Qizaloqni sovuqda daraxtga boylab, ustidan sovuq suv quyib kelgan va azoblagan er-xotin enagalar qonun oldida javob berishdi

10:01 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
376 0

Oʻshanda 2019-yilning sentyabri edi. Buxoro shahrida yashovchi Robiya (ism – shariflar oʻzgartirilgan) Rossiyaga ishlagani ketar boʻldi. Ammo farzandlari Sanobar bilan Samiyani nima qilsa ekan? Biri 6 yoshda, ikkinchisi esa hali bir yoshga ham toʻlmagan.

Shunda tanishlaridan biri Zamira yodiga tushdi. ”Agar rozi qilib tursam bolalarimga enagalik qilar”, degan oʻyda unga qoʻngʻiroq qildi. Enagalik qilgani evaziga qoʻliga har oyda 200 AQSH dollari tegishini eshitgan ayol turmush oʻrtogʻining ishlamasligini, uydaligini oʻylab darhol rozi boʻldi.

Zamiraning keyinchalik sudda koʻrsatma berishicha, avvaliga Robiya unga kelishilgan pulni joʻnatib turgan. Ammo bu hol uzoq davom etmagan. Bu orada Robiyaning turmush oʻrtogʻi bolalaridan xabar olgani kelgan. Ammo Zamira va uning turmush oʻrtogʻi bergan koʻrsatmalarga ishoniladigan boʻlsa, bolalarning otasi turli vajlar bilan ularga pul bermagan. Oradan bir muddat oʻtib, oʻzining Qozogʻistonda ekanligini, ishlab oʻzi yoki xotini pul yuborishini bildirib qoʻngʻiroq qilgan.

Xoʻsh, shunday ekan, ikki norasida goʻdakda nima gunoh?

Gap shundaki, enaga er-xotin bor alamlarini begunoh bolalardan olishgan. Xususan, qizaloq Sanobarni doʻpposlab qiynashgan. Hatto bilib- bilmay ukasining kashasini yeb qoʻygani ham qizaloqning boshiga kaltak tushishiga sabab boʻlardi. Jumladan, Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazi Buxoro filialining 26.02.2020-yildagi №9-sonli xulosasiga koʻra, voyaga yetmagan Sanobarga bosh miya chayqalishi bilan davom etgan iyak, chap tomon pastki jagʻ, yuqori va pastki lab shilliq qavatlaridagi shilinmalar, oʻng bilak koʻkrak orqa va old yuzasidagi, chap kurak, bel sohasidagi shilinmalar, oʻng qoʻl kaft orqa yuzasidagi kuyish koʻkrak old yuzasidagi yara kabi sogʻligini buzilishiga sababchi boʻlgan yengil tan jarohati yetkazib, voyaga yetmagan shaxsni qiynash jinoyatini sodir qilishgan. Bu ham yetmagandek, uni kunning sovuq kunlarida hovlidagi daraxtga bogʻlab, ustidan sovuq suv sepishgan. Vahshiylik bundan ortiq boʻlishi mumkinmi?

Bu orada Zamiraning “Pulni qachon yuborasan?”, “Bolangni ”deddom"ga topshirib yuboraman” qabilidagi qoʻngʻiroqlaridan xavotirga tushgan Robiya Buxorodagi tanish ayollardan biriga bolalarining ahvolidan xabar olishni soʻraydi. Oʻz navbatida ayol har ikkala bolaning holini koʻrib, ular har tomonlama yordamga muhtojligini his etadi. Shu tariqa yopigʻliq qozon yopigʻligicha qolmadi. Er-xotin enagalarning faoliyati tegishli organlar tomonidan oʻrganildi. Surishtiruv oʻtkazildi. Ish sudga oshirildi.

— Sudlanuvchilarning aybi ularning oʻz ayblariga qisman iqrorlik bildirib bergan koʻrsatmalaridan tashqari, xabarnoma, dalolatnoma, sud tibbiyot ekspertizasining xulosalari, hodisa joyini koʻzdan kechirish va koʻrsatmalarni voqea joyida tekshirish bayonnomasi, ularga ilova qilingan fotosuratlar, ishdagi guvohlarning soʻzlari va boshqa dalillar bilan toʻliq tasdiqlanadi, — deydi jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudi sudyasi A. Jabborov.

Sud Zamiraga jazo turini tanlashda sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini eʼtirof etgan holda Oʻzbekiston Respublikasi JKning 7,8-moddalarida koʻrsatib oʻtilgan odillik va insonparvarlik tamoyillari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 03.02.2006-yildagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti toʻgʻrisida”gi 1-sonli qarori talablaridan kelib chiqib, shuningdek, muqaddam sudlanmaganligini jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar sifatida baholab, uning harakatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi JK 105-moddasining 1-qismi va JKning 110-moddasi 2-qismining «a» bandi sanksiyasi doirasida ozodlikni cheklash jazosi tayinlashni lozim topdi. Uning turmush oʻrtogʻiga jazo tayinlashda ham muqaddam sudlanmaganligi, oilaviy ahvoli hisobga olindi.

Shu tariqa jinoyatchi enagalar jazolandi. Ammo bizni boshqa bir jihat oʻyga toldiradi. Bu ota-ona zimmasidagi masʼuliyat masalasidir. Nahotki voyaga yetmagan, ota-ona mehriga muhtoj gulday ikki bolani birovlarga ishonib topshirish mumkin boʻlsa? Nahotki, hali biri yetti yoshga ham kirmagan, biri esa chaqaloq boʻlgan bolani bu yoqda qoʻyib, olis Rossiyaga ishlagani ketish mumkin?! Ota-onalik burchi, gʻururi qayda qoldi? Axir, qush ham polaponini yolgʻiz tashlab qoʻymaydi. Bolasini yoʻqotib qoʻysa osmonu falakni larzaga keltirib, boʻzlaydi, halovatini yoʻqotadi. Nahotki, ayrim ota-onalarimiz bolalari uchun shu qushchalik qaygʻurishmaydi. Axir,qora qozonni qaynataman, deganga shu yerda, yurtimizda ham ish topiladi. Faqat shukr, sabru qanoat qilmoq kerak, xolos.

Bu fikr-mulohazani bayon etmoqdan maqsad shuki, masʼuliyat unutilganida jinoyatga yoʻl ochiladi. Jinoiy ish esa bilasizki, huquqni muhofaza etuvchi idoralarni, jamoatchilikni, koʻplab kishilarni tashvishga qoʻyadi. Enagalar bilan bogʻliq yuqoridagi noxush voqea buning yana bir dalilidir.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?