Qirgulida 10 nafar nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizga yangi uylarning kalitlari topshirildi 

17:47 10 May 2018 Jamiyat
352 0
Foto: "Халқ сўзи online"

Odamlar amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ertaga emas, bugun his etishi kerak. Ushbu tamoyil asosida olib borilayotgan amaliy ishlar tufayli aholi turmushi farovonlashib, ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilmoqda. Bundan, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslar juda minnatdor. Sababi, ularning uy-joy muammosi hal etilib, yangi turarjoy bilan ta’minlanmoqda. Bunday g‘amxo‘rlikdan farg‘onalik yana o‘n nafar yurtdoshimiz bahramand bo‘ldi. Ularga Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida barpo etilgan yangi xonadonlarning kalitlari tantanali ravishda topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda ta’kidlanganidek, o‘tgan yili Farg‘ona shahrida 158, Marg‘ilon shahrida 68 ta xonadon nogironligi bo‘lgan, ehtiyojmand oilalarga imtiyozli tarzda berilgan edi. 

— Joriy yilda viloyat hokimining sayyor qabulida bo‘lib, turarjoy masalasida amaliy yordam berishlarini so‘ragan edim, — deydi Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida istiqomat qiluvchi ikkinchi guruh nogironi Ra’no Soliyeva. — Buni qarangki, Xotira va Qadrlash kuni arafasida menga turarjoy ajratildi. Bu kun men uchun qo‘shaloq shodiyonaga aylandi. 

Quvasoy shahrida yashovchi Mohigul Ermatovaning o‘ksik qalbi quvonchga to‘ldi. U tuhfa etilgan tikuv mashinasida endi o‘z uyida kasanachilik asosida ishlaydi, oylik ish haqiga ega bo‘ladi. Bunday e’tibordan uning oila a’zolari ham mamnun.

Foto: "Халқ сўзи online"

Farg‘ona tumanining Bo‘ston mahallasidagi Otabek Mirzamahmudov tayanch-harakat a’zolaridagi xastalik tufayli bir joyga mixlanib qolgan. Turmush o‘rtog‘i, ikki nafar farzandi bilan ota uyida umrguzaronlik qilib kelayotgan edi. Ushbu oilaga ham uch xonali shinam uy ajratilgach, omonot bo‘lib turgan baxt qo‘rg‘oni yanada mustahkamlandi.

— Bugun nafaqat yangi uy, balki yangi mebellar to‘plami, oshxona va yotoqxona jihozlari, qo‘yingki, yashash uchun barcha zamonaviy qulaylikni ko‘rib, o‘zimni xuddi shirin tush ko‘rayotgandek tasavvur etayapman, — deydi Farg‘ona tumanining Chimyon qishlog‘ida yashagan Xadicha Yoqubova. — Inson uchun bundan ortiq baxt bormi!?
Uylarni topshirish marosimida viloyat hokimi Sh. G‘aniyev so‘zga chiqdi.
Elyorjon EHSONOV,
“Xalq so‘zi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?