Qishloq aholisi uchun shaxsiy himoya vositalari topshirildi

22:12 30 Aprel 2020 Jamiyat
381 0

Suv xoʻjaligi vazirligiga Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan, BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan amalga oshirilayotgan “Oʻzbekistonning qishloq joylarida suv resurslarini barqaror boshqarish” dasturining 2-komponenti “Texnik salohiyatni mustahkamlash” loyihasining pilot hududlaridagi mahallalar aholisi uchun shaxsiy himoya vositalarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari Vohid Ahmadjonov, BMT Taraqqiyot Dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi rahbari Eduards Stiprays soʻzga chiqib, jahonda tobora xavfli tus olayotgan COVID-19 pandemiyasi sharoitida Oʻzbekistonda ushbu kasallik keng tarqalib ketishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash hamda bemorlar salomatligini tiklash, karantin tadbirlari samaradorligini oshirish borasida koʻrilayotgan kompleks chora-tadbirlar oʻzining ijobiy samaralarini berayotganligini taʼkidladilar.

Qayd etildiki, “Texnik salohiyatni mustahkamlash” loyihasining pilot hududlari hisoblangan Fargʻona viloyatining Quva tumanidagi Guliston, Toshloq tumanidagi Zarkent, Sirdaryo viloyatining Guliston tumanidagi Soibobod, Samarqand viloyatining Payariq tumanidagi Kupaki, Xorazm viloyatining Yangibozor tumanidagi Qadriyat, Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanidagi Toʻrakoʻl va Surxondaryo viloyatining Talloshkon qishloqlarining jami 31 ming nafardan koʻproq aholisiga yetarli miqdorda tibbiy niqob va antiseptik vositalar, shuningdek, koronavirus kasalligi xavfini kamaytirish, samarali qarshi kurashish va tarqalishining oldini olish boʻyicha xabardorlikni oshirishga qaratilgan plakat va bukletlar yetkazib beriladi. Ular mahalliy davlat hokimiyati idoralari, suv xoʻjaligi tashkilotlari bilan hamkorlikda aholiga tarqatiladi.

Ushbu vositalar aholining qishloq va suv xoʻjaligi, shuningdek, kundalik yumushlarni emin-erkin bajarishlari, pirovardida ekinlardan moʻl va sifatli hosil yetishtirib, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalqimizning farovon hayot kechirishlariga xizmat qiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?