Qish chillasida boradigan joyi yoʻq oilaning uyi majburan buzib tashlandi

09:12 30 Yanvar 2019 Jamiyat
2202 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Ahad Muhammadiyev/Qashqadaryo. Qarshida yangi uylar qurilishi munosabati bilan “snos”ga tushgan eski uylar buzib tashlanmoqda. Unda yashayotgan oilalarga buziladigan uyining puli toʻlanib yoki xonadon sohiblari yangi uylarga koʻchirilib, keyin buzish amaliyoti bajarilishi kerak, aslida. Harqalay, oʻtda yonmas, suvda choʻkmas, nomi quloqqa vahima bilan eshitiladigan “Qonun” atalmish qogʻozlarda shunday yozilgan... Ammo faqat qogʻozdagina shunday shekilli xolos bu gap.

Yoʻqsa, Qarshi shahridagi Qarliqxona mahallasida yashaydigan fuqaro Gʻayrat Qudratovning xonadonini buzishdan avval mutasaddilar doʻppilarini boshdan olib, qilajak ishlarining oqibatini bir dam oʻylab koʻrmasmidilar?! Agar shunday boʻlganida, hozir biz hikoya qilib bermoqchi boʻlgan voqeada qonun hujjatlariga mutlaqo ters kelguvchi qarorlar chiqarilib, qishning sinoptiklar kuchli qahratonni vaʼda qilgan pallasi endi boshlanay deganda, eski uyni buzish bahonasida bir oila koʻchaga quvilarmidi?!

Insonparvarlikning bunday “yangi usuli” esa, tabiiyki, uy egasining noroziligini keltirib chiqardi.

Gʻ. Qudratovning “Xalq soʻzi” tahririyatiga yoʻllagan shikoyat xatida uyni baholashdagi adolatsizliklar, quruvchi tomonidan uy arzonga baholanib, oilasini chiqarib yuborish uchun bosim oʻtkazilayotgani, hali puli toʻlanmagan uyi esa sud qarori asosida buzib tashlanayotgani, qishning ayni sovuq kunlarida oilasi, bolalari bilan gaz va elektr taʼminotidan ajratilib, buzilgan uyda tang ahvolda qolayotgani haqida bayon etilgan.

Ushbu ariza asosida olib borilgan surishtiruv ishlari davomida haqiqatan ham uyi buzilayotgan oilaga nisbatan inson haq-huquqini poymol etadigan harakatlar sodir etilganligi, bu borada ijtimoiy adolat mezonlari buzilganligi maʼlum boʻldi.

Qarliqxona mahallasida oʻnlab eski uylar oʻrnida koʻp qavatli yangi binolarning qurilishi munosabati bilan Mahmud Qoshgʻariy koʻchasidagi Gʻayrat Qudratovga tegishli boʻlgan 33-uy ham buzilishga tushgan edi. Dastlab quruvchi — Qarshi shahridagi “Ixtisoslashtirilgan neftgaz taʼmirlash” MCHJ tomoni vakillari xonadon egasi Gʻ. Qudratovdan baholash qiymatidagi pulni olib, uyni boʻshatib berishni soʻrashadi. Qizigʻi shundaki, uning uch xona va bir dahlizli yashash uyi, oshxona, ayvon, hammom, hojatxona, hovuzi bor, bogʻdevor hamda darvozali 2 sotix maydonni egallagan turarjoyi Toshkentdagi “Estimate group” MCHJ tomonidan… 27 million 906 ming 772 soʻmga baholanadi. Tabiiyki, bunday arzon bahodan norozi boʻlgan uy egasi turarjoyi bahosini Qarshi shahridagi “Kelajak kapital invest konsalting” MCHJga qaytadan hisoblatib, jami 100 million boʻlishini aniqlaydi va shu summani talab qiladi. Afsuski, ushbu baholash hujjatlari quruvchi tomonidan qabul qilinmaydi hamda faqat birinchi baholash qiymatidagi pulni berishlarini aytishadi.

