlimlar ochildi.

Oʻtgan yilda prokuratura organlari bayrogʻi va gerbi tasdiqlangani biz, prokuratura xodimlariga katta gʻurur va iftixor bagʻishlab, bu tizimda ishlayotgani, xalqimizga xizmat qilayotgani ularda sharaf tuygʻusini yanada kuchaytirdi. Albatta, prokuraturadagi oʻzgarishlar haqida koʻp gapirishimiz mumkin, asosiysi, xodimlarning dunyoqarashi oʻzgarib, islohotlarga masʼul­iyat hissi tobora ortmoqda.

2018 yilda Bosh prokuratura rahbariyati boshchiligida ishchi guruhlar hududlarga borib, investitsiya loyihalarini roʻyobga chiqarish, umuman, joylardagi muammolarni hal etish boʻyicha amaliy choralar koʻrildi. Raqamlarda aytadigan boʻlsak, ishchi guruhlar tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda 230 dan ortiq dolzarb ahamiyatdagi topshiriqlar bajarilmagani aniqlanib, ularning ijobiy hal etilishi taʼminlandi.

Jumladan, 144 ta tadbirkorlik subyektiga 114,5 mlrd. soʻm, 2,3 mln. yevro va 281,3 mln. AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻlari ­ajratilishida hamda 26 mlrd. soʻm, 1,9 mln. dollar va 2,5 mln. yevro miqdoridagi kredit mablagʻlarining qaytarish muddatini uzaytirishda amaliy yordam koʻrsatildi. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish uchun 1121 gektar yer maydoni ajratildi, 126 ta qishloq xoʻjaligi texnika va agregati, 4 ta ekskavator, 9202 dona maishiy gaz baloni, uni tashishga moʻljallangan 19 ta “ISUZU” rusumli avtotransport vositasi hamda 74 turdagi tibbiy jihozlar yetkazib berilishi taʼminlandi.

16 853 tadbirkorning huquqi tiklandi

Ijtimoiy sohadagi muammolarni hal etish, avvalo, yangi ish oʻrinlari yaratish, fuqarolarga ish topib berish aholi daromadlarini oshirishga bogʻliqligini barcha yaxshi anglashi zarur. Shu jihatdan, yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi bandligini taʼminlash, umuman, iqtisodiy oʻsishning asosiy sharti — tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish borasidagi vazifalar ijrosi bilan bogʻliq. Bu borada prokurorlar tadbirkorlar, xorijiy investorlar bilan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolarni oʻrganish, aniqlangan kamchiliklarni amalda hal etib berish choralari koʻrildi.

Misol uchun, Xitoy, AQSH, Germaniya, Turkiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Hindiston kabi rivojlangan davlatlar yirik xorijiy kompaniyalari vakillarining respublikamiz barcha hududiga tashriflari uyushtirilib, ularga hududlarning investitsion imkoniyatlari namoyish etildi, mahalliy tadbirkorlar va masʼul idoralar oʻrtasida uchrashuvlar oʻtkazilgani ayni muddao boʻldi. Ana shunday tadbirlarda 200 dan ortiq investorlar ishtirok etib, tashriflar natijasida 77 nafari bilan 1 mlrd. AQSH dollaridan ziyod kelishuvlarga erishildi. Bosh prokuratura tomonidan Toshkent viloyatida 479,7 mln. dollarlik 23 ta loyihani amalga oshirish choralari koʻrildi. Natijada hozirgi kunga qadar 66,8 mln. AQSH dollari miqdoridagi mablagʻlar oʻzlashtirildi.

Mazkur yoʻnalishga oid yana bir dolzarb masala — boʻsh turgan obyekt­lardan samarali foydalanish. Bu ­borada Fargʻona viloyati misolida boʻsh turgan obyektlarni inventarizatsiyadan oʻtkazish va ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish boʻyicha ish olib borildi. Keyinchalik mazkur tajriba boshqa viloyatlarga ham joriy etildi.

