Qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

09:29 07 Oktyabr 2020 Iqtisodiyot
251 0

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi investitsion hamkorlik va oʻzaro savdo munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida mamlakatimizning Dehli shahridagi Elchixonasi tomonidan Hindistonning Kalkutta shahrida joylashgan “MLD Group” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Manish Dalmiya bilan videokonferensiya formatida muloqot oʻtkazildi.

“MLD Group” Hindistonning Gʻarbiy Bengaliya shtatidagi yetakchi kompaniyalardan biri boʻlib, asosan choy yetishtirish, qadoqlash, koʻchmas mulk yoʻnalishlarida oʻz faoliyatini olib boradi.

Qayd etish lozimki, M.Dalmiya boshchiligidagi kompaniya vakillari 2018-2019-yillar davomida Oʻzbekistonda tashriflar bilan boʻlib, Toshkent shahri, Andijon va Xorazm viloyatlarining iqtisodiy salohiyati bilan tanishgan, mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikning muhim yoʻnalishlari boʻyicha birlamchi kelishuvlarga erishgan.

Suhbat davomida M.Dalmiya oʻzbekistonlik hamkorlar bilan qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish niyatini bildirdi va dastlabki bosqichda mahsulotlarni qadoqlash yoʻnalishida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishni taklif qildi. Bu borada “MLD Group”ning Oʻzbekistondagi hamkorlari bilan marketing tadqiqotlari oʻtkazishga kelishildi.

Bundan tashqari, hind kompaniyasi orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, xususan, quruq mevalar va choy mahsulotlari savdosini kengaytirish uchun yetarli imkoniyatlar mavjud. Qolaversa, Gʻarbiy Bengaliyaning baliqchilik va sholichilik yoʻnalishlaridagi oʻziga xos salohiyatini nazarda tutgan holda ushbu yoʻnalishlarda ham hamkorlik oʻrnatish, ilgʻor tajriba almashish imkoniyatlari oʻrganib chiqiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?