Qirgʻiziston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Maqsadbek Toktamushev: Hamjihatlik — eng katta boyligimizdir

17:38 30 Iyun 2020 Jamiyat
285 0

Foto: islamdumspb.ru

Qadimdan bir daryodan suv ichib, bir havodan nafas olgan xalqlarimizning ildizi ham tutashdir. Biz ilohiy paygʻomlar orqali bir-birimizga bogʻlanganimizni dinu mazhabimizning yagona ekanligi ifoda etadi. Qirgʻizlarda “Bahodir qoʻshinga boshchilik qiladi, donishmand yoʻl ochib beradi”, degan dono naql bor. Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining mintaqamiz hamjihatligi yoʻlida olib borayotgan amaliy saʼy-harakatlari shu maʼnoda maqsadlarimizni birlashtirib, kelajagimizni taʼminlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyo respublikalari oʻrtasida jugʻrofiy-siyosiy jihatdan markaziy oʻrin tutgan holda mintaqada muvozanatni saqlash, barqarorlikni taʼminlash, maʼnaviy-maʼrifiy hamkorlikni kuchaytirish borasida amaliy jihatdan muhim qadamlar qoʻyayotgani tufayli muqaddas dinimizning obroʻ-eʼtibori yuksalib borishiga ham xizmat qilayotganini aytib oʻtishni istardim. Islomni xalqqa “olaboʻji” qilib koʻrsatish uchun asrlar davomida gʻarazli niyatdagi kuchlar tinimsiz harakat qilganlar. Ammo Qurʼoni karim bizning maʼnaviyatimiz va maʼrifatimiz ekanligi hamisha oʻzini oqlab kelgan. Mintaqa musulmonlari boshini qovushtirib kelgan Toshkent bugun tashabbusni yana oʻz qoʻliga qaytarib olgani hali juda koʻp xayrli natijalar keltirishi, shubhasiz.

Yurtboshilarimiz Sooronbay Sharipovich va Shavkat Miromonovich Janobi Oliylari tomonidan xalqlarimiz birligi maqsadida olib borilayotgan siyosat buyuk ajdodlarimiz orzulari roʻyobiga xizmat qilmoqda.

Qirgʻizistonning Chuy viloyatiga qarashli Toʻqmoq shahrida tavallud topib, Toshkentda vafot etgan hamda “Shayx Zayniddin bobo” qabristoniga dafn etilgan din va davlat arbobi, yetuk olim, mohir tarjimon Alixontoʻra Sogʻuniy hazratlari islom dinining oʻlkamizda mustahkamlanishiga beqiyos hissa qoʻshgan edi. U kishi ham Turkiston birligi uchun kurash olib borgani bois xalqlarimiz tarixida yaxshi nom qoldirgan.

Alixontoʻra Sogʻuniy hazratlari oʻz asarlarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning aytgan soʻzlari, qilgan ishlari saodat oʻlchovi ekanini bir necha oʻrinlarda keltirib oʻtgan.

Ilgari muftiyatimiz bitta edi. Toshkent, Buxoro singari shaharlar bizning ota-bobolarimiz uchun ham maʼrifat va maʼnaviyat oʻchogʻi boʻlgan, shu yerdagi madrasalarda ular islomga oid taʼlim olganlar. Endilikda biz oʻz mamlakatimizda diniy taʼlim muassasalari ochishni rejalashtirar ekanmiz, albatta, oʻzbek zaminidagi oʻquv dargohlari bilan hamkorlik qilamiz, degan umiddamiz. Azaliy diniy tajribalar, yuksak ilmiy salohiyat bizning bu borada faoliyatimizni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Muftiyatimiz ajralib ketganidan soʻng oʻzaro maslahatlashib turishlar ham kamayib qolgan edi, ammo bugungi kunda Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari ilgari surgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” tamoyili diniy sohada ham oʻzining ijobiy samarasini bermoqda.

Muhtaram Sooronbay Jeenbekov: “Movarounnahr xalqiga singib ketgan anʼanaviy dinni, yaʼni Hanafiy mazhabi va Moturidiy aqidasining asosini xalqimizga yetkazmogʻimiz lozim”, deganidek, biz qardosh qoʻshnilar islomning asl mohiyatini xalqlarimizga toʻgʻri yetkazishimiz kerakligini davrning oʻzi taqozo etmoqda. Bu borada barchamiz hamjihat boʻlishimiz va bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim.

Bugun hamkorligimiz yangi bosqichga koʻtarildi. Diniy bayramlar sanalari boʻyicha farqlar bartaraf etilib, umumiylikka erishilmoqda. Fuqarolarimizga ikki mamlakat hududida joylashgan madaniy-tarixiy qadamjolarni ziyorat qilish imkoni taqdim etilgan.