Natijada boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida jami 8 trln. 973 mlrd. soʻm va 272 mln. AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritish hamda 94 ming ish oʻrinlari yaratishni koʻzda tutuvchi 12 080 ta investitsiyaviy loyiha ishlab chiqildi. ­Egasiz, deb topilgan 325 ta obyekt davlat ixtiyoriga qaytarilib, jismoniy va yuridik shaxslarga tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun ajratildi. Pirovardida 2041 boʻsh turgan obyekt xoʻjalik faoliyatiga jalb etilib, 7256 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Umuman olganda, bu yilgi faoliyatimizda tadbirkorlarning huquqiy himoyasini taʼminlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishga qaratilgan qonunlar ijrosi doimiy nazoratga olindi. Koʻrilgan tadbirlar natijasida 16 853 tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklandi, mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 2 889 nafarining esa faoliyati tiklanishiga erishildi.

Mamlakat taqdiri bugun yoshlarga qay darajada eʼtibor berilayotgani, ularning iqtidori va salohiyatini ­namoyon etishlari uchun qanchalik ­sharoit yaratilayotgani, taʼlim-tarbiya masalalari qay darajada tashkil etilganiga bogʻliq, albatta.

Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi navqiron avlod vakillari huquqlari va manfaatlarini himoya qilishda juda katta qadam boʻldi. Bu tarixiy ahamiyatga ega hujjat ijrosini taʼminlashda prokurorlar ham faol ishtirok etdi.

Jumladan, prokuratura organlari koʻmagida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda 5100 dan ortiq ishchi guruhlari tashkil etilib, yoshlarning muammolarini aniqlash va amalda hal etish choralari koʻrildi. Aniqlangan kamchiliklarning 77,5 mingtasi yechimini topdi, shu jumladan, 44,5 ming nafar yoshlar ishli boʻldi, 3,4 ming nafari kasanachilikka jalb etildi. 4,6 ming nafariga 10,1 ming gektar yer maydoni ajratilib, 305 nafari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun bino bilan taʼminlandi.

Joylarda 109 ta “Yoshlar mehnat guzari” tashkil etildi, 18 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagidagi yoshlarga 375,7 mlrd. soʻm kredit ­ajratilishida koʻmaklashildi.

“Kabinetda oʻtirib” nazorat qilish tizimidan voz kechildi

Yakunlangan yil koʻplab istiqbolli loyihalarning amalga oshirilishi bilan ham gʻoyatda ahamiyatli boʻldi. Ijtimoiy sohadagi loyihalar roʻyobida prokuratura organlari chetda tomoshabin boʻlib turmadi. Chunonchi, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Ochigʻi, bu masalada prokurorlarga “kabinetda oʻtirib” nazorat qilish emas, balki ishlarni joyida tashkil etishga koʻmaklashish, masʼul idoralar tizimli ishlashini taʼminlash, muammolarni hal etishda amaliy yordam berish topshirildi. Shu asosda bu dasturlar ijrosini taʼminlashda prokurorlarimiz ham munosib hissa qoʻshdi.

Toshkent shahar hududidan oqib oʻtuvchi kanal va kollektorlar atrofini tartibga keltirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etilib, qirgʻoq boʻyidagi 1320 ta noqonuniy qurilma buzilishi hamda 153 km. uzunlikdagi kanallar tozalanishiga, 159 ta tumandagi 417 ta qishloq hamda 41 tuman va shaharlardagi 105 ta mahallada uy-joylar, yoʻllar, infratuzilma obyektlarini yangidan qurish va taʼmirlashda koʻmaklashildi.

Manzilli dasturga kiritilgan 1340 ta ijtimoiy soha obyektining belgilangan muddatlarda qurilishi, rekonstruksiya va kapital taʼmirlanishi hamda foydalanishga topshirilishi, byudjet mablagʻlarining maqsadli sarflanishi ustidan tizimli prokuror nazorati oʻrnatildi. Ishchi guruhlar tomonidan 13 398 ta monitoring tadbiri oʻtkazilib, 420 ta holatda 8,4 mlrd. soʻmlik sifatsiz ishlar bajarilgani aniqlangani va kamchiliklar bartaraf etilgani ana shundan dalolat beradi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha katta kuch safarbar etilgan. Bu esa moʻynoqliklar hayotiga oʻzgacha mazmun olib kirdi. Bunda Bosh prokuratura qoshida Moʻynoq tumanini rivojlantirish boʻyicha alohida boshqarma tashkil qilingani katta ahamiyat kasb etdi. Hozir ushbu ­boshqarma tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda tumanda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish oʻrinlari yaratish maqsadida 79 ta loyiha ­ishlab chiqildi. Orol dengizi ­qirgʻoqlarida “yashil qalqon” barpo qilish uchun ­ommaviy saksovul ekish tadbiri tashkil etilib, 2 976 gektariga oʻsimlik ekilishi taʼminlandi.

