Qishloq aholisining barcha qatlami kitob bilan qamrab olinadi

23:10 22 Aprel 2019 Jamiyat
557 0

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida respublikamizdagi axborot-kutubxona muassasalarining bugungi holati, mavjud muammolar, sohaga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosi va xalqaro tajribalarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbir “Central Asia – 2019: Fan, taʼlim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro anjumani doirasida tashkil etildi. Unda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbar va mutaxassislari, hamkor davlat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Muloqot davomida qishloq aholisining barcha qatlamlarini kutubxona xizmati bilan qamrab olish, uzoq hududlarda istiqomat qiladigan aholi uchun koʻchma kutubxonalar tashkil etish, hujjatlarni elektron yetkazib berish, axborot-kutubxona resurslaridan masofadan turib foydalanishni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Yakka va guruhli hamda ommaviy kitobxonlikni tizimli ravishda tashkil qilish, foydalanuvchilar oʻrtasida mutolaa madaniyatini oshirish mavzularida maʼruzalar tinglandi. Shuningdek, axborot-kutubxona muassasalari va mutaxassislarining imidjini yaxshilash yuzasidan takliflar bildirildi.

“Oxirgi 2-3 yil ichida aholi oʻrtasida kutubxona ish vaqtini choʻzish boʻyicha murojaatlar koʻpaydi, – dedi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva. – Xorijiy mamlakatlarda 24 soat davomida ishlaydigan kutubxonalar ham bor, odatda u yerda soat 00:00 dan keyin navbatchilar, mutaxassislar qoladi. Chunki ularning ishlari toʻliq elektron shaklga oʻtib boʻlgan. Bizning kutubxonamiz avval Vazirlar Mahkamasiga qarashli edi, 2017 yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga oʻtdi. Rahbariyat bilan birgalikda kutubxona ish vaqtini 23:00 ga qadar uzaytirish koʻrib chiqilayapti. Kechki vaqt ishlaydigan xodimlarga amaldagi qonunchilik boʻyicha ish haqi toʻlash masalasi oʻrganilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi 23:00 ga qadar ishlashi uchun fondni saqlash, xizmat koʻrsatish kabi boʻlimlarda 36 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratilishi talab etilar ekan. Bu masalalar ustida hozir ish olib borilmoqda. Mazkur tajriba samara bersa, boshqa kutubxonalarga ham tatbiq qilinadi”.

Tadbirda 24-26 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida boʻlib oʻtadigan Xalqaro anjumanning ahamiyati haqida toʻxtalib oʻtildi.

“Xalqaro anjuman mohiyati Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning toʻrtinchisiga, yaʼni aholi, ayniqsa, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish gʻoyasiga hamohangdir, – dedi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Kitob savdosi va axborot-kutubxona resurslari boʻlimi rahbari V.Hamidov. – Fan, taʼlim, madaniyat, biznes sohalarida elektron axborot resurslarni qoʻllash va bunda axborot-kutubxona muassasalari, oʻquv yurtlari, arxivlar, muzeylar hamda boshqa tashkilotlarning hamkorligini kengaytirish lozim. Shu nuqtai nazardan, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yoʻllarini izlash bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi”.

Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H.Karimova, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Z.Berdiyeva 400 dan ziyod mutaxassis qatnashadigan ushbu Xalqaro tadbirning tajriba almashish uchun katta maydon boʻlishi, respublika miqyosida soha rivojiga amaliy taʼsir koʻrsatishini eʼtirof etdi.

Matbuot anjumanida AQSH Oregon shtati Portlend shahri kutubxona jamgʻarmasi ijrochi direktori Merris Sumrall, Qozogʻiston Milliy kutubxonasi Nodir kitoblar va qoʻlyozmalar xizmati rahbari Tolkыn Zamzayevalar ishtirok etdi va istiqboldagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?