Qirgʻizistonning amaldagi va sobiq prezidentlari oʻrtasidagi nizo: tarix va sabab

10:56 08 Avgust 2019 Dunyo
207 0

Qirgʻizistonning amaldagi prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan sobiq prezident Almazbek Atamboyevning oʻrtasidagi ixtilof kuch ishlatish fazasiga kirdi, deb yozadi minbar.uz.

Hukumatning maxsus kuchlari 7-avgust kuni sobiq prezidentning Qoʻytosh qishlogʻidagi qarorgohiga hujum uyushtirdi, lekin Atamboyevni qoʻlga ololmadi.

Sobiq prezidentning safdoshlari bilan hukumat kuchlari toʻqnashuvida 42 kishi jabrlangan, maxsus xizmatlarning bir jangchisi oʻq yeb oʻlgan. Hozir oltita “spesnazchi”ni Atamboyevning safdoshlari garovda ushlab turibdi.

Vaziyat tarangligicha qolmoqda. Jeenbekov bir haftalik taʼtilini toʻxtatib, Bishkekka qaytgan va 8-avgust kuni ertalab xavfsizlik kengashi yigʻilishini oʻtkazmoqda.

Amaldagi va sobiq prezident oʻrtasidagi nizo tarixi: ikki yil oldin Sooronbay Jeenbekov Almazbek Atamboyevning qoʻllovi bilan uning oʻrniga prezident etib saylangan.

Oʻshanda saylovda Jeenbekov gʻolib chiqishi uchun Atamboyev prezidentlikka muqobil nomzod bilan uchrashgan qoʻshni Qozogʻistonning prezidenti Nazarboyev shaʼniga har xil achchiq-tizziq gaplarni gapirgan edi.

Biroq Sooronbay Jeenbekov buning qadriga yetmadi va saylovdan soʻng darhol Qozogʻiston prezidenti bilan uchrashish va oʻtmishdoshining qiligʻi uchun uzr soʻrashga shoshildi.

Keyin esa Jeenbekov Atamboyevning tarafdorlarini birma-bir ishdan olib, baʼzilariga nisbatan korrupsiya ayblovi bilan jinoyat ishi ochib, oʻz hokimiyatini mustahkamlay boshladi.

Iyun oyida Jogorku kenesh (parlament) Atamboyevni daxlsizlik huquqidan mahrum qildi, shundan soʻng sobiq prezidentning safdoshlari uning Qoʻytosh qishlogʻidagi qarorgohida “xalq shtabi”ni tuzishdi.

IIV Atamboyevni jinoyatchi Aziz Batukayevning noqonuniy ozod etilishi va mamlakatdan chiqib ketishiga shaxsan koʻmaklashganlikda ayblamoqda va soʻroq qilish uchun uni uch marta chaqirdi. Ammo Almazbek Atamboyev faqat OAV orqali guvohlik berishini aytib, tergov bilan hamkorlik qilishdan qatʼiyan bosh tortgan.

Amaldagi va sobiq prezidentlar oʻrtasidagi nizoga Vladimir Putin dallollik qilishga urindi, lekin uning ham harakatlari zoye ketdi. Aksariyat qirgʻizlar Rossiyaning dallollik qilishini, Atamboyev Vladimir Putindan yordam soʻrab Moskvaga borganini, Jeenbekov uni rus harbiy bazasidan chiqarib yuborganini milliy mustaqillikka xiyonat deb baholadi.

Qirgʻiz siyosatchilari ikki prezidentdan ular oʻrtasidagi shaxsiy nizo milliy nizoga aylanib ketishiga yoʻl qoʻymaslikni talab qilayapti.

Atamboyev Qirgʻiziston tarixida ilk bor oʻz vakolatini ixtiyoriy (2017-yilda) topshirgan prezident hisoblanadi. Asqar Akayevning hokimiyati 2005-yilda inqilob bilan tugagan, Qurmanbek Bakiyevni ham 2010-yilda agʻdarishgan. Faqatgina “muvaqqat prezident” Roza Otunbayeva bir yil mamlakatni boshqarib, 2011-yilda Atamboyevga hokimiyatni topshirgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?