Tumanning arxitektura va shaharsozlik qiyofasini tubdan yaxshilash maqsadida Bosh reja loyihasi ham ishlab chiqildi. Ushbu loyiha boʻyicha tumanda jami 20 ta, shu jumladan, 2019 yilda 10 ta, 2020 yilda 10 ta koʻp qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhimlaridan yana biri — soliq konsepsiyasini samarali amalga oshirish hisoblanadi. Bu borada qonunlar ijrosini aniq va bir xilda tashkil etish, qonunga itoatkor soliq toʻlovchilar huquqlarini himoya qilish, “xufiyona” iqtisodiyotga barham berish orqali soliq bazasini kengaytirish, byudjetga tushumlar koʻpaytirilishini taʼminlash prokuratura xodimlarining ustuvor vazifasidir. Shu maqsadda Bosh prokuraturada alohida boshqarma, viloyat prokuraturalarida esa tegishli boʻlimlar tashkil etildi.

Qoʻyilgan vazifalar ijrosiga masʼul Bosh prokuror oʻrinbosari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorlari oʻrinbosarlari, tuman-shahar prokurorlari oʻrinbosarlari va yordamchilari lavozimlari joriy qilindi.

Bu oʻzgarishlar bugungi kunda oʻz samarasini bermoqda. Yaʼni tegishli idoralar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlar natijasida jami 3,3 trln. soʻmlik qoʻshimcha manba aniqlanib, 2,6 trln. soʻmi undirildi, 66 094 ta subyektning faoliyati qonuniylashtirildi, 6 932 tasi qayta roʻyxatga olinib, 13 335 tasining ­faoliyati qayta tiklandi.

Qishloq xoʻjaligi sohasi — iqtisodiyotimizning muhim tarmogʻi. Shu bois keyingi yillarda ushbu yoʻnalishda ham katta oʻzgarishlarga qoʻl urildi. Agrosanoat kompleksida qonuniylikni va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash maqsadida Bosh prokuratura huzurida sohaga masʼul alohida Inspeksiya tuzildiki, bu ham yaxshi yangiliklardan biri boʻldi.

Prokurorlar va inspeksiya xodimlari tomonidan qishloq xoʻjaligining barcha yoʻnalishida nazorat tadbirlari oʻtkazib borildi, fermerlar huquqlarini himoya qilish, agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida va ­sifatli oʻtkazish, umuman, sohada qonuniylikni taʼminlash choralari koʻrildi.

Misol uchun, nazorat tadbirlari davomida fermer xoʻjaligi ishchi-xodimlarining 9 mlrd. 392 mln. soʻmlik ish haqlari, 3 mlrd. 749 mln. soʻmlik debitor qarzdorliklari undirib berilishi taʼminlandi, dehqon va fermer xoʻjaliklari manfaatlarini koʻzlab sudlarga 54 mlrd. soʻmlik 1 972 ta ariza kiritildi. Koʻrilgan choralar natijasida 5574 nafar shaxs­ning buzilgan huquqlari tiklandi.

“Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi: natijalar qanday?

Sir emas, yurtimizda “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasini tatbiq qilish masalasi ustuvorlik kasb etmoqda. Bu Oʻzbekistonni xavfsiz va tinch hududga aylantirish, fuqarolarimizning osoyishta hayot kechirishi, jinoyatchilikka qarshi kurashni mutlaqo yangi va zamonaviy talablar asosida tashkil etishda gʻoyat muhim. Oʻtgan yili asosiy eʼtibor huquqbuzarlik yoki jinoyat oqibatiga emas, balki ularni barvaqt aniqlab, bartaraf etishga qaratildi.

“Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi joriy etilgani ham bu borada katta qadam boʻldi. Poytaxtda tashkil qilingan uch smenalik xizmatda prokuratura xodimlari ham grafik asosida ish olib bormoqda. Umuman, soʻnggi ikki yil mobaynida huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida boshlangan islohotlar oʻz natijalarini koʻrsata boshladi. Jinoyatchilikning pasayish tendensiyasi kuzatilyapti.

