Qoʻmita majlisida qanday masalalar koʻrib chiqildi?

19:49 19 Oktyabr 2020 Siyosat
136 0

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi boʻlib oʻtdi. Unda parlament yuqori palatasining sakkizinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Senat aʼzolari, vazirlik va idoralar mutasaddilari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda dastlab “Jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, jamoat xavfsizligini taʼminlashga doir qonun hujjatlarini yana-da takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksining 104 va 105-moddalarining ikkinchi qismidagi bandlar oʻzgartirilmoqda. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 14, 245, 287-moddalari toʻldirilib, kodeksga yangi 1852 va 1853-moddalari qoʻshilmoqda. Qolaversa, Oʻzbekiston Respublikasining Qurol toʻgʻrisidagi qonunining 3 va 9-moddalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijasi muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, parlament soʻrovida koʻtarilgan bir qator masalalar boʻyicha Vazirlar Mahkamasi tomonidan amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan. Unda qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto- va videomoslamalar, onlayn rejimida ishlovchi qoʻshimcha fotoradarlar oʻrnatish belgilangan. Bundan tashqari, Ichki ishlar vazirligining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli va asosiy vazifalarini amalga oshiruvchi Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining yoʻl harakatini tashkil etishni nazorat qilish boʻlimi va boʻlinmalari shtat birliklarining yetishmasligini bartaraf etish boʻyicha tadbirlar oʻtkazilishi nazarda tutilgan.

Senatorlar parlament soʻrovida koʻtarilgan baʼzi masalalarning yechimiga eʼtibor qaratilmaganini taʼkidlab, amalga oshirilishi zarur boʻlgan jihatlarga toʻxtaldi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?