Qonun ijodkorligi faoliyati tobora xalqchil va hayotiy ahamiyat kasb etmoqda

12:09 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
789 0

Har bir fuqaro har kuni biron-bir huquq normasiga toʻqnash keladi. Huquq normalari qanchalik samarali boʻlsa, hayot va turmush farovonligi oshadi. Har jihatdan pishiq, puxta tayyorlangan qonunlarda hayotiy va xalqchil tamoyillar ustuvor ahamiyat kasb etsa, uni amaliyotga tatbiq qilish ham samarali kechadi. Aksincha, amalga oshirishning aniq mexanizmiga ega boʻlmagan, faqatgina umumiy masalalarni hal etadigan qonun hujjatlarini qabul qilish amalda koʻplab muammolarni keltirib chiqaradi.

Jarayon

Oʻtgan yili Prezidentimizning Farmoni bilan Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilingan edi. Bu esa norma ijodkorligi faoliyatida yangi davrni boshlab berdi.

Yurtboshimizning ushbu tarixiy Farmoni bugungi kunda yurtimizda barcha sohada olib borilayotgan shiddatli, eng asosiysi, xalqimizni rozi qilayotgan islohotlarga hamohang. Ochigʻini aytish kerakki, mazkur hujjat uzoq yillar davomida shakllangan norma ijodkorligi faoliyatiga baho beribgina qolmay, mavjud muammolar, shu jumladan, koʻpgina masalalar va ularning oqilona yechimini topib berdi.

Xususan, ilgari qonunlar ijtimoiy munosabatlarning eng umumiy jihatlarini tartibga solar, hukumat va idoraviy hujjatlarning qonunga nisbatan yuridik kuchi kamroq boʻlsa-da, aynan ular qonunlarni ishlash mexanizmini belgilab berayotgan hamda harakatga kelishini taʼminlayotgan edi. Amaliyotda esa huquqiy boʻshliqning asosiy qismi ijro hokimiyati hujjatlari bilan toʻldirilardi.

Endilikda konsepsiyada sohada toʻplanib qolgan muammolarni toʻliq bartaraf etish, jumladan, qonunchilik bazasini tizimlashtirish, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmlariga ega qonunlarni qabul qilish, har bir qonun hujjati bahosini aniqlash mexanizmlarini joriy etish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Davlatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida hamda 2019-yilga moʻljallangan Davlat dasturida qonun ijodkorligi faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotda qoʻllanadigan qonunlar qabul qilish lozimligini taʼkidlagan edi.

Shundan kelib chiqib, parlamentning quyi palatasi tomonidan norma ijodkorligi boʻyicha ilgʻor tajribaga ega 20 dan ortiq rivojlangan davlatlar, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya va Turkiya amaliyoti hamda zamonaviy ilm-fan yutuqlari chuqur oʻrganildi va tahlil qilindi. Ularning ijobiy yutuqlari asosida bugungi kunda samarali, xalqchil qonunlarni ishlab chiqish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Faoliyatda nima oʻzgardi?

Qonun ijodkorligi oʻziga xos murakkab usul va vositalar majmuidan iborat boʻlib, jamiyatda huquq normasiga boʻlgan ehtiyojni aniqlashdan to tegishli normativ-huquqiy hujjat kuchga kirib, ijrosi monitoringini amalga oshirishgacha boʻlgan barcha jarayonni qamrab oladi.

Aytish joizki, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining shakllanishida qonunchilikning maqbulligi, mukammalligi, xalqchilligi va samaradorligini taʼminlash muhim ahamiyatga ega. Qisqacha aytganda, jamiyat va davlat taraqqiyoti qonun ijodkorligi faoliyatining sifatiga bogʻliqdir.

Shu sababli, parlament faoliyatida ishlar yangicha yondashuv asosida tashkil etilmoqda. Jumladan, qonun ijodkorligi faoliyati samaradorligini yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilishi natijasida, agar 2015-yilda deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida bor-yoʻgʻi 8 ta, 2016-yilda 11 qonun loyihasi kiritilgan boʻlsa, 2017-yilda 27 ta, 2018-yilda 23 ta va joriy yilning oʻtgan davrida 17 tani tashkil etdi. Milliy parlamentimizda bunday koʻrsatkich avval boʻlmagan.

Yana bir muhim jihat. Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqilgan qonun loyihalari soni oʻrta hisobda qariyb 2,8 baravarga oshdi. Agar 2016-yilda quyi palata 49 ta qonun loyihasini koʻrib chiqqan boʻlsa, 2018-yilda bu raqam 135 tani tashkil etdi. Oʻtgan davr mobaynida palataga kiritilgan 68 ta qonun loyihasi qayta ishlanib, 
60 — 85 foiz oʻzgartirildi.

