“Qizil”da o‘tib ketmoqchi bo‘lganlar qo‘lga tushdi

17:23 14 Avgust 2018 Jamiyat
189 0

“Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi va “Toshkent xalqaro aeroporti” chegara-bojxona posti xodimlari naqd xorijiy valyutalar va zargarlik buyumlarining havo yo‘llari orqali noqonuniy olib o‘tilishiga doir navbatdagi qonunbuzarlik holatlarini fosh etishdi, deb yozadi DBQ axborot xizmati.

Jumladan, Istanbulga parvozi oldidan “Toshkent” xalqaro aeroportining umumiy uchib ketish zalidagi “qizil” yo‘lak orqali harakatlangan fuqaro P.A.ning qo‘l sumkasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, unda ruxsat etilgan me’yor – 5 ming AQSH dollaridan ortiqcha bo‘lgan va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan, qolaversa, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham ma’lum qilinmagan 4625 AQSH dollari yashirilganligi aniqlandi.

“Qizil” yo‘lak orqali harakatlanib, bojxona qoidabuzarligini sodir etgan shaxslardan yana biri – fuqaro M.S.dir. “Istanbul-Toshkent” aviareysi bilan uchib kelgan ushbu shaxs qo‘l yuki va bagajlariga yashirgan holda qiymati salkam 30 mln. so‘mlik, 1,9 kg.dan ortiq og‘irlikdagi kumushdan yasalgan taqinchoqlarni noqonuniy ravishda olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lgan chet ellik fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 000 AQSH dollariga teng yoki undan oshmaydigan miqdorda naqd xorijiy valyutani yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda erkin olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

2000 AQSH dollari va undan ortiq bo‘lmagan ekvivalentdagi naqd xorijiy valyutalarni olib chiqishda esa ularni yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatish talab etilmaydi.

Belgilangan summadan ortiqcha naqd xorijiy valyutani olib chiqib ketish uchun tegishli bank ruxsatnomasi talab etiladi.

Shuningdek, respublikamizga ayrim turdagi tovarlarni bojsiz olib kirishning cheklangan me’yorlariga ko‘ra,qimmatbaho metall va qimmatbaho toshlardan yasalgan zargarlik buyumlari – 65 gr.gacha olib kirishga ruxsati etiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?