Ijodkor ayol Covid-19ga qarshi kurashga bagʻishlab kashta tikdi

14:57 21 Iyun 2020 Madaniyat
228 0

Samarqandlik ijodkor ayol uch oy davomida igna bilan yaratgan asari- xalq amaliy sanʼati namunasi boʻlgan kashtasini “Gʻalaba muborak boʻlsin!” deb nomladi.

Bunda albatta, ramziy maʼnolar koʻp. Birinchidan, ijodkor karantin davrida oʻzining amaliy sanʼatda nimaga qodir ekanligini bildi. Maqsadini yuzaga chiqarish yoʻlida tinmay ter toʻkdi. Sabr-toqatini sinadi. Mayda-chuyda tashvishlar, ikir-chikirlardan ustun turdi. Ikkinchidan, xalqimiz boshiga tushgan pandemiya, turli tabiiy ofatlar sinovidan oʻtish jarayonidagi talablarga toʻliq rioya etdi. His-tuygʻulari, yurak daʼvatiga quloq tutib, qalamini chevarlik ignasiga almashtirdi. Natijada koʻngilga taskin va zavq-shavq beruvchi shodlikka erishdi.

Muhimi, ijodkor sifatida xalq va jamiyat uchun befarq emasligi, davr shamollari uning yuragida ham esayotganini his etib, atrof-muhit voqealariga daxldorlik burchi bilan yashadi. Oila aʼzolarini oʻz atrofiga jipslashtirdi, mehnat orqali farzandlari, mahalla kuyga ibrat namunasini koʻrsatdi. Karantindan toliqqan odamlar koʻrsa koʻzi quvonadigan, tahlikali davrlardan esdalik boʻlib qoladigan, hayotiy solnoma yaratildi.

Shuning oʻzi inson uchun ulkan gʻalaba emasmi?

Samarqandlik ijodkor, oʻziga xos sheʼr va dostonlari ,“Darvesh ayol”, “Jannat qushi” kabi romanlari, “Mening Toj-mahalim” badiiy publitsistik asari bilan sizga yaxshi tanish boʻlgan Oygul Mamatova xalqaro “Oltin meros” jamgʻarmasining Oqdaryo tuman boʻlimi rahbari. Uning oʻtgan uch oy davomida tikan kashtasini oʻziga xos sanʼat asari deyish mumkin. Mehr va muhabbat, hamjihatlik, sabr-toqat va qadimiy anʼanalarimiz ramzi boʻlgan-kashta katta kompozitsion gʻoyaviy yechimga ega.

Kashtaning hoshiyalarida 2020-yilning 2-3 oyi davomida yurtimizda kuzatilgan koronavirus pandemiyasi va tabiiy ofatlarga qarshi xalqimiz olib borayotgan hamjihatlik kurashlari jarayoni, bugunning qahramonlari, Prezidentimizning «Xalqimizning olijanob fazilatlari bugun yana-da kuchliroq joʻsh urmoqda» - degan daʼvatlari matoda ipak bilan aks ettirilgan.

Igna bilan yaratilgan asarda tinchlik va hamjihatlik, turli ofatlarga qarshi kurashda xalqimiz ahilligi yorqin ranglarda tikilgan quyoshgullar ramzida koʻrsatilgan. Ular ichiga poytaxt Toshkent, Qoraqalpogʻiston Respublikasi barcha viloyatlarning nomi yozib qoʻyilgan.

Xalqimiz boshiga tushgan ofatlarni bartaraf etishda davlat rahbarining matonati, inson omili, ayniqsa, elimizning ogʻir damlardagi oʻzaro mehr-saxovati, sabr-matonati, homiylik xislatlari muhim oʻrin tutayotganligiga ham alohida urgʻu berilgan. Kashtaning markazida “Qalban birgamiz” yozuvini tutib turgan kelajak uchun qaygʻuruvchi munis ona hamda “Uyda qoling!” bitigini koʻrsatayotgan bugunning asl qahramonlari boʻlgan shifokor obrazi aks ettirilgan.

Oddiy boʻlsa-da, katta maqsad va ezgu niyatlar oʻz ifodasini topgan mato ijodkor qoʻli, koʻz nuri ila ajib bir sanʼat namunasiga aylangan. Kashtani yaratishdan bosh maqsad koronavirus degan koʻrinmas balo ustidan xalqimiz erishadigan gʻalaba zavqini tezroq tuyish, shu damlarni tantana qilishdir.

Hikoya qilaversak, bu kashta ham bir hikoyadan kam emas ekan. Yaxshisi, uni oʻzingiz koʻrib, zavqlanib biror xulosaga kelarsiz. Nima boʻlganda ham insonni ezgu maqsadlari, mehnati, eʼtiqodi yuksakka koʻtaradi. Bugungi koronavirusli kunlar — karantin davrida ham xalqimiz har doimgidek, hamjihatlik, sabr-matonat bilan koʻrinmas yovga qarshi mardona kurashib, yuksak maqsadlar sari intilib yashayapti.

Ijodkorlar ham bunday ezgu amallardan chetda turgan emas. Ular umr damlari, hayotning quvonch va tashvishlari, bugunning qahramonlari siymosini faqat sheʼr, hikoya va qiziqarli qissalaridagina emas, siz azizlarga olam-olam zavq bagʻishlovchi barcha sanʼat namunalari orqali ifoda etishga, siz bilan hamnafas yashashga intilishyapti.

Oqdaryoning chekka bir qishlogʻida tikilgan kashta-asar yuksak eʼtirofga molik boʻlmasa-da, karantin “qamali”dan chiqishga bel bogʻlagan yurtdoshlarimizga yaxshi kayfiyat va tetik ruhiyat baxsh etishi, bugungi kunlardan xotira boʻlib qolishiga ishonamiz.

Toshpoʻlat Tugalov,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand
viloyat boʻlimi rahbari, shoir

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?