Parlamentda toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotda qoʻllanadigan qonunlarni tayyorlashga jiddiy kirishildi. 2018-yildagi “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”, “Urugʻchilik toʻgʻrisida”, “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”, 2019-yildagi “Qurol toʻgʻrisida”, “Turizm toʻgʻrisida”, “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”, “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, konsepsiya ijrosi doirasida joriy yilning 26-mart kuni Oliy Majlis palatalarining qoʻshma qarori bilan 2 ta muhim hujjat qabul qilindi.

Xususan, shu vaqtga qadar qonun va qonunosti hujjatlari tarqoq holda yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirib kelingan boʻlsa, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, ularga ilova qilinayotgan axborot-tahliliy materiallarni yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirishning yagona uslubiyoti tasdiqlanishi bilan bu muammolar oʻz yechimini topdi. Ayni paytda mazkur uslubiyot normativ-huquqiy hujjatlarning nafaqat texnik jihatlarini, balki ularda aks etishi zarur boʻlgan tarkibiy qismlarni, shuningdek, hujjatga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallar mazmuniga qoʻyilgan talablarni ham aniq belgilab berdi.

Qabul qilingan yana bir muhim hujjat, bu — toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi qonunlarda tizimlashtirilishi va unifikatsiya qilinishi lozim boʻlgan qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”dir. Unda aksariyat qonunosti hujjatlarini yaxlit qonun shakliga keltirishga qaratilgan 60 ga yaqin qonunlarni qabul qilish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olindi. “Yoʻl xaritasi”da oʻxshash munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirgan holda 2019-yilda 25 ta, 2020-yilda 19 ta va 2021-yilda 17 ta qonun loyihasini qayta koʻrib chiqish nazarda tutilgan. Xususan, Sogʻliqni saqlash, Investitsiya, Ekologiya kodekslarini va boshqa muhim qonunlarni qabul qilish nazarda tutildi. Birgina misol, “Advokatlik faoliyati va advokatura toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi bilan advokatura institutiga oid 2 ta qonun va 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari tizimlashtiriladi. Oʻtgan vaqt davomida Saylov kodeksi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Taʼkidlash joizki, “Yoʻl xaritasi”da umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qoʻllash amaliyotiga taʼsir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qisqartirish kabi muhim masalalar ham qamrab olingan. Shu asosda 200 ga yaqin qonunlar va 500 dan ziyod qonunosti hujjatlari tizimlashtiriladi.

Konsepsiyaning tom maʼnodagi “yuragi”

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish Konsepsiyasining tom maʼnodagi “yuragi” hisoblangan hujjat, shubhasiz, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonundir.

Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, 2012-yilda qabul qilingan, 7 bob, 44 moddadan iborat amaldagi qonun norma ijodkorligi faoliyatini tizimli tashkil etish hamda toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilish mexanizmlariga ega emas. Masalan, bugungi kunda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, kelishish va qabul qilish masalalari 10 ga yaqin turli yuridik kuchga ega boʻlgan qonun hujjatlari bilan tartibga solinmoqda. Birgina 2008 — 2017-yillarda 8 mingdan ortiq hujjatlar qabul qilingan boʻlsa, ularning yarmi bekor qilingan, xususan, 2017-2018-yillarda qariyb 900 dan ziyod hujjatlar toʻliq yoki qisman bekor qilingan.

Kuni kecha “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri Qonunchilik palatasida birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqildi va maʼqullandi. Sohaga oid barcha qonunosti hujjatlarini tizimlashtirgan qonun loyihasi 9 bob va 67 moddadan iborat boʻlib, qonunchiligimizda mavjud boʻlmagan yangi tartib va qoidalar bilan yanada takomillashtirildi.

Xususan, endilikda qonun hujjatlarini qabul qilish asoslari va tartibi, qonunosti hujjatlarining tartibga solish doirasi aniq belgilanmoqda. Unga koʻra, qonun bilan tartibga solinadigan masalalar boʻyicha qonunosti hujjatlarini qabul qilishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy mustahkamlanmoqda.

Shu bilan birga, qonun loyihasida jamoatchilik fikrini oʻrganishga alohida eʼtibor berilayotir. Endilikda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari, majburiyatlariga daxldor, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatiga, atrof-tabiiy muhitga taʼsir qiluvchi loyihalar boʻyicha majburiy jamoatchilik muhokamasi oʻtkaziladi.

Loyihada iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, lingvistik ekspertizalarni oʻtkazish mexanizmlari, korrupsiyaga qarshi ekspertizani oʻtkazish tartibi ham qonun darajasida mustahkamlanyapti.

Tan olib aytish kerakki, hozirgi kunda qonun hujjatlarining mamlakat iqtisodiyoti, fuqarolarning hayoti va turmush tarzi hamda tadbirkorlik subyektlarining faoliyati va ishbilarmonlik muhitini tartibga solishdagi taʼsirchanligi toʻliq baholanmagan. Bu esa fuqarolar va tadbirkorlarga oʻzini oqlamagan moliyaviy xarajatlar, davlat va uning organlari oldida asossiz majburiyatlarni keltirib chiqarmoqda.

Shu bois normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishni rejalashtirish, ishlab chiqish bosqichlarida ularning taʼsirini majburiy baholashni nazarda tutuvchi prinsipial yangi tizim joriy etilayotir. Unga asosan, endilikda har bir normativ-huquqiy hujjatning ijro etilishi, sodda qilib aytganda, “necha pulga tushishi” tahlil qilinadi.

Qonun loyihasida qator yangiliklar boʻlib, ularning barchasi pirovard maqsad — amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlashni takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlashga, tadbirkorlik subyektlarining kafolatlari, himoyasi va qoʻllab-quvvatlashini taʼminlash, ularning fikrlarini toʻlaqonli hisobga olish va “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” prinsipini har tomonlama roʻyobga chiqarishga qaratilgan.

“Mening fikrim” maxsus veb-portali xalqimizga nima bermoqda?

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga Murojaatnomasida qonunlarning yagona manbai va muallifi xalq boʻlishi lozim, degan olijanob gʻoyani ilgari surgan edi. Qonunlar muhokamasiga keng xalq ommasini jalb qilish, buning uchun zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida 2018-yilning 20-aprelida “Mening fikrim” maxsus veb-portali ishga tushirildi. Parlament huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti veb-portalning moderatori etib belgilandi.

Taʼkidlash joizki, “Mening fikrim” veb-portali orqali murojaatni yuborish va uni koʻrib chiqishning juda ham sodda va xalqchil tartibi yoʻlga qoʻyildi. Birgina 2018-yilda veb-portalga fuqarolar tomonidan 2 mingga yaqin jamoaviy murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, joriy yilning shu davrida ular soni 3,5 mingtani tashkil etdi.

Dastlab murojaatlar taalluqliligiga koʻra, Oliy Majlis palatalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan koʻrib chiqilgan boʻlsa, Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi asosida vakolatli organlar doirasi kengaytirildi. Oliy Majlis palatalari Kengashlarining 2019-yil 2-fevraldagi qoʻshma qarori bilan “Mening fikrim” veb-portalida murojaatlarni koʻrib chiqishga vakolatli boʻlgan davlat organlari qatoriga Vazirlar Mahkamasi ham kiritilishi fuqarolar murojaatlarini oʻrganish va hal qilish yoʻlidagi navbatdagi muhim qadamlardan biri boʻldi.

Bu murojaatlarda koʻzda tutilgan takliflarning aksariyat qismini ijro hokimiyati organlariga taalluqli masalalar tashkil etganligi bilan izohlanadi. Kelib tushgan murojaatlar, asosan, taʼlim, qurilish, tadbirkorlik, turizm, cogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik kabi sohalarga oid masalalardir. Ular asosida yetarli ovoz toʻplagan 200 dan ziyod jamoaviy murojaatlar veb-portalga joylashtirildi.

Murojaatlarning amaliy ifodasi sifatida joriy yilda Navoiy shahrida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining filiali ochildi, sirtqi taʼlim shaklida oʻqiyotgan talabalarning toʻlov-kontrakt summalarini kamaytirish toʻgʻrisidagi murojaatlar yuzasidan Hukumat tomonidan fuqarolarning takliflari inobatga olinib, ijobiy qarorlar qabul qilindi.

Ayni paytda vaqtni teskari hisoblovchi svetoforlarni oʻrnatish haqidagi murojaat yuzasidan qabul qilingan qaror yoʻl-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qilmoqda. Shuningdek, xususiy avtotransport vositalarining oynalarini qoraytirishga ruxsat berilishi transport vositalarining haydovchilari va yoʻlovchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratgan boʻlsa, avtotransport vositasidan foydalanishda yaqin qarindoshlar uchun ishonchnoma olish tizimi bekor qilinishi ortiqcha ovoragarchilikning oldini olishga zamin yaratdi.

