Qizilqumda til markazi

14:22 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
69 0

Tomdida Navoiy Davlat pedagogika instituti huzuridagi Til oʻrgatish markazi ochildi.

Ushbu markazni ochish vazifasi Respublikamiz Prezidentining viloyatga joriy yil mart oyidagi tashrifi chogʻida belgilangan edi. Shu asosda tuman markazidagi ilgarigi kasb-hunar kolleji binosida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, dargoh oʻz faoliyatini samarali olib borishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

Markazda Navoiy Davlat pedagogika institutining professor oʻqituvchilari, tilshunos olimlar tomdilik yoshlarga xalqaro muloqot tili ingliz, davlat tili oʻzbek tili bilan birga rus tilini ham oʻrgatadilar.

- Mamlakatimiz rahbarining qizilqumlik yoshlarga gʻamxoʻrligini hayotimizning har bir jabhasi, har bir kunimizda his etib yashayapmiz, - deydi mehnat faxriysi Jarilqasin Asubayev. – Ayniqsa, oʻgʻil-qizlarimizga oliy oʻquv yurtlariga kirishlari uchun imtiyozlarning joriy etilishi biz keksalarni nihoyatda xushnud etdi. Albatta, bundan foydalangan yoshlarimiz koʻp oʻtmay mana shu markazda faoliyat olib borishadi.

Markaz ikki yuz nafar oʻquvchi qatnoviga moʻljallangan. Kelgusida unda boshqa tillar boʻyicha ham mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan. Tabiiyki, bu til oʻrganuvchilar auditoriyasi kengayishiga xizmat qiladi.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?