Qizg‘in munozaralar, konstruktiv takliflar

10:49 18 May 2018 Siyosat
385 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyalar majlislari ana shu ruhda o‘tdi.

Kecha erta tongdan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z fraksiyalari majlislariga to‘planishar ekan, boshqa kunlardan farqli o‘laroq, o‘zaro qizg‘in suhbat, bahs-munozaraga kirishdilar. Bu bejiz emas, albatta. Binobarin, xalq noiblarining barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qo‘shma Shtatlariga ilk tarixiy tashrifi haqidagi taassurotlari bilan ko‘tarinki kayfiyatda o‘rtoqlashdilar. Bu kayfiyat siyosiy partiyalar fraksiyalari majlislariga ham ko‘chdi. Fraksiyalar majlislari deputatlar taklifiga ko‘ra aynan mazkur tashrif natijalari muhokamasi bilan boshlandi.

— Prezidentimizning Oq uyda AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi millionlab yurtdoshlarimiz qatori biz, xalq vakillarida ham g‘urur va iftixor tuyg‘usini uyg‘otdi, — deydi deputat Dilmurod Sa’dullayev. — Bu, avvalambor, yurtimizda kechayotgan shiddatli hamda keng islohotlarning xalqaro miqyosda yuksak e’tirofi bo‘lsa, qolaversa, yangi taraqqiyot yo‘lidan borayotgan mamlakatimiz faol tashqi siyosatining amaliy natijasidir. Binobarin, AQSh Prezidenti O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida muhim siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda erishilayotgan ulkan yutuqlarni e’tirof etdi. Prezidentlar keng jabhadagi o‘zaro ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, 2002 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Deklaratsiyaga yangicha sur’at bag‘ishlash maqsadida ikki tomonlama munosabatlarni yangi muloqot asosida mustahkamlashga kelishib oldilar. Ishonchim komilki, Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekistonning xalqaro munosabatlarning ishonchli vakili sifatidagi nufuzi, imidji tobora yuksalib borayotganini ko‘rsatadi.

Deputatlar O‘zbekiston hamda AQSh munosabatlarida tarixiy voqea sifatida baholanayotgan ushbu tashrifning ahamiyatini joylarda saylovchilar, elektorat orasida keng targ‘ib qilish kerakligini qayd etishdi.

Qo‘mitalar mas’uliyati kuchayadi

Shundan so‘ng fraksiyalar kun tartibiga kiritilgan dolzarb masalalar muhokamasiga o‘tishdi. Jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida deputatlar Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan “Davlat aktivlarini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratdilar.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, fraksiya a’zosi Nargiz Xalilovaning aytishicha, davlat korxonalarining boshqaruv organlarida ijro etuvchi hokimiyatning sohaviy komplekslari va davlat boshqaruvi organlari rahbarlari ishtiroki oqibatida yuzaga keladigan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi, albatta, soha taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgani rost. “Bunday kompaniyalarda moddiy-texnika, moliyaviy hamda mehnat resurslaridan oqilona foydalanilmayotganligi, boshqaruv tizimi shaffof emasligi bois ularning moliyaviy va xo‘jalik faoliyatini har tomonlama tahlil etish yoki u bajarayotgan vazifa hamda funksiyalarning ijrosini samarali nazorat qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan”, dedi deputat.

Shundan kelib chiqqan holda, qarorda davlat korxonalarini transformatsiya qilish dasturlarini amalga oshirishning xalqaro tajribasi asosida davlat aktivlarining qiymatini ko‘rib chiqish va ularni boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan 2018 — 2020 yillarda ustav fondida davlat ulushi ustuvor bo‘lgan davlat korxonalari hamda boshqa yuridik shaxslarni transformatsiya qilish dasturini hayotga tatbiq etish nazarda tutilmoqda.

Qaror asosida bunday korxonalarda tom ma’nodagi korporativ boshqaruv tizimini joriy qilish, ularning faoliyati samaradorligini ta’minlash bo‘yicha tashabbuslarni amalga oshirish, davlat korxonalari rahbarlari va mutaxassislarining kasbiy ko‘nikmalarini, jumladan, tegishli tarmoqlar bo‘yicha yetakchi xorijiy korporatsiyalar bilan tajriba almashishni tashkil etish orqali rivojlantirish rejalashtirilayapti. Fraksiya a’zolari mazkur qarordan kelib chiqadigan vazifalarni belgilab oldilar. Shundan so‘ng O‘zLiDeP fraksiyasi bir guruh a’zolari tomonidan ishlab chiqilgan hamda bevosita qonunchilik jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan, qonun loyihalarini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish va ovoz berish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan hujjat loyihasini muhokama qildilar.

Loyiha konsepsiyasiga ko‘ra, ikkinchi o‘qishda qonun loyihalari bo‘yicha ovoz berishning moddama-modda muhokamalar o‘tkazish amaliyotini birmuncha takomillashtirish taklif etilmoqda. Ya’ni loyihalar, avvalo, qonun moddalari fraksiyalarda hamda qo‘mitalarda shakllangan yakdil fikr asosida umumiy majlislarda ovozga qo‘yilishini nazarda tutuvchi normani mustahkamlash taklif qilinayotir. Chunki aksariyat xorijiy davlatlarda, xususan, Fransiya, Kanada, Portugaliya, Janubiy Koreya, Turkiya parlamentlari reglamentlarida qonun loyihasining ikkinchi o‘qishda nafaqat moddama-modda, balki bobma-bob yoki bo‘limlar bo‘yicha ko‘rib chiqilishi mumkinligi mustahkamlab qo‘yilgan. Yangi norma deputatlar faoliyatini optimallashtirgan holda, qo‘mita va fraksiyalar mas’uliyatini yanada kuchaytiradi.

Elektron tijoratga “yashil chiroq”

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida dastlab davlatimiz rahbarining joriy yil 12 maydagi “Buyuk allomalar, adib va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini keng o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida yoshlar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati hamda undagi vazifalarga to‘xtalib o‘tildi.

Fraksiya a’zosi Nodirjon Muxtorov mazkur hujjat buyuk adib va mutafakkirlarimizning nodir merosi, ibratli hayoti hamda ijtimoiy faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish, yoshlarimizni o‘zlikni anglash, milliy, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ular o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini keng ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Haqiqatan ham, bugun farzandlarimizning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ularning qalbida ona-Vatanimiz hamda xalqimizga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, barkamol shaxsni tarbiyalash dolzarb hisoblanadi.

Yig‘ilishda mazkur masalalar “Yosh kitobxon” tanlovlari orqali ro‘yobga chiqarilishi alohida ta’kidlangan holda, kelajagimiz egalari o‘z ijodi hamda intellektual salohiyati bilan yurtimiz ravnaqi yo‘lida munosib hissa qo‘shishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, Prezidentimizning shu yil 14 mayda imzolangan “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ahamiyati haqida ham batafsil so‘z yuritildi.

Xo‘sh, elektron tijoratning joriy qilinishi qanday yengilliklarni olib keladi?

— Ushbu hujjat bilan kundalik hayotimizda zarur bo‘lgan mahsulotlarni elektron tijorat yordamida buyurtma berish va qabul qilib olishda birmuncha qulayliklar yaratilmoqda, — deydi fraksiya a’zosi Akmal Umirzakov. — Shunday mahsulot hamda xizmatlar borki, ularni yetkazib berishda ayrim talablarni o‘rnatish iste’molchilar huquqlarini muhofaza etish bilan asoslanadi. Mazkur qarorda mana shu jihatlar inobatga olinib, elektron tijorat orqali dori vositalari va tibbiyot buyumlarini realizatsiya qilish, faqat saqlash hamda yetkazib berishda ularning xavfsizligini ta’minlash tartibi va talablariga qat’iy rioya etgan hamda qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda amalga oshirishga ruxsat berilmoqda. Umuman aytganda, ushbu qarorning amaliyotga izchil tatbiq qilinishi mahalliy tadbirkorlik sub’ektlariga jahon bozoriga kirib borishga, mahsulotlar sifati hamda raqobatbardoshligini oshirishga imkon beradi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotiga daxldor bir qator qonun loyihalari qizg‘in muhokama etildi. Chunonchi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ana shulardan biridir.

Ta’kidlab o‘tilganidek, mazkur qonun loyihasi bilan Davlat soliq qo‘mitasining “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”gi Qonun bilan belgilangan asosiy vazifalari Prezidentimizning 2018 yil 15 fevraldagi Farmoniga muvofiqlashtirilmoqda.

XDP qonunni yangi tahrirda qabul qilish tarafdori

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining qizg‘in munozaralar hamda konstruktiv takliflarga boy o‘tgan majlisida deputatlar e’tibori davlatimiz rahbarining joriy yil 16 mart kuni imzolangan “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga qaratildi.

Gap shundaki, keyingi vaqtlarda fraksiya a’zolari tomonidan joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda aholining ruhiy sog‘lig‘ini tekshiruvdan o‘tkazish, ruhiy holati buzilgan shaxslarni profilaktika qilish, ularga tashxis qo‘yish, ularni davolash, parvarishlash va tibbiy-ijtimoiy jihatdan tiklash sohasida muammolar borligi aniqlangan. Eng muhimi, ushbu muammo hamda kamchiliklar Prezidentimizning qarorida o‘z aksini topib, sohani rivojlantirish, mavjud muammolarni hal etishda muhim omil bo‘ldi.

Fraksiya a’zolarining fikricha, bugun psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimining samarali faoliyatini ta’minlovchi huquqiy bazani takomillashtirish zamon talabi bo‘lmoqda.

— Ochig‘i, amaldagi “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi Qonun 2000 yilda qabul qilingan, — deydi fraksiya a’zosi Aliya Yunusova. — Uning qator normalari eskirgan va qayta tahrirga muhtoj. Shu sababli Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish bo‘yicha fraksiyaning ishchi guruhi shakllantirildi. Fraksiya tashabbusi bilan taklif etiladigan yangi tahrirdagi qonun aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini qamrab olishi lozimligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, psixiatriya xizmati muassasalarining ayrim funksiyalarini sog‘liqni saqlashning xususiy sektoriga o‘tkazish, aholiga psixiatriya yordami ko‘rsatish sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash uchun investitsiyalar jalb qilish kabi takliflar bildirildi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Qonunchilik palatasi yalpi yig‘ilishi muhokamasiga kiritilayotgan bir qator qonun loyihalari partiya dasturiy maqsadlari hamda aholi manfaatlaridan kelib chiqib, keng hamda atroflicha muhokama etildi. Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 511-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham fraksiya a’zolarining diqqat-e’tiborida bo‘ldi. Loyihada nogironligi bo‘lgan shaxslarning injenerlik, transport va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlariga to‘sqinliksiz kirishini ta’minlash bo‘yicha talablarini bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish nazarda tutilmoqda.

Fraksiya vakillari so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonunning qabul qilinishi nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun teng sharoitlar yaratib, buni buzganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlaydi. Deputatlar ushbu qonun loyihasining dolzarbligini ta’kidlab, uni yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar berishga kelishib oldilar.

“Adolat”chilarning takliflari inobatga olindi O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining parlament quyi palatasidagi fraksiyasi yig‘ilishida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda qabul qilingan Farmon hamda qarorlaridan kelib chiqib, fraksiya oldida turgan dolzarb vazifalar hamda bir qator qonun loyihalari muhokama etildi.

Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati xususida atroflicha fikr almashildi.

Fraksiya a’zosi Shuhrat Polvonov mazkur Farmon advokatura tizimini tubdan takomillashtirish, professional yuridik yordam sifatini hamda advokatlik kasbining nufuzini oshirish, sud ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanini qayd etdi. Ayni chog‘da ushbu hujjat bilan advokatlarning jismoniy hamda yuridik shaxslarni samarali himoya qilish tizimi takomillashtirilganini alohida ta’kidladi. Jumladan, joriy yilning 1 iyulidan boshlab advokat nizolarni sudgacha hal etish, tomonlarni yarashtirish bo‘yicha choralar ko‘rish, shuningdek, hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish huquqiga ega bo‘ldi.

Yig‘ilishda fraksiya tashabbusi bilan “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqishni jadallashtirish lozimligiga urg‘u berildi.

Shuningdek, deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qizg‘in muhokama qildilar.

Qonun loyihasi bilan sud hokimiyati organlarining aholi bilan joylarda ochiq muloqotlar o‘tkazishi hamda o‘z faoliyatlari to‘g‘risida jamoatchilikka markaziy yoki mahalliy televideniye orqali, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida axborot berishi amaliyotini qonun darajasida mustahkamlash nazarda tutilmoqda.

E’tirof etilganidek, mazkur qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida uni yanada takomillashtirish yuzasidan fraksiya tomonidan ilgari surilgan qator takliflar inobatga olindi. Xususan, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipini va sudyalar faoliyati samaradorligini ta’minlash hamda sudyalarni o‘z professional faoliyatidan chalg‘itishlarni kamaytirish maqsadida xalq deputatlari Kengashlari tomonidan sudyalar faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitishning aniq muddatlarini belgilash, shu bilan birga, sudyalar faoliyatini eshitish natijalari bo‘yicha Kengash qarorining Sudyalar oliy kengashiga yuborilishini belgilash kabi takliflar qonun loyihasida o‘z aksini topdi.

Deputatlar taklif etilayotgan qo‘shimchalar sudyalarning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qilishini qayd etdilar.

Fraksiyalar yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Qobil XIDIROV,
Ziyoda ASHUROVA.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?