Qizilqumda Bolalar shaharchasi bunyod etildi

11:20 17 Iyul 2019 Jamiyat
331 0

Mamlakatimiz Prezidenti 2018-yil 2-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida NKMK Markaziy kon boshqarmasining Tomdi tumanida joylashgan mehmonxonasi negizida Zarafshon shahridagi “Shodlik” mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun “Bolalar shaharchasi” barpo etish topshirigʻini bergan edi.

Albatta, bu mamlakatimizda Yurtboshimizning farzand istiqbolida Vatanning ertangi kunini, yorugʻ iqbolini koʻrish orzusi, soddaroq izohlasak otalarcha gʻamxoʻrlik ifodasidir. Zero, mehru-muruvvatni dildan his etgan bola kelajagini oʻz fazilatlaridan axtarib, bilim, salohiyat va komillik sari intilishlaridan topadi. Har bir eʼtiborga yurt ravnaqiga daxldorlik hissi bilan javob qaytaradi.

Shu asosda sobiq mehmonxonada keng koʻlamdagi bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Maʼmuriy bino, oʻnta ikki qavatli kottej, qoʻshimcha taʼlim va moslashuv xonalari, kutubxona, sport majmuasi, noanʼanaviy meʼmoriy yechimlarga ega bolalar maydonchasi, basseyn hamda bir qator yordamchi inshootlarni jamlagan shaharchaning umumiy maydoni 38 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bolalarning yashash sharoitlarini uy – oila muhitiga yaqinlashtirish, ijodiy-ijtimoiy muhit barqarorligini taʼminlash maqsadida shaharchada madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari va kitobxonlik toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularning barchasi zarur ashyo, uskuna va oʻquv qoʻllanmalari bilan taʼminlandi.

- Barcha qulayliklarga ega kottejlarda oila muhitining yaratilishi bolalarda roʻzgʻor-turmush koʻnikmalarining shakllanishi va mustaqil hayotga tayyorlanishiga yordam beradi, - deydi mehribonlik uyi direktori Zuhra Doʻsova. – Shuningdek, tarbiyalanuvchilar qiziqqan fanlari boʻyicha bilimlarini oshirishlari, kasb-hunar sirlarini oʻrganishlari uchun ham barcha zarur sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari yuqori malakali pedagoglar, psixologlar, tibbiyot xodimlari, jismoniy tarbiya va sport mutaxassislarini bolalar bilan ishlashga jalb etildi.

Shaharcha Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan bunyod etilib, qurilish va jihozlash ishlariga qariyb 11 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Shuningdek, NKMK Markaziy kon boshqarmasiga qarashli Uy-joy kommunal boshqarmasi tomonidan qariyb 6 ming 400 kvadrat metrga yaqin maydon obodonlashtirilib, koʻkalamzorlashtirildi. Bir soʻz bilan aytganda, “Bolalar shaharchasi” Qizilqum ummonida chinakami mehr orolchasiga aylanib, NKMK tomonidan ISUZU avtobusi sovgʻa qilindi.

Shaharchaning ochilish marosimiga bagʻishlangan tantanada soʻz olganlar mamlakatimiz rahbarining tashabbusi asosida bunyod etilgan mazkur maskan unda tarbiyalanayotganlar qalbida mehr niholini ulgʻaytirishini alohida taʼkidladilar. Tadbirda Navoiy viloyat hokimi K.Tursunov, Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori Q.Sanaqulov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?