Qirgʻiziston elchisi: “Umumiy tarix va madaniy rishtalar bizni doim bogʻlab turadi”

11:15 11 Iyul 2019 Siyosat
335 0

Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mintaqasi nisbatan barqaror, ishonchli va iqtisodiy jihatdan mustahkam boʻlib borayotganini taʼkidladi.

Davlat rahbarining fikricha, bu keng hamkorlik, eng muhim mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun qulay sharoitlar va noyob imkoniyatlarni shakllantiradi. Ana shunday oʻzaro foydali sheriklikka misollardan biri Oʻzbekiston hamda Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlardir.

Qoʻshni davlatning respublikamizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibragim JUNUSOV bilan suhbatimiz ham aynan oʻzaro aloqalarning buguni va istiqboli haqida boʻldi.

— Ibragim Kojonazarovich, Oʻzbekistonda oʻz diplomatik missiyangizni boshlaganingizga hali koʻp vaqt boʻlgani yoʻq. Qirgʻiz — oʻzbek munosabatlarining bugungi holati va ularning rivojlanish istiqbollarini qanday ­baholaysiz?

— Oʻtgan yil 16-fevral kuni biz Qirgʻiziston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 25 yillik yubileyini nishonladik. Oʻtgan davr ichida hamkorlikdagi saʼy-harakatlar asosida mamlakatlarimiz oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar jabhalar, shuningdek, xavfsizlik sohasida oʻzaro aloqalarning amaliy mexanizmlari yoʻlga qoʻyilishiga erishildi. Ikki tomonlama hamkorlikning salmoqli shartnomaviy-huquqiy bazasi shakl­lantirildi. U 180 ta hujjatni qamrab olgan.

2017-yilning qisqa — toʻrt oyi ichida amalga oshirilgan uchta oliy darajadagi tashrif Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi keng koʻlamli hamkorlikni strategik sheriklik hamda yaxshi qoʻshnichilik ruhida yanada ravnaq toptirishga turtki berdi. Davlat rahbarlari, hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi tashriflar yakunlari boʻyicha ikki ­tomonlama 42 ta hujjat imzolandi. Ular turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Фото: Ҳасан Пайдоев / «Халқ сўзи»

Ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatlarimiz xalqlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Yuqori darajadagi muntazam, jumladan, BMT, SHHT, MDH, IHT va boshqa tashkilotlar doirasidagi xalqaro hamda mintaqaviy tadbirlar maydonidagi uchrashuvlar buning yorqin tasdigʻidir.

2017-yil 20 — 22-dekabr kunlari ikki tomonlama hamkorlik tarixida ilk bor parlamentimiz rahbari — Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi Toragʻasi D. Jumabekovning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi parlamentlararo oʻzaro aloqalarni faollashtirishga turtki berdi. Tashrif chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Senat Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Ikki tomonlama parlamentlar­aro hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi, Qirgʻiziston Respublikasi Jogorku Keneshi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi oʻrtasida hamkorlik boