“Qirq yil qirgʻin boʻlsa gar...”

16:28 14 May 2019 Jamiyat
211 0

Elda shunday maqol bor: “Qirq yil qirgʻin boʻlsa ham ajali yetgan... ajali yetmagan oʻlmaydi”. 1944 yilda urushga Toshkent shahridan chaqirilgan Asqar Joʻrayev oʻsha kunlarda endigina oʻn sakkiz bahorni qarshilagan edi. — Dastavval Qozogʻistonning Semipalatinsk shahrida 3 oy jangovar tayyorgarlik koʻrdik, soʻng Latviyaga oʻtdik Latviyada ham oʻn kun turib, soʻng Germaniyaga ketdik. Kechasi piyoda hujum qilishni, kunduz kunlari oʻrmon orqali yurishni mashq qilamiz. 1945 yilning aprel oyida Berlinga kirib boryapmiz. Qiziq, hech kim yoʻq atrofda. Shunday boʻlsa-da, hayqiramiz, komandirimizga qoʻshilib, Gitlerning sharmanda boʻlganini baralla joʻshib aytdik.

Shahar goʻyo bedarvoza, lekin toʻsatdan oʻq yomgʻirlari yogʻilib qolardi. Gʻolib kelayotgan Sovet qoʻshinlari hech tap tortmay havodan hujum uyushtirar, yosh askarlar koʻz ochib yumguncha tanklarni yashira oladigan okoplar qazishar, yana zum oʻtmay joyni oʻzgartirib, tagʻin boshqa tomondan hujumga tashlanishardi.

Piyodalar safida ikki, dengizchilar bilan uch yil, urush tugagan yillarda Yaponiyaga safarbar qilinib, jami yetti yil armiyada boʻladi qahramonimi Asqar Joʻrayev.

Potsdam konferensiyasi ishini tugatgach Asqar Toshkentga eson-omon, buni qarangki, biror joyidan yaralanmay qaytib keladi.

— Ikki yil fashistlarning, ikki yil bizning qoʻlimiz baland keldi. Oxiri gʻalaba qozondik,— deya hikoyasiga yakun yasaydi Asqar bobo.

Asqar Toshkentga qaytib darhol uylanadi, besh qiz va bir oʻgʻil farzand koʻradi, koʻp oʻtmay nevaralar qurshovida qoladi. Albatta, urush tugab tinch hayot qoʻyniga qadam bosganida, garchi orden-medallar taqmasa-da, katta front ofitserlaridan tashakkurnomalar, ota-onasiga minnatdorchilik maktublari tinimsiz kelib turadi, hozirgi kunda esa tinchlik, osuda hayot qoʻynida, nevara-chevarayu qavmu qarindoshlar qurshovida mehr koʻrib, mehr ulashib yuribdi. Bundan ortiq davlat bormi odam uchun?

Sobir OʻNAROV, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?