Eʼtiborlisi shundaki, veb-portalga kelib tushgan murojaatlarning dolzarbligi inobatga olinib, ovoz toʻplash jarayoni yakunlanmasdan ham hayotga tatbiq etib borilmoqda. Yurtimizning har bir maskanida davlatimizning ulkan bayrogʻini oʻrnatish, velosipedlar uchun maxsus yoʻlak tashkil qilish, Oliy Majlis palatalarining majlislarini jonli efirda namoyish qilish, arxiv hujjatlari boʻyicha xizmat koʻrsatish tizimini takomillashtirish, maktablar va boshqa turdagi taʼlim muassasalari oldiga tezlikni cheklovchi yoʻl belgilarini majburiy oʻrnatish, valyutaga oid munosabatlarni takomillashtirishga doir 30 dan ortiq murojaatlar shular jumlasidandir.

Zamonaviy AKT imkoniyatlari

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasida bu jarayonga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan edi. Shu maqsadda joriy yilning 1-yanvar kuni Internet jahon axborot tarmogʻida pilot loyihasi sifatida Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi — “projekt.gov.uz” sinov tariqasida ishga tushirildi.

Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish maqsadida 20 dan ziyod ilgʻor mamlakatlar tajribasi oʻrganildi.

Binobarin, Yagona elektron tizimni toʻliq ishga tushirish va uning imkoniyatlarini oshirish maqsadida Hukumatning 2019-yil 8-apreldagi qaroriga asosan, barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Yagona elektron tizimda kelishilmoqda. Oʻtgan qisqa fursatda vazirlik va idoralar, mahalliy ijro organlarining 2 500 nafarga yaqin xodimlari Yagona elektron tizimga elektron raqamli imzo orqali ulandi.

Ilgari birgina normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va kelishishda tashkiliy ishlarni bajarish uchun bir necha hafta yoki oy talab etilgan boʻlsa, bugungi kunda bunday ishlar yagona tizim orqali tezkorlik bilan amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan olti oy mobaynida Yagona elektron tizim orqali 1300 dan ortiq loyihalar kelishildi, 500 dan ziyodi boʻyicha huquqiy ekspertiza xulosalari olindi, 300 dan koʻproq hujjatlar Hukumatga kiritildi. Ayni paytda 1 200 dan ziyod hujjat loyihalari kelishish jarayonida ekani mazkur tizimning samarali faoliyat koʻrsatayotganidan dalolat beradi.

Yana bir muhim jihat. Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi tizimi — lex.uz mamlakatimizda 2000-yilda joriy etilgan boʻlib, 2007-yilda rasmiy ishga tushirilgan, 2016-yilda Milliy bazaga qonun hujjatlari eʼlon qilinadigan rasmiy manba maqomi berildi.

Ilgari Milliy bazani shakllantirish, hujjatlarga yuridik ishlov berish, ayrim hollarda normativ-huquqiy hujjatlarni Milliy bazada rasmiy eʼlon qilish muddatlari buzilar edi. Buning asosiy sababi kelib tushayotgan qonunosti hujjatlari baʼzilarida imloviy, uslubiy xatolar, davlat va rus tili matnlarida bir-biriga zid jihatlar borligi edi.

Bu borada ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Adliya vazirligi tomonidan Milliy bazani 2019-2020-yillarda rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqildi. Unda Milliy bazani rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari, texnik mustahkamlash istiqbollari belgilab berildi.

Bu ishlar oʻz samarasini uzoq kuttirib qoʻymadi. Qisqa fursat ichida Milliy bazaning 21 qonunchilik sohasi kataloglari shakllantirildi. Qabul qilingan qonun hujjatlari doimiy tarzda Milliy bazaga bir ish kunida kiritilmoqda. Har yili oʻrtacha mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasiga joylashtirilgan har bir normativ-huquqiy hujjatdagi havolaki normalar, sharhlar taqdim etib borilyapti.

Havolaki normalar va sharhlar ularning dolzarbligi, qonunchilikdagi oʻzgarishlar, shuningdek, qonunchilikdagi yangi hujjatlarning aks etishi asosida yangilab borilmoqda. Jumladan, Jinoyat kodeksi, Yer kodeksi, Oila kodeksi, shuningdek, yangi tahrirdagi Fuqarolik protsessual kodeksiga sharhlar butunlay yangilandi.

Hozirgi paytda Milliy bazada 20 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar boʻlib, ular ingliz tiliga tarjima qilinmoqda. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Turizm toʻgʻrisida”gi va “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunlar va boshqa qonun hujjatlarining ingliz tilidagi tarjimasi joylashtirildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasiga joylashtirilgan hujjatlarning lotin alifbosidagi matnlarini ham bazaga kiritish ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunga kelib, 5 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar lotin alifbosida eʼlon qilindi.

Umuman, konsepsiyani hayotga izchil tatbiq etish qonun hujjatlarini tizimlashtirish, huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish, muhimi, inson huquq va erkinliklarini toʻliq taʼminlashga zamin yaratmoqda.

Valisher DAVLYATOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi

Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari

instituti boʻlim boshligʻi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?