Qonun ijrosiga eʼtiborsiz qarayotgan vazirlik tanqid qilindi

03:54 28 Fevral 2019 Siyosat
346 0

Illyustrativ foto

Kecha parlament yuqori palatasida qoʻmitalar va Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyaning majlislari boʻlib oʻtdi. Ularda yalpi majlis muhokamasiga kiritilayotgan bir qator masalalar koʻrib chiqildi.

Xususan, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi majlisida “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning Moliya vazirligi tomonidan ijro etilishini oʻrganish natijalari tahlil qilindi.

Sugʻurta faoliyati moliya bozorining bir qismi sifatida yurtimiz iqtisodiyoti rivojida muhim oʻrin tutadi. Shu bois sugʻurta xizmatlari hajmini oshirish, ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini yuksaltirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti.

Bugungi kunda respublikada sohaning turli yoʻnalishlarida faoliyat koʻrsatayotgan 30 ta sugʻurta kompaniyasi mavjud boʻlib, ular tomonidan oʻtgan yil mobaynida toʻlangan sugʻurta toʻlovlari hajmi 461,1 milliard soʻmni tashkil etib, 2017 yildagiga nisbatan 71 foiz oshgan. Sugʻurta kompaniyalarining investitsiyalari hajmi esa 2 trillion soʻmni tashkil qildi.

Oʻrganish jarayonida mazkur hujjatning ijrosiga masʼul vakolatli organ — Moliya vazirligi tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan toʻlovga qobiliyatlilik normativlarini hamda ularni aniqlash tartibiga oid zarur meʼyorlarni ishlab chiqish kabi masalalarga sustkashlik bilan qaralmoqda. Ayniqsa, sugʻurta bozori professional ishtirokchilari sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etishi va toʻlovga qobiliyatlilikning belgilangan meʼyorlari hamda moliyaviy barqarorlikning boshqa talablari bajarilishini nazorat qilish kabi masalalar masʼullar eʼtiboridan chetda qolib ketyapti.

Buning oqibatida sugʻurtalanuvchilar yoki sugʻurta obyektlariga nisbatan noqonuniy talablar qoʻyish orqali obyektni sugʻurtalash holatlari yuzasidan haqli eʼtirozlar bildirilmoqda. Mavjud muammolar oʻz vaqtida bartaraf etilmagani bois respublikada bozor tamoyillari asosida sugʻurta bozorining jadal rivojlanishi taʼminlanmagan, aholi va tadbirkorlik subyektlarining sugʻurta bozoriga nisbatan ishonchi past darajada qolayotir.

Majlisda mamlakat sugʻurta tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish, ushbu sohani yanada rivojlantirish borasida bir qator asosli taklif va tavsiyalar bildirildi.

Muhokama etilgan masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Munisxon Karimova (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?