Qishloqda ekologik toza LED lampalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi

09:45 16 Oktyabr 2019 Jamiyat
253 0

Qibray tumanining Yonariq qishlogʻida energiya tejamkor lampalar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Miss Lighting” Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi faoliyatini boshladi.

— Yigirma yillik biznes faoliyatimiz davomida yoritish uskunalari savdosi bilan shugʻullanganmiz, — deydi “Miss Lighting” Oʻzbekiston — Xitoy qoʻshma korxonasi rahbari Umida Rahmonova. — Davlatimiz rahbarining elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga qaratayotgani eʼtibori, ayniqsa, tadbirkor ayollarning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani import oʻrnini bosuvchi LED lampalar va qandillar yigʻish, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishimizga katta turtki boʻldi.

“Miss Lighting” korxonasining birinchi bosqichi doirasida 18 turdagi lampalar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Ular nafaqat energiya tejamkorligi, balki ekologik jihatdan tozaligi va uzoq muddat xizmat qilishi bilan turdoshlaridan ajralib turadi. Shu bois korxona rahbariyati xorijiy investitsiya jalb qilib, faoliyatini muntazam ravishda kengaytirish niyatida.

— Ushbu korxonaga texnik va texnologik uskunalar bizning kompaniyamiz tomonidan taqdim etildi, — deydi Xitoyning “Zhongshan Yuexiang Lighting Texnology” kompaniyasi vakili Si Shang. — Shuningdek, xom ashyo va ehtiyot qismlar ham yetkazib beryapmiz. Ammo bu bilan chegaralanib qolmoqchi emasmiz. Yurtingizda chet ellik investorlar uchun berilayotgan yengilliklar hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga undamoqda. Yaʼni biz 2020-yilda 500 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritmoqchimiz.

Jalb etiladigan ichki va chet el investitsiyalari mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirishga yoʻnaltirilishi rejalashtirilmoqda.

Said RAHMONOV
(“Xalq soʻzi”).

Hasan PAYDOYEV olgan suratlar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?