Qobul Tursunov Navoiy viloyati hokimi etib tasdiqlandi

17:06 13 Yanvar 2020 Siyosat
2237 0

Bugun – 13-yanvar kuni xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq birinchi sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sessiya ishida viloyat hokimining oʻrinbosarlari, viloyat hokimligi guruh rahbarlari, kotibiyat mudirlari, viloyat tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, tuman hokimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Dastlab, sessiya kun tartibidagi masalalardan biri 2019-yil 22-dekabrda oʻtkazilgan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari saylovi yakunlari boʻyicha viloyat saylov komissiyasi raisi Sh.Joʻrayevning axboroti tinglandi.

Shundan soʻng xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining reglamenti va doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlandi.

Deputatlar xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlarini roʻyxatga olish hamda viloyat Kengashidagi doimiy komissiyalarni tuzish toʻgʻrisidagi masalalarni koʻrib chiqdilar.

Sessiyada tashkiliy masala koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98 — moddasi, shuningdek, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 2- moddasiga binoan viloyat hokimligiga nomzod mamlakat Prezidenti tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng ushbu Kengashga tasdiqlash uchun taqdim etildi.

Sessiya ishida ishtirok etgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vakili A. Joʻraboyev deputatlarga davlatimiz rahbari tomonidan Navoiy viloyati hokimligiga Q. Tursunov nomzodi tavsiya etilganini, nomzod boʻyicha partiya guruhlari har biri bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganini maʼlum qildi.

Deputatlar bir ovozdan Tursunov Qobul Beknazarovich nomzodini qoʻllab-quvvatlab, Navoiy viloyati hokimi lavozimiga qayta tasdiqladilar.

Temur ESHBOYEV,

(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?