Qiz bolaning qadri mebel bilan o’lchanadimi?

11:13 07 Mart 2018 Jamiyat
626 0

Qizi bor uyning fayzu farishtasi bo’ladi. Bundan faxrlanamiz. Negaki, oilamizda navniholdek malikalar kamolga etmoqda. Kelajagimiz davomchisi qizlarimizni oq yuvib, oq taraymiz, hech kimdan kam qilmay tarbiyalaymiz, ko’z qorachig’idek asrab-avaylaymiz. Goho mehr-muhabbatimizni oshkora namoyon etmasak-da, uning baxtu iqboli yo’lida hamma narsaga tayyor turamiz.
Har bir ota-onaning, boboyu buvining dilidagi istak shu. Bunga qo’shilmaslikning aslo iloji yo’q. Zero, oqila, lobar, zukko qizlarimiz, gulu gunafshalarimiz hayotimiz davomchilaridir. Ana shunday ezgu tilak bilan ularni turmushga uzatamiz, o’zga xonadonda tinib-tinchib, o’zidan ko’payishini tinmay niyat qilamiz. Ammo shu o’rinda achchiq bir hayotiy haqiqatni aytmasak bo’lmas. Gap shundaki, qizlarimizga bo’lgan munosabat kuyov tomonga qilingan sarpo-suruqlaru mebellarga qarab shakllanayotgani, ko’pincha faqat shunga oila poydevori, tamal toshi sifatida qaralayotgani sizni tashvishlantirmaydimi? Endi ayting-chi, qiz tomonning mebel qilishi qaysi urf-odatimizga to’g’ri keladi? Nega jondan aziz dilbandimizni turmushga bergach ham “oldi-oldi”lardan qutulolmaymiz?
— Biz joylarda aholi bilan ochiq muloqotlar o’tkazganimizda, mana shunday salbiy holatlarga ko’p bor guvoh bo’lamiz, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Jamoldinova. — Ana shunday vaziyatlarda o’ylanib qolasan, kishi. Yurtboshimiz tomonidan har bir insonning baxtli yashashi uchun barcha shart-sharoit yaratilayotgan paytda odamlarimiz farzandlarini o’qitish, uyli-joyli qilish o’rniga, to’y va boshqa marosimlarni o’tkazishda ortiqcha sarf-xarajatlarga yo’l qo’yayotgani achinarlidir, albatta. To’g’ri, kimningdir dabdabaga qurbi etar, kimniki esa yo’q... Yaqinda Farg’ona viloyatining Qo’shtepa tumanidagi bir xonadonda bo’lganimizda, oilaning moddiy ahvoli ancha og’irligiga guvoh bo’ldik. Ayolning turmush o’rtog’i olamdan o’tgan, bir o’g’li bilan yashaydi. Opa bilan anchagina suhbatlashdik, dardiga quloq tutdik. Aytishicha, turmush o’rtog’ining vafotidan so’ng mahalla ko’magi bilan ularga qoramol berilgan. O’tgan yili qizining to’yini o’tkazish uchun bor mol-hollarini sotib, etmaganiga qarindoshlaridan qarz oladi. Qarzdan esa haligacha qutulgani yo’q. Sochlariga oq oralagan bu mushtipar onaning aybi qiz o’stirganimi? Bu kabi misollarni ko’plab keltirish mumkin.
— Binobarin, bugun yurtimizda xotin-qizlarga ko’rsatilayotgan e’tiboru g’amxo’rlik yangi bosqichga ko’tarildi, — deydi deputat o’z so’zida davom etarkan. — Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oila va ayollar komissiyasi tashkil qilingani oila hamda ayollar manfaatlari qonuniy himoyalanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Ayni paytda komissiya o’z oldiga qo’ygan vazifalar bilan bir qatorda, to’y-marosimlarni kamchiqim o’tkazish, bunga aholi, shu jumladan, yoshlarni jalb etishga alohida ahamiyat qaratmoqda.
Yaqinda tahririyatimizga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan yurist Ubaydullo Mingboevdan maktub keldi. Unda shunday deyiladi: “So’nggi paytlarda qiz uzatayotganlar kuyov tomonidan qo’yilayotgan qat’iy talablar bilan hisoblashishga majbur bo’lmoqdalar. Kelinning sepida keladigan mebellar o’zimiznikimas, chet elniki, kuyov atalmishning bosh-oyoq sarposi xorijniki bo’lishi shart, aks holda... Hatto, hali tuzukroq tanishib ulgurmagan “quda” bo’lmishning “pastkash”ligiyu “qurumsoq”ligi etti mahallaga doston bo’ladi, qo’yadi. Axir er tomonning or-nomusi kuchliroq bo’lishi kerak emasmi? Kelin tomondan sandiqsifat qutilarda kelgan, yilning to’rt fasliga mos kiyimlaru mebellar ustiga o’tirvolib, “Men shu uyning erkagiman” deyishdan qachon uyalamiz?!”
Darhaqiqat, bu kabi achchiq, ammo ochiq gaplar har birimizni chuqur mushohadaga chorlaydi. Ko’plab odamlarni qiynab kelayotgan mazkur ijtimoiy muammoni uzil-kesil hal qilish vaqti keldiki, bunda keng jamoatchilik, ayniqsa, ayollar faol ishtirok etishi maqsadga muvofiq.
— Prezidentimizning “Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmonida O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasining oilagacha kirib boradigan uzluksiz tuzilmasi yaratilgani, ya’ni mahallalarda xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo’yicha mutaxassis lavozimi joriy etilganining zamirida ham ana shu ezgu maqsad yotibdi, — deydi mazkur qo’mita raisi o’rinbosari Gulnora Marufova. — Zero, aksariyat hollarda ortiqcha sarf-xarajatlar hamda dabdabali to’ylarning sababchilari ayollar ekanligini yaxshi bilamiz. Ayni paytda bu borada tizimli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Joylarda aholi o’rtasida keng tushuntirish ishlari olib borilayapti, turli mavzularda ochiq suhbatlar o’tkazilayotir. Qiz tomonga majburiyat yuklash oriyati baland xalqimizga to’g’ri kelmaydi. Shundoq ham guldek nozik qizini o’zga oila ixtiyoriga berayotgan ota-onalarga oson emas.
Chindan ham shunday. Bugun ko’plab oilalarda kamol topayotgan qizlarning ertangi kuni, yorug’ istiqboli haqida davlatimiz qayg’urayotgan bir paytda nega biz chekkada jimmiz?! Nega millatimiz taraqqiyotiga tushov bo’layotgan illatlar ortidan ergashayapmiz?! Albatta, bunga javob topish uchun har birimizda etarlicha fursat bor.
Darvoqe, ertaga 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni. Mehribon onalar, dilbar opa-singillar bayrami. Shu sanada Prezidentimizning joriy yil 2 fevraldagi Farmoniga muvofiq, Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini o’n to’rt yoshga to’lgan va o’ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridan ikki nafardan talabgorga berish belgilangani qizlarga ko’rsatilayotgan yana bir g’amxo’rlik namunasidir. Qolaversa, unda yosh chegarasining uzaytirilgani turli sohalarda yutuqlarga erishgan qizlarimiz uchun yanada keng imkoniyatlar eshigini ochadi.
Ziyoda ASHUROVA,
«Xalq so’zi» muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?