Qishloqda nega daraxtlar kamayib ketyapti? Chunki...

13:10 31 Yanvar 2019 Jamiyat
976 0

Tadbirdan lavha.

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahmadali Shernazarov/Guliston. Quyi palata deputatlarining Guliston tumanidagi Sohilobod mahallasida boʻlib oʻtgan navbatdagi muloqoti odatdagidan boshqacha kechdi.

Gap shundaki, uchrashuv majlislar zali yoki biror-bir binoda emas, balki mahallaning markaziy koʻchasi chetidagi maydonchada oʻtkazildi. Aytish mumkinki, mahalla ahlini qiynayotgan masalalar hamda ularning taklif-mulohazalarini oʻrganishning bunday norasmiy shakli oʻz samarasini berdi. Yaʼni u ishtirokchilar uchun yanada qulaylik yaratib, ochiqlik va shaffoflik muhitida oʻtdi.

Sohilobodliklar, avvalo, mahallada ichimlik suvi borasida mavjud muammoni oʻrtaga tashladilar. Maʼlum boʻlishicha, hududni ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha belgilangan loyiha muddatida amalga oshirilmagan. Ularning aytishicha, bajarilgan ishlar ham talabga javob bermaydi. Bunga birgina tortilgan quvurlarning bir nechta joyidan suv sizib chiqayotgani yaqqol dalildir. Deputatlar ushbu masalani mutasaddi tashkilotlar bilan chuqur oʻrgangan holda uning yechimi boʻyicha zarur choralar koʻrilishini bildirishdi.

Shu mahallada yashovchi Yusuf Qoʻshiyevning aytishicha, qishloqda yoʻlkalar yoʻqligi tufayli maktab oʻquvchilari avtomobil yoʻli yoqalab yurishga majbur boʻlishmoqda. Sohilobodlik Amirqul Begmatov esa xonadonlarni isitish uchun oʻtindan foydalanish oqibatida qishloqda daraxtlar kamayib ketayotganligini kuyinib gapirdi.

Muloqotda eng koʻp tilga olingan mavzu esa tibbiy xizmat borasidagi kamchiliklar boʻldi. Yana 640 oʻrinli maktabda amalda 840 nafardan ziyod bolalar oʻqiyotgani hamda oʻquvchilar soni yiliga qariyb 60 nafargacha ortib borayotgani inobatga olinsa, mahalla uchun qoʻshimcha maktab binosiga ehtiyoj nechogʻli yuqori darajada ekanligi ham aytildi.

Mazkur tumanning Uyuvli qishlogʻidagi aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarda mahalliy korxonalarda ishlab chiqarilayotgan unning sifatini oshirish masalasi koʻtarildi. Shu bilan birga, aholining mahallaga avtobus qatnovini qoʻyish, gaz taʼminoti, tibbiy xizmatni yaxshilash, yoʻllarni tartibga keltirish boʻyicha talablari eshitildi.

— Muloqotlar chogʻida qonunlarimiz mazmun-mohiyati boʻyicha tushuntirish ishlarini ham olib boryapmiz, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati B. Artikov. — Ayni chogʻda aholi taklif-mulohazalaridan kelib chiqqan holda, baʼzi qonunlarimizga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha ham fikrlar olinmoqda.

Deputatlar ishtirokida Guliston shahrida ham muloqotlar oʻtkazildi. Uchrashuvlar chogʻida viloyat markazidagi “Bolalar shaharchasi” tarbiyalanuvchilari uchun yopiq turdagi sport inshooti zarurligi yuzasidan koʻtarilgan masala Xalq taʼlimi vazirligi hamda boshqa mutasaddi idoralar eʼtiboriga havola qilinadigan boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?