Qonun loyihasida davlat tili bilan bogʻliq qanday yangiliklar joriy qilinmoqda?

11:07 22 Oktyabr 2020 Jamiyat
169 0

Til millat qiyofasining bir boʻlagi hisoblanadi. Dunyodagi barcha xalqlarni ham oʻzining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bogʻliq. Maʼlumotlarga koʻra, har ikki haftada bitta til yoʻqolib bormoqda.

Toʻgʻri, avvallari ham tillar paydo boʻlgan, muomalada boʻlib, maʼlum vaqtdan soʻng yoʻq boʻlib ketgan. Lekin hozirgidek tillarning jadallik bilan yoʻqolishi tarixda kuzatilmagan. Yoʻqolib ketish xavfida boʻlgan tillarning saqlab qolish yoʻlida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma-xilligini taʼminlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi, sayyoramizda yashayotgan xalqlarning oʻtmishi va madaniyati hurmat qilinadi.

Har bir xalq, har qaysi mustaqil davlat oʻz milliy manfaatlarini taʼminlash, bu borada avvalo oʻz madaniyatini, azaliy qadriyatlarini, ona tilini asrab-avaylash va rivojlantirish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratishi tabiiydir.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda barcha sohada boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz berdi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi «Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Farmoniga muvofiq oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun – 21-oktyabr sanasini “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilindi.

Davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohada jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish, davlat tilining amal qilishi bilan bogʻliq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish boʻyicha takliflar tayyorlash maqsadida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi.

Prezidentimizning 2020-yil 20-oktyabr kungi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan davlat tili sifatida oʻzbek tilini oʻrganish uchun shart-sharoitlar yaratish, oʻzbek tili va til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalish va vazifalari hamda istiqboldagi bosqichlari belgilandi.

Albatta, qonunchilik jarayoni, yaʼni normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlarida oʻzbek tili imkoniyatlaridan foydalanish borasida muayyan kamchilik va xatoliklar uchrab turadi. Koʻp holatlarda fuqarolarimiz tomonidan qonunlar tushunarsiz tilda yozilgani va uni tushuna olmayotganliklarini maʼlum qilinadi.

Amaliyotda ayrim holatlarda jamoatchilik muhokamasiga normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiquvchilar tomonidan loyihalarning davlat tilidagi matnini qoʻymaslik holatlari ham mavjud edi. Shu sababli jamoatchilikda “bizda qonunlar dastlab boshqa tilda yozilib soʻngra oʻzbek tiliga tarjima qilinadi”- degan tushunchalar shakllanishiga olib keldi.

Bildirilayotgan eʼtirozlarni inkor etmagan holda aytish kerakki, hozirda parlament faoliyatida davlat tilini rivojlantirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish masalalari eng ustuvor vazifa hisoblanadi.

Bugungi kunda Qonunchilik palatasida ikkinchi oʻqishga tayyorlanayotgan “Normativ huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasida qonun hujjatlari loyihalari davlat tilida tayyorlanishi mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, tayyorlangan normativ-huquqiy hujjat loyihasi ushbu hujjatni qabul qilish huquqiga ega boʻlgan organga davlat tilida kiritilishi hamda davlat tilida qabul qilinishi nazarda tutilmoqda. Zaruriyat boʻlgan hollarda normativ-huquqiy hujjatning boshqa tillarga tarjimasi bilan qabul qilinadi.

Davlat tilidagi normativ-huquqiy hujjat matni bilan uning boshqa tildagi matni oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda, normativ-huquqiy hujjatning davlat tilidagi matni qoʻllanilishi kafolatlanmoqda.

Jahongir SHIRINOV,
Sherzod TOʻXTASHEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?