Qonun loyihalarida tadbirkorlar manfaatlari aks etmoqda

11:38 08 May 2018 Siyosat
1468 0

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari muhokama qilindi.

Dastlab deputatlar Prezidentimizning har tomonlama pragmatik hamda oqilona tashqi siyosati natijasida O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va roli tobora yuksalib borayotganini alohida qayd etdilar. Xususan, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning qisqa muddat ichida yurtimizga ikkinchi marotaba tashrifi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisidagi nutqi barcha soha qatori ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishi e’tirof etildi.

Yig‘ilishda deputatlar, shuningdek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi davlatimiz rahbarining 2017 yil 10 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan. 

Unga ko‘ra, “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”, “Notariat to‘g‘risida”, “Xorijdan mablag‘ jalb qilish to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli takliflar asosida o‘zrgartish kiritish hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Byudjet kodekslariga o‘zgartishlar kiritish taklif qilinayapti. Masalan, “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga Hisob palatasi zimmasiga birja bitimi to‘g‘risidagi axborotlarning taqdim etilishi bilan bog‘liq qoidani kiritish masalasi ilgari surilmoqda.
Fraksiya a’zolarining fikricha, taklif qilinayotgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalar orqali Hisob palatasining faoliyatini tartibga solish bilan bog‘liq hujjatlarda belgilab berilgan uning asosiy vazifalari va funksiyalari boshqa qonun hujjatlarida ham aks ettirilishi ta’minlanadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 27-moddasiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jumladan, Iqtisodiy protsessual kodeksning normalarini Fuqarolik kodeksi hamda “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunning normalariga muvofiqlashtirish maqsadida uning 27-moddasiga iqtisodiy sudlarning sudloviga yakka tartibdagi tadbirkor maqomini yo‘qotgan jismoniy shaxslarni ham, agar pul majburiyatlari va majburiy to‘lovlar bo‘yicha majburiyatlar avvalgi tadbirkorlik faoliyatidan kelib chiqqan bo‘lsa, bankrot deb topish to‘g‘risidagi ishlar taalluqli ekanligini kiritish taklif qilinmoqda.

Deputatlar mazkur masalaning O‘zLiDeP uchun ahamiyatli jihatlariga to‘xtalib, partiya mulkdorlar, tadbirkorlar, fermer hamda ishbilarmonlar huquqlari va manfaatlarini ishonchli muhofaza etishni ta’minlovchi qonunchilik me’yorlari hamda huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish tarafdori ekanini alohida ta’kidladilar.
Yig‘ilishda kun tartibiga kiritilgan boshqa qonun loyihalari ham atroflicha muhokama etildi, ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Z. ASHUROVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?