“Qoʻlbola” isitish moslamalari savdosi bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlar ogohlantirildi

18:36 07 Noyabr 2018 Jamiyat
382 0

Aholi xonadonlarida ayrim hollarda yongʻin kelib chiqishi yoki is gazidan zaharlanish holatlariga “qoʻlbola” standartlarga javob bermaydigan isitish moslamalari ham sabab boʻlishi mumkin.

Bunday holatlarni oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 noyabrdagi “Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilgʻi mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan davlat soliq xizmati idoralariga qoʻlbola yasalgan isitish moslamalarini ishlab chiqarish hamda ularning bozorlar va turli savdo shoxobchalarida sotilishining oldini olish boʻyicha qatʼiy choralar koʻrish vazifasi yuklatildi.

Sirdaryo viloyati davlat soliq xizmati organlari xodimlari bevosita joylarga chiqib, qoʻlbola isitish moslamalari bilan savdo qilish noqonuniy ekanligi yuzasidan tadbirkorlar oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borildi.

“Bozorlar va savdo komplekslarida “qoʻlbola” yasalgan isitish vositalarini sotish noqonuniy ekanligi yuzasidan bugungi kunga qadar 20 nafardan ortiq tadbirkorlarga rasman ogohlantirishlar berildi va ularning bunday vositalarni sotishdan voz kechishlariga erishilmoqda. Ogohlantirishdan keyin ham ushbu moslamalarni sotish davom ettirilsa, ularga nisbatan qonuniy choralar koʻriladi, tovar moddiy boyliklar esa davlat foydasiga musodara qilinadi”, - deydi Sirdaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshligʻi Murod Toʻraqulov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?