Qoʻngʻirot soda zavodi, “Fargʻona azot” AJ, Dehqonobod kaliy zavodi va boshqa korxonalarning davlat ulushi sotiladi

18:24 12 Iyul 2019 Iqtisodiyot
322 0

Bugun Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Kimyo sanoatini yanada isloh qilish va uning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 3-apreldagi Prezident Qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan jurnalistlar bilan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi.

Mazkur qarorga muvofiq davlat aktivlarini xususiy mulkka sotish hisobiga korxonalardagi davlat ulushini qisqartirish orqali tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishni nazarda tutuvchi 2019–2030-yillarda kimyo sanoatini rivojlantirish Dasturi maʼqullangani maʼlum qilindi. Unga koʻra, qiymati 12,1 mlrd AQSH dollariga teng 31 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi qayd etildi.

“Hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan aksiyadorlik jamiyatlarimiz, ishlab chiqarish korxonalarimizning davlat ulushi va “Oʻzkimyosanoat” AJga tegishli ulushlarini investorlarga investitsiya kiritish sharti bilan sotish rejalashtirilmoqda, — dedi “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov. — Bunda sarmoyadorlar oldiga tarmoqqa yangi, zamonaviy, energiya tejamkor texnologiyalar olib kirish, xalqaro ekologik meʼyorlarga rioya etish talab etiladi”. 

Mutasaddilar aynan qaysi korxonalar ulushi sotilishiga aniqlik kiritdi.

“Jami 8 ta korxonamizning, jumladan, Qoʻngʻirot soda zavodi, “Fargʻona azot” AJ, Dehqonoboddagi kaliy zavodi, Birinchi rezina texnika zavodi va boshqa korxonalarning davlat ulushi va “Oʻzkimyosanoat” AJ ulushlarini sotish belgilangan”, — dedi Odil Temirov.

Maʼlumot: “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati ammiak, karbamid, ammiakli selitra, ammoniy sulfati, ammofos va xlorli kaliy kabi mahsulotlarning eng yirik ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. AJ hozirgi vaqtda ishlab chiqariladigan mineral oʻgʻitlarning turlari va hajmi boʻyicha Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi oʻrinni egallaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?