Qishloq xoʻjaligi texnikalaridan qay darajada foydalanyapmiz?

11:43 19 Fevral 2020 Iqtisodiyot
529 0

Ayni paytda Oʻzbekistonda 77 ming 554 ta fermer xoʻjaligi mavjud boʻlib, ularning oʻrtacha yer maydoni 48,1 gektarni tashkil etadi. Ushbu ekin maydonlariga 261 600 ta texnika orqali xizmat koʻrsatiladi.

Qayd etish joizki, soʻnggi paytlarda yurtimizda mazkur tizimni texnika va mashina-mexanizmlar bilan taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilyapti. 2018-yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga 33 700dan ortiq texnikalar yetkazib berilgani, ularning tannarxi 20 foizgacha pasaytirilgani fikrimiz tasdigʻidir. Shuningdek, fermer va dehqon xoʻjaliklariga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratilib, subsidiyalar berilayotgani, texnikalarni taʼmirlash maqsadida ustaxonaga yetkazish uchun ketgan yoʻl xarajati 80 foizgacha davlat tomonidan qoplanayotgani diqqatga sazovor. Aytib oʻtganimizdek, respublikamizda keyingi ikki yilda agrar soha xoʻjaliklarida xalqaro standartlarga javob beruvchi zamonaviy texnikalar bilan taʼminlanganlik darajasi oshdi. Lekin,shu bilan birga, texnikalarning ishlash muddatlari tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, 10 yildan ziyod xizmat qilgan texnikalar 65,4 foizni tashkil etayotgan boʻlsa, 44100 dona yoki 16,9 foiz qishloq xoʻjalik texnikalari butunlay eskirgan. Shu bois fermer va dehqon xoʻjaliklarini sifatli, zamonaviy, arzon, ishonchli, agrotexnik va ekspluatatsion koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan texnikalar bilan taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda.

Bu ishlar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan ekan, xoʻjaliklarga yetkazilgan qishloq xoʻjaligi texnikalaridan samarali,resurslaridan esa toʻliq foydalanish uchun oʻz vaqtida texnik xizmat koʻrsatish, nosozliklarni bartaraf qilish, taʼmirlash, diagnostikalash va toʻgʻri saqlash kabi texnik jarayonlar qoidalariga toʻliq rioya qilish talab etiladi. Binobarin, fermer, dehqon va suv xoʻjaliklarida foydalaniladigan texnikalarning texnik va ishonchlilik koʻrsatkichlari (buzilmasdan ishlashi, puxtaligi, taʼmirbopligi, saqlanuvchanligi) yuqori boʻlishi texnik xizmat koʻrsatishga, yaʼni taʼmirlash, saqlash hamda diagnostikalashga moslanganligi yuqori boʻlishiga bogʻliq. Shundan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, qishloq xoʻjaligini zamonaviy va energiya tejamkor, foydalanish, ishlatish, taʼmirlash, saqlash hamda diagnostika qilishga moslashgan “aqlli” texnikalar bilan taʼminlashda bir qator tizimli muammolar mavjud.Xususan, joylardagi mashina-traktor parklari, ustaxonalar hamda texnik xizmat koʻrsatish maskanlarining moddiy-texnika bazasini yangilash zarur. Qishloq xoʻjaligi texnikalari parkining 65 foizi maʼnan va jismonan eskirganligi bois yangilashga, taʼmirlashga muhtoj. Shuningdek, ¬ishlab chiqaruvchi korxonalardagi asbob-uskuna va moslamalar eskirgan.

Keyingi yillarda respublikamizda ijtimoiy-iqtisodiy, oʻzgarish va bunyodkorliklardan qishloq xoʻjaligi ham bebahra qolayotgani yoʻq. Ushbu yoʻnalishda koʻplab davlat hujjatlari qabul qilinib, ijrosiga jiddiy kirishilmoqda. Jumladan, 2030-yilgacha moʻljallangan strategiya doirasidagi “Yoʻl xaritasi”da tavsiya etilganidek, texnikalarni takomillashtirish, xoʻjaliklarda,tuman, viloyatlarda qishloq xoʻjaligi texnikalariga xizmat koʻrsatuvchi ustaxonalar, saqlash uchun maydonlar va boshqa markazlarni ¬yaratish boʻyicha katta hajmli ishlar rejalashtirilgan hamda istiqbolli ishlanmalar yaratilmoqda.