— Shu paytgacha koʻp joyga murojaat qildim, — deydi Gʻayrat Qudratov. — Shahar hokimligiga, prokuraturaga, Prezident qabulxonasiga (darvoqe, bundan ikki yil muqaddam hammayoqni shov-shuvga toʻldirgan bu tashkilotning ham faoliyatidan soʻnggi paytlarda fuqarolar mutlaqo rozi emas — taʼkid bizniki), Ombudsmanga, Oliy sudga… Lekin muammo hal boʻlmayapti. Oliy suddan bir yarim oydan buyon javob kelmadi. Shahar hokimligi “Ertaga hal qilamiz,” deganiga ham bir hafta boʻldi. Prokuraturaga 5 marta yozib berganman. “Bir oy ichida tekshirib, natijasini xabar qilamiz”, deyishgandi. Mana, uch oy oʻtayapti hamki, hali ishni varaqlab ham koʻrishmagandir... “Ikki oydan buyon uy-joyimiz buzilgan, buzmanglar”, deb bir marta ikki ogʻiz qattiqroq gapiruvdik, militsiya odamlari meni olib ketib qamab qoʻyishdi. Bolalarni mashinaga qamab turib, uyimizni majburan buzishdi. Hovlini tekislagunicha ikki soat militsiyaxonada yotdim.

“Nega qarshilik koʻrsatyapsiz, bu ijroga berilgan, buzamiz, qishmi, yomgʻirmi bizni qiziqtirmaydi”, deyishdi. “Pulini uyni buzgandan keyin beramiz”, deyishdi, lekin uy buzilganidan keyin bir tiyin ham bergani yoʻq. Mana, sovuq zabtiga olgan bir paytda ham bir xonaga hammamiz tiqilib oʻtiribmiz. Yomgʻir yogʻsa, tepasidan chakka emas, xuddi sharshara oqayotgandek...

— Gʻayrat Qudratov egaligidagi uyni oʻsha paytdagi bozor narxida 100 million soʻmga baholaganmiz, — deydi “Kelajak kapital invest konsalting” MCHJ rahbari Feruz Uzoqov. — Biz eng past hisobda baholab berdik. Bu uyning haqiqiy bahosi shu kecha-kunduzda yuz milliondan anchagina oshadi.

— Uyimiz aslida uch, ammo kattagina koridori bilan 4 xonali edi, — deydi Gʻayrat Qudratovning turmush oʻrtogʻi Maqsuda Nazarova. — Noyabr oyida men mahalladan paxtaga chiqqanimda majburiy ijrodan odam kelib, hovli devorlarimizni kataklar bilan birga buzib tashlatibdi. “Baholatib kelinglar, kvartira puli bilan qoʻshib toʻlaymiz”, deyishdi. Baholatgan edik, “Bu notoʻgʻri”, deb, qabul qilishmadi. Hozir qish chillasida buzilgan uyimizning muzdek bir xonasida yashayapmiz, svet yoʻq, gaz yoʻq, qoʻshnilarnikida choy, ovqat qilamiz. Uy buziladigan boʻlsa, boradigan joyimiz ham yoʻq.

— Bularning boradigan joyi yoʻq. Koʻpchilik boʻlib kelishib, Gʻayrat qoʻshnimizni qoʻl qoʻyishga majburlayotgan ekan. “Avval pulini bersin”, deb koʻnmaganidan keyin militsiyaga olib ketishdi, bolalarini ushlab turishib, uyni buzishdi. Hatto xotinini ustiga devorni yiqitib yuborishdi. Tashqaridan koʻrgan odamga bosqinchilikdek tuyularkan bu, — suhbatga qoʻshilishdi qoʻshnilar.

Eng achinarlisi, bu ishlarning boshida Qarshi shahar hokimligi, sud idorasida ishlaydigan, vazifasi qonunni buzish emas, uni himoya qilishi shart boʻlgan “qonun posbonlari” turganiga nima deysiz?! Yaʼni Qarshi shahar hokimligi Gʻ. Qudratovning oilasini “uy-joydan majburiy tartibda chiqarish va uy-joyini buzish haqida” sudga daʼvo arizasi kiritib, sudning hal qiluv qarori asosida oilani koʻchaga haydagan. Bunga qarshilik qilgan uy egasi esa militsiya punktiga olib ketilgan. Bolalar uydan majburan chiqarilib, koʻchada ushlab turilgan.

Ayni paytda esa bu oila buzilgan uyning hali butun turgan bir xonasida amal-taqal qilib yashashga majbur boʻlmoqda... Ana sizga adolat, mana sizga inson huquqlari...

Oʻylasang, aqlingga sigʻmaydi. Eng avvalo, fuqarolarning manfaatini himoya qilishi kerak boʻlgan shahar hokimligining oʻzi oʻz fuqarosini sudga berib, uyning pulini kelishmasdan buzishga tushgan quruvchini himoya qilayotgan boʻlsa, “Ey, baraka topkur, boradigan joyimiz yoʻq-ku axir”, deb turgan oilani bola-chaqasi bilan koʻchaga quvib chiqarib qoʻysa, bu adolat atalmish tarozining qaysi pallasiga toʻgʻri keladi. Holbuki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 2-moddasida “Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar”, 14-moddasida esa “Davlat oʻz faoliyatini inson va jamiyat farovonligini koʻzlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, deya yozib qoʻyilgan.

— Arizachining uyini baholashganda, chindan ham, nohaqlik boʻlgan, — deydi Qarliqxona mahallasi raisi Zafar Saidov. — Men ularga tushuntirdim, “Prezidentimiz nima deyaptilar, hammasi adolatli boʻlsin, fuqaro rozi boʻlsin, xafa qilmanglar”, dedim. “Oʻzingning shunday 4 xonali uying, hovlisi, hammomi, hovuzi bilan boʻlsa, necha pulga chaqarding, bular necha yildan buyon yashaydi shu yerda, oilasi, bolalari bor, kadastr hujjatlari bor, gaz, svetdan qarzi yoʻq boʻlsa”, deb gapirganimdan keyin quruvchi bir oz inosfga keldi shekilli, 60 million soʻm berishga rozi boʻldi.

Pudratchi tashkilot “Shu bilan qutulaman”, degan uyda 28 million soʻmni sud qarori orqali majburiy ijroga oʻtkazib yuborgan. Uch oydan buyon shu gap. Har safar yigʻilamiz. Uy egasi koʻnmagandan keyin quruvchi “Mayli, oʻzing baholatib ber, toʻlayman”, deb vaʼda berdi. Gʻayratjon 100 million soʻmga baholatdi, lekin baholatish toʻlovini qilolmagani uchun hujjatni quruvchiga keltirib berolmagan. Natijada pudratchi tashkilot oʻzi 27 million soʻmga baholatib, ana oʻsha mablagʻni ijroga oʻtkazgan. Biz, mahalla jamoatchiligi oʻrtaga tushib jami 80 million soʻm toʻlashga kelishtirdik. Bu orada uyning tomi, eshik romlarigacha buzib tashlashdi.

Uy egasining sud qarori ustidan norozi boʻlib bergan arizasi apellyatsiya tartibida koʻrilib, keyingi instansiya sudida rad etildi va hal qiluv qarori oʻz kuchida qoldirildi. Qizigʻi shundaki, bu sud jarayonida Gʻ. Qudratov qatnashmagan hamda chaqirilmagan ham. Qarorda koʻrsatilgan 28 million 464 ming 908 soʻm mablagʻ 2018 yil 11 sentyabrda quruvchi tashkilot hisob raqamidan Majburiy ijro byurosi Qarshi shahar boʻlimi tomonidan kesib olinishiga qaramasdan, shu paytga qadar uy egasining plastik kartasiga tushirib berilmagan.

Ajabo... Axir biz qaysi zamonda yashayapmiz oʻzi?! Ustiga-ustak, bu voqealar adolat mayogʻini butun dunyoga koʻrsatib qoʻygan buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz yurtida yuz bersa-ya...

Tahririyatdan: “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, deydi Prezidentimiz. Ammo afsuski, hali-hanuz joylarda bunga amal qilmaydigan, amalga mingach, oʻzini taqdirlar hukmdori kabi koʻradigan rahbarlar koʻp. Bor emas, koʻp!

Tahririyat yuqoridagi voqealar yuzasidan tegishli mutasaddilarning javobi va ijobiy munosabatini kutib qoladi. Bu mavzuga hali qaytamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?