Qoʻbiz yaralishiga gʻaybdan kelgan ishora asos boʻlganmi?

11:15 15 Mart 2019 Madaniyat
513 0

Foto: "Xalq so'zi"

Said Rahmonov, “Xalq soʻzi online. Qoʻbiz qoraqalpoq xalqining eng qadimiy, shu bilan birga, eng sevimli milliy cholgʻu asbobidir. Uning sadosini mungli, deganlar adashadi, aksincha, nolasida oʻzgacha sehr, joziba bor. Shundan boʻlsa kerak, qoʻbizning mayin ohanglari jon qulogʻingizga singib, xayollaringizni cheksiz kengliklar, oʻrkach-oʻrkach barxanlaru, shovullab turgan dengiz toʻlqinlari tomon olib ketadi.

Manbalarda keltirishicha, qoʻbiz Sopbasli Sipira jirov tomonidan yaratilgan. Bunga gʻaybdan kelgan ishora asos boʻlgan.

Rivoyatlarga qaraganda, jirov chorvador koʻchmanchi xalqning ruhiyatiga mos, ularning dardu tashvishlari, quvonch-shodliklarini bera oladigan cholgʻu asbobi yaratish ustida koʻp izlanadi. Har xil asboblar yasab koʻradi. Ammo oʻzi kutgan ohang sirayam chiqavermaydi. Koʻngli toʻlmaydi.

Qoʻli ishga bormay yurgan kunlarning birida jirov tush koʻradi. Tushida bir suhbatga guvoh boʻlib qoladi. Ular aytayotganmish, jirov bilmaydiki, toʻqayda toʻngʻiz qashinib turgan daraxt bor. Qoʻbizni shu yogʻochidan yasab, torlarini otning dumidan tortsa, uning tovushi eshitgan odamni maftun qilib qoʻyadi.

Sopbasli Sipira jirov uygʻonib ketib, toʻqayga kirsa, ikkita toʻngʻiz jiyda daraxtiga qashinib turganmish. U darhol shu daraxt yogʻochidan tushida ayon boʻlgan shaklni yasab, ot dumidan tor tortadi. Chalib koʻrsaki, oʻzi izlagan, kutgan ohang...

- Bu bir rivoyat, qanchalik haqiqatga yaqin bilmadimu, ammo hozir ham qoʻbiz faqat jiyda daraxtidan yasalib, ot dumi va yoli tor sifatida foydalaniladi, - deydi chimboylik tajribali hunarmand Azat Pirniyazov. - Ustalar qoʻbiz yasashga ustozining oq fotihasini olgandan soʻnggina qoʻl urushidayam, uning oddiy musiqa asbobi emasligini anglatadi. Masalan, men bu baxtga oʻn olti yillik izlanishlarim tufayli erishganman.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan info-tur doirasida Chimboy tumanida boʻlib, hunarmandlar faoliyati bilan yaqindan tanishdik.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?