Eʼtibor bering, Hamdoʻstlik ­davlatlaridagi vaziyat bilan solishtirsak, har 100 ming aholiga jinoyatlar soni 2017 yilda Oʻzbekistonda 228 tani tashkil etgan. Bu koʻrsatkich Tojikistonda 249 ta, Qirgʻizistonda 447 ta, Qozogʻistonda 1 754, shuningdek, Ozarbayjonda 265, Armanistonda 681, Belarusda 909, Rossiyada 1 402 tani tashkil qiladi.

Tan olish kerak, amaliyotda jinoyatlarni hisobdan yashirish, statistikani buzib koʻrsatish holatlari dolzarb muammo boʻlib kelgan. Ayni paytda davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida Ichki ishlar vazirligi Axborot markazini Bosh prokuratura ixtiyoriga oʻtkazish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, Prezidentimizning tegishli hujjatiga binoan, Bosh prokuratura huzurida Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi, viloyatlarda uning boʻlimlari tashkil etildi. Jinoyatlar hisobini yuritishda shaffoflikni taʼminlash maqsadida “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi ishlab chiqilib, 1 martdan toʻliq ishga tushirilishida katta maʼno bor. Zero, bu tizim jinoyatlarni hisobga olishda inson omilini butunlay istisno qiladi hamda qator vazifalarni innovatsion yoʻl bilan hal etish imkonini beradi.

“Xufiyona” iqtisodiyotga oʻrin yoʻq

Inson — qadri ulugʻ. Shu maʼnoda, tergov va surishtiruv faoliyati ustidan nazoratga eʼtibor qaratilib, bu jarayonda inson huquqlari buzilishining oldini olish choralari koʻrilmoqda. Prokuratura tergovchilari tomonidan 7 434 ta jinoyat ishi tergov qilindi, aniqlangan 1,5 trln. soʻmlik zararning 1,4 trln. soʻmi undirilishi taʼminlandi. Tizim xodimlari tomonidan surishtiruv va dastlabki tergov organlarining 10 mingdan ortiq qarorlari bekor qilindi, 53 mingdan ziyod yozma koʻrsatmalar berildi.

Jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritishda fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilish, sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlashga koʻmaklashish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 5 323 ta sud qarori prokurorlar protestiga asosan qonunga muvofiqlashtirildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti organlari faoliyatida ham jonlanish kuzatildiki, buni ushbu raqamlar ham tasdiqlaydi. Oʻtgan yili Byuro tomonidan isteʼmolchilarga yetkazib berilgan energiya resurslari va ichimlik suvi uchun 35,9 trln. soʻm, ijro hujjatlari boʻyicha 24,5 trln. soʻm mablagʻlar undirildi.

Departament xodimlari esa “xufiyona” iqtisodiyotga barham berishda jonbozlik koʻrsatishdi. Valyuta sohasida noqonuniy muomaladagi 3,4 mln. AQSH dollari va 37,8 mlrd. soʻm olib qoʻyildi, 847 mlrd. soʻm mablagʻlar byudjetga qoʻshimcha hisoblandi.

Umuman olganda, qoʻlga kiritgan yutuqlar oʻzimizniki. Ammo unga mahliyo boʻlib qolish katta xatodir. Shu bois jamiyatda har sohada, har tarmoqda prokuror nazoratini oʻrnatgan holda, adolatni qaror toptirish ­bizning asosiy vazifamiz boʻlishi kerak. Zero, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, odamlar hamma narsaga chidashi mumkin, adolatsizlikka chiday olmaydi.

Joriy — 2019 yilda oldimizda bir qator vazifalar bor. Buni, eng avvalo, Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida tashkil etamiz. Qolaversa, yilning “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb eʼlon qilingani munosabati bilan barcha tadbirning aniq va soʻzsiz bajarilishini taʼminlashga astoydil harakat qilamiz. Bu bizning kasbiy burchimiz. Unga sodiq boʻlish esa, xalqni rozi qilish, Vatanni sevish, jamiyatga munosib hissa qoʻshish bilan barobardir.

Erkin YOʻLDOSHЕV, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori oʻrinbosari, adliya katta maslahatchisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?