Bundan tashqari, davlatimiz ¬rahbarining 2018-yil 18-yanvardagi farmoyishida, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-iyuldagi qarorida qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, xoʻjaliklarni texnikalar bilan taʼminlash, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, texnikalarni taʼmirlash, detal va agregatlar resursidan toʻliq foydalanish, saqlash, diagnostika qilish jarayonlarida sarf boʻlayotgan xarajatlarni, yonilgʻi-moylash mahsulotlarini tejash kabi muammolarni shaffoflik bilan oʻrganish, tahlil qilish kabi vazifalar belgilab berildi. Texnik xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil qilish, texnikalardan foydalanish, taʼmirlash, saqlash va diagnostikalash boʻyicha zamonaviy avtoustaxonalar yaratish yuzasidan tavsiyalar hamda “Yoʻl xaritalari” ishlab chiqildi. Bu borada respublika, viloyat va tumanlarda doimiy faoliyat yurituvchi komissiya hamda guruhlar tuzildi. Pirovardida shu narsa maʼlum boʻldiki, 2018-yilda fermer xoʻjaliklari va paxta-toʻqimachilik klasterlariga 33,7 mingdan ortiq qishloq xoʻjaligi, meliorativ texnikalar yetkazib berilgan. Bu oldingi yildagiga nisbatan 1,5 barobar koʻp va respublikamiz boʻyicha 12 foizdan ortiq texnikalar yangilandi, degani. Shu bilan birga, mavjud texnikalardan unumli foydalanilmayotgan yoki buning imkoni boʻlmagan holatlar ham yoʻq emas. Masalan, Qashqadaryo viloyatining Koson, Nishon, Yakkabogʻ va Kasbi tumanlaridagi jami 149 ta texnikaning 5 tasi nosoz, 3 tasi yaroqsizligi ayon boʻldi. 39 ta ekskavatorning ham 31 tasi ishlayapti, xolos. Taʼmirtalab texnikalarni ishga yaroqli qilish uchun taʼmirlash ustaxonalari kerak. Namangan, Andijon, Fargʻona va boshqa viloyatlardagi mashina-traktor parklari hamda davlat unitar korxonalari ham xuddi shunday ustaxonalarga ehtiyoj sezmoqda.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Gap shundaki, keyingi yillarda soha vakillari koʻplab qishloq xoʻjaligi texnikalari, traktorlar, melioratsiya mashinalari va suv nasoslari bilan taʼminlanyapti. Biroq ularning konstruksiyasi murakkab, yaʼni transmissiyani harakatga keltiruvchi gidrotizim, boshqarish gidrokuchaytirgichlari, turli datchiklardan tashkil topgan elektron oʻlchov asboblari va boshqa elementlar mavjud. Mexanizatorlar uchun yangilik boʻlgan bunday murakkablik maʼlum darajada texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash va saqlashga qoʻyish texnologik ishlari hajmi koʻpayishiga olib kelmoqda.

Yurtimiz qishloq xoʻjaligi uchun 70 dan ortiq korxonalariga ega “Oʻzagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyati asosiy texnika va mexanizmlar yetkazib beruvchi hisoblanadi. Yaʼni zarur mashina, agregat va mexanizmlarning 80 turdan ortigʻi shu yerda tayyorlanadi.Shunday ekan, jamiyatdajahon andozalariga mos konstruksiyalar ishlab chiqilishi maqsadga muvofiqdir. Bunda mashinalarning ishonchlilik va texnik koʻrsatkichlarini modernizatsiyalash, agrotexnik parametr va koʻrsatkichlarini takomillashtirish, agrotexnik parametrlarini datchik va kombinatsiyalashgan tizim yordamida nazorat (monitoring) qilish mumkin boʻlgan mashinalar yaratish yana-da yaxshi. Bu — zamon talabi.

Texnikalar dala sharoitida nosozliklarni bartaraf qilishga, taʼmirlash paytidagi texnologik jarayonlarga, saqlashga qoʻyish, olish va saqlash paytida texnik xizmat koʻrsatishga, diagnostika qilishga moslashgan boʻlishi kerak. Shuningdek, mashina va mexanizmlarning ishonchlilik koʻrsatkichlari ham yaxshilanishi zarur.

Maʼlumotlarga koʻra, 2030-yilga borib respublikamiz dehqonlari uchun bir yilda 32 700 donadan ortiq mashinalar ishlab chiqariladi. Bundan koʻrinadiki, texnik xizmat koʻrsatish, taʼmirlash, saqlash ishlari hajmi ham keskin oshadi. Ammo bizda ixtisoslashtirilgan texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlash bazalari, ustaxonalar, sexlar, boʻlimlar, saqlash uchun maydon yoki ¬bostirmalar, yonilgʻi-moylash boʻlimlari va koʻchma avtoustaxonalar deyarli yoʻq. Borlari ham boshqa ishlarga moslashtirilgan. Mashinalarga texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlovchi “Rejali-ogohlantiruvchi” kompleks ¬boshqaruv tizimi buzilgan.

Demoqchi boʻlganimiz, texnikalardan samarali foydalanishni koʻzlayotgan ekanmiz, bu kabi masalalar hal etilishiga ham eʼtibor qaratishimiz zarur. Respublikamiz qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga moʻljallangan strategiyasida agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish yuzasidan koʻplab vazifalar belgilangani bu yumushlar davlat siyosati darajasiga koʻtarilayotganidan dalolatdir. Texnikalardan ¬samarali va oqilona foydalanish esa agrar soha madaniyatini oshirishga ham munosib hissa qoʻshadi.

Shukurullo YOʻLDOSHEV,

Oʻzbekiston Respublikasida

xizmat koʻrsatgan fan arbobi,

akademik,

TIQXMMI professori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?