Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda qanday muammolar bor? Bu boʻyicha Bosh vazir oʻrinbosariga parlament soʻrovi yuborildi

18:34 29 Oktyabr 2020 Siyosat
220 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilingani sohani tubdan isloh qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Binobarin, Strategiyada belgilab berilgan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi natijasida yangidan-yangi xoʻjalik yurituvchi subyektlar ishga tushirildi. Xoʻjalik yuritishning zamonaviy uslublari va ilgʻor shakllari, jumladan, turli ixtisoslashuvdagi klasterlar, qishloq xoʻjaligi birlashmalari (kooperatsiya) tashkil etildi. Shu bilan birga, hududlarda jami 51,9 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi.

Majlisda deputatlar hududlarda olib borgan oʻrganishlari davomida Strategiyada belgilangan qator tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali roʻyobga chiqarish uchun xalaqit berayotgan qator masalalar mavjudligini qayd etishdi. Jumladan, yerlarni oʻzlashtirishda davlat-xususiy sherikchilik tamoyillari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan, sohaga xususiy investitsiya kiritish masalasiga oid muammolar toʻliq oʻz yechimini topmagan. Paxta xom-ashyosini yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari bilan paxta-toʻqimachilik klasterlari oʻrtasida shartnomaviy munosabatlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan.

Parlament aʼzolari bu boradagi tahlillarga ham eʼtibor qaratishdi. Unga koʻra, boshoqli don yetishtirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilishiga qaramasdan, respublika boʻyicha jami 2 229 ta fermer xoʻjaligida davlatga don sotish shartnomaviy rejasi bajarilmagan. Shuningdek, Andijonda 7,5 ming, Buxoroda 2,5 ming, Jizzaxda 
8,1 ming, Qashqadaryoda 26 ming, Sirdaryoda 36,8 ming, Fargʻonada 15,2 ming gektar maydonlarga belgilangan takroriy ekinlar ekilmagan. Ayniqsa, moyli ekinlar uchun takroriy maydonlar kam ajratilgani oʻsimlik yogʻi narxi barqarorligiga salbiy taʼsir qilmoqda. Natijada joriy yilning oktyabr oyida bozorlarda oʻsimlik yogʻi narxining sezilarli darajada koʻtarilishi kuzatildi.

Deputatlar oziq-ovqat xavfsizligining muhim boʻgʻini hisoblangan urugʻchilik sohasidagi ishlar, shuningdek, sabzavotchilik, polizchilik, mevachilik sohalarida mexanizatsiyalash darajasini oshirish, ayniqsa, paxtani mexanizatsiyalash usulida terib olish koʻlamini kengaytirish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlar lozim darajada tashkil etilmaganini qayd etishdi. Bu kabi masalalar yechimining asosiy kafolati boʻlgan ilmiy-tadqiqot ishlari ham talab darajasida emas. Ilmiy-tadqiqot ishlari asosan paxta va gʻallani yetishtirishga qaratilib, meva-sabzavot ekinlari seleksiyasi, urugʻchiligini rivojlantirish imkoniyatidan toʻliq foydalanilmayapti.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Shuhrat Gʻaniyevga “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida belgilangan ustuvor yoʻnalishlarni amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida” Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?