“Qizlar ovozi” I Respublika Forumi boʻlib oʻtdi

16:51 11 Oktyabr 2019 Jamiyat
368 0

Bugun ijtimoiy hayotimizda “zirapcha” degan nom keng ommalashgani sir emas. Bunga qizlarning oiladan yetarli mehr koʻrolmagani, jamiyatdagi sust eʼtiborni sabab qilsak adashmaymiz ehtimol. Bu borada Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi “Yoshlar press-klubi”da atroflicha soʻz yuritildi. Navbatdagi sessiya ilk bor oʻtkazilayotgan “Qizlar ovozi” I Respublika Forumiga bagʻishlandi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosat, ilm-fan, madaniyat sohasi vakillari, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi vakillari, blogerlar, talabalar va OAV xodimlari ishtirok etdi.

Maʼlumki, BMT tomonidan 11-oktyabr “Xalqaro qizlar kuni” sifatida belgilangan. Yetti yildan buyon bu kun mamlakatimizda ham munosib nishonlanadi. Ushbu kunga bagʻishlanib tashkil etilgan forumda spikerlar tomonidan “Yosh xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish, ularning muammolarini yechishda partiyaning roli”, “Yosh xotin-qizlarni lavozimda oʻstirishning xorij tajribasi”, “Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda xotin-qizlar faoliyatini yoritishning muhim xususiyatlari” kabi mavzularda taqdimotlar oʻtkazdi.

— Internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar yaratib, ularda yosh xotin-qizlarning mummolarini oʻrganish, ular oʻrtasida ijtimoiy soʻrovnomalar, tadqiqotlar oʻtkazish rejalashtirilgan. — deydi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash Yosh oila va xotin-qizlar bilan ishlash boʻlim boshligʻi Gulchehra Ashurova. — Qolaversa, mana shu forum nomi ostida ijtimoiy aksiyalar, konferensiyalar tashkil etish, shuningdek, jamiyatimizda kamol topayotgan xotin-qizlar ijtimoiy faolligini oshirish uchun yuqori davlat organlariga takliflr berish ham koʻzda tutilgan. Bu forum keyinchalik boshqa hududlarda ham davom etadi.

Yulduz OʻRMONOVA,
“Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?