Islom maʼrifati va maʼnaviyatiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning jahon tamadduni taraqqiyotidagi mislsiz hissalarini oʻrganish va ommalashtirish globallashuv jarayonida xalqlarimiz uchun juda muhim. Ulugʻ qirgʻiz yozuvchisi, oʻzbek xalqining doʻsti Chingiz Aytmatov oʻz asarlarining birida “manqurt” degan tushunchani izohlab, boshiga tuya terisi qoplanishi oqibatida xotirasidan mosuvo boʻlgan inson fojiasini koʻrsatib bergan edi. Hozirgi zamonaviy dunyoda islom dini xotirasini saqlab qolish bizning maʼnaviy yutugʻimiz, insoniy baxtimiz hisoblanadi.

Yaqinda Toshkent shahrida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlariga ehtirom koʻrsatish maqsadida majmua bunyod etilganidan butun islom olami xabar topib, bu xayrli ish boshida turganlar sharafiga duolar oʻqishdi. Shayx hazratlari oʻtgan asrning saksoninchi yillari oxirida, juda murakkab bir davrda Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy sifatida mintaqamizda islomiy ilmlar, diniy qadriyat hamda anʼanalarni qayta tiklash yoʻlida katta kuch-gʻayrat sarflagan edi. Sobiq ittifoq Oliy kengashi deputati sifatida musulmonlarning haq-huquqlarini hurmat qilish, ular uchun zarur sharoitlar yaratish masalalarini koʻtarib chiqqandi. Buning natijasida shoʻro hukumatining musulmonlarga nisbatan siyosati oʻzgargan, masjid va madrasalar ochilgan, haj ziyoratiga boruvchilar koʻpaygani ham sir emas. Alloh rozi boʻlsin, mintaqamiz musulmonlari qatorida biz ham u kishidan har qancha minnatdor boʻlsak arziydi.

“Yakka otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dongʻi chiqmas”, degan maqolni yetti yashardan yetmish yashargacha oʻzbek ham, qirgʻiz ham yaxshi biladi. Xalqlarimizning asrlar davomida orttirgan tajribasi natijasi oʻlaroq loʻnda qilib aytilgan bu dono soʻzlar isbotini bugungi kunda turli davlatlar boshiga tushayotgan muammolar ham koʻrsatib turibdi. Uzoq yillik tarixi davomida oʻzaro hamjihatlikni xalqlarimiz hamisha qoʻllab-quvvatlab kelgan, ammo ularning soddadilliklari, ochiq koʻngilliklaridan ayrimlar foydalanib qolishgan. Shu sababli endi qoʻshqanot boʻlib, birgalikda ish yuritishimiz, barcha muammoni ochiq muhokama qilgan holda hal etishimiz har qachongidan ham zarur.

Yaqinda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Abdugʻofur Ahmedov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Qirgʻizistonga safari ana shu ezgu maqsad yoʻlidagi muhim tadbirlardan biri boʻldi. Oʻzbekistonlik mehmonlar Botken shahrida “Diniy va milliy munosabatlar uygʻunligi hamda oʻzaro hamjihatlikning dolzarb masalalari” mavzuidagi seminarda ishtirok etdilar. Chashma qishlogʻi aholisi bilan uchrashib, maʼrifiy suhbatlar oʻtkazdilar. Uchrashuvda muftiy Usmonxon Alimov ikki qardosh xalq oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari yildan-yilga rivoj topib borayotgani, muborak dinimizda qoʻshnichilik rishtalariga alohida eʼtibor berilgani hamda qoʻshniga yaxshilik qilish haqida koʻplab tavsiyalar kelgani haqida Qurʼoni karim oyatlari va hadisi shariflar asosida bayon qilib berdilar.

Darhaqiqat, Qurʼoni karimni mahkam tutsak, musulmon, moʻmin ekanligimizni unutmasak, xalqlarimiz oʻrtasidagi hamjihatlik mustahkam boʻladi, oramizga begona kuchlar kirolmaydi. Islom dini tinchlikka, maʼrifatga va maʼnan yuksalishga daʼvat etadi.

Diniy idoralarimiz oʻrtasidagi aloqalar mustahkamlanishi xalqlarimizni mamnun qiladi, oddiy odamlarning bugungi hayotdan rozi boʻlib yashashlariga hissa qoʻshadi. Oddiy odamlar roziligiga erishish Xudo roziligiga sababchi boʻlsa, ajab emas. Shu yoʻlda kamarbasta boʻlib xizmat qilish har birimizga saodat baxsh etadi.

Barchaga Alloh roziligini tilayman!

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?