Qishloq xoʻjaligi vaziriga yangi oʻrinbosarlar tayinlandi

11:09 16 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
480 0

Joriy yilning 15-sentyabr kuni Qishloq xoʻjaligi vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Nizomiddinov raisligida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda tashkiliy masala koʻrildi.

Sohaga doir vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralari rahbarlari ishtirok etgan yigʻilishda Prezident Sh.Mirziyoyevning qishloq xoʻjaligi sohasidagi berilgan topshiriqlari ijrosining borishi tahliliy muhokama qilindi.

Yigʻilishda soʻzga chiqqan Z.Nizomiddinov ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, yer va suv munosabatlarini takomillashtirish, sohaga bozor mexanizmlarini, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanish hamda kadrlar salohiyatini yana-da oshirish muhimligini qayd etdi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev “Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi”da belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun oziq-ovqat xavfsizligi va yer munosabatlari sohalarida boshqaruv tizimini takomillashtirish, yangi ilmiy va innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish kabi ishlarni tizimli tashkil etish muhimligini taʼkidladi. Bu borada Vazirlik oldida katta vazifalarni amalga oshirish zarurligi bildirdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 7-sentyabrdagi “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda 9-sentyabrdagi “Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan toʻlaqonli taʼminlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda Qishloq xoʻjaligi vazirligiga yangi vazifalar yuklatildi.

Yigʻilishda tashkiliy masala koʻrildi.

Roʻzmetov Maksud Ismailovich Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirining Yerlardan samarali foydalanish masalalari boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandi.

M.Roʻzmetovga yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini amalga oshirish, qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish, qishloq xoʻjaligi yerlarini monitoring qilish, tuproq bonitirovkasini oʻtkazish, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning meʼyoriy qiymatini aniqlash, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid tadqiqotlarni amalga oshirish, organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyotini (Global G.A.P.) keng joriy etish vazifalari topshirildi.

Xodjayev Saidkamol Saidkarimovich Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirining oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari - Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi.

S.Xodjayevga oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi korxonalar bilan qayta ishlovchi, tayyorlovchi va realizatsiya qiluvchi korxonalar oʻrtasida oʻzaro manfaatli munosabatlar uchun sharoitlar yaratish, oziq-ovqat sanoatining rivojlanishiga xususiy va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oqimini jadallashtirish, zamonaviy savdo va logistika markazlarini tashkil etish kabi vazifalar topshirildi.

Mirzayev Shuhrat Shaxabutdinovich Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirining Moliyaviy va iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandi.

Sh.Mirzayevga qishloq xoʻjaligida moliyaviy munosabatlar (kreditlash, lizing, subsidiyalash va dotatsiya berish) tizimini sohaning oʻziga xos hususiyatlarini hisobga olgan holda yana-da rivojlantirish, sohada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirish, agrobiznesning klaster modelini keng joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish kabi vazifalar topshirildi.

Sulaymonov Botirjon Abdushukurovich Vazirning fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlash boʻyicha oʻrinbosari - Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat taʼminoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori etib tayinlandi.

B.Sulaymonovga qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar tizimi strategiyasini amalga oshirish, ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari oʻrtasida integratsiyani taʼminlash, respublikada agroxizmatlar va qishloq xoʻjaligida axborot-maslahat markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyishga koʻmaklashish, sohaga yangi ilmiy va innovatsion yutuqlarni, raqamli texnologiyalarni joriy etish kabi vazifalar topshirildi.

Yigʻilishda sohaga doir boshqa tayinlovlar ham amalga oshirildi.

Kun tartibidagi masalalar boʻyicha mutasaddi rahbarlarning fikrlari tinglandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?