Qonun ratifikatsiya qilindi

15:08 28 Iyun 2018 Siyosat
448 0

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi davom etmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Tojikiston Respublikasi harbiy yuklari va harbiy tarkibining O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tishi to‘g‘risidagi Bitimni (Dushanbe, 2018 yil 9 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ma’qullandi.

Qonunda 2018 yil 9 mart kuni Dushanbe shahrida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasida Tojikiston Respublikasi harbiy yuklari va harbiy tarkibining O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit o‘tishi to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish nazarda tutilgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali Tojikiston Respublikasining harbiy yuklari va harbiy tarkibining tranzit o‘tishi tartibi va shartlari belgilangan.

Avtomobil va temir yo‘l transporti, shuningdek, havo kemasida tashib o‘tiladigan yuk va harbiy tarkib O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq chegara va bojxona nazoratidan o‘tishi hamda rasmiylashtirilishi lozim. Tranzit yuk bojxona bojlari va soliqlarga tortilmaydi. Tranzit tashib o‘tish O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan beriladigan bir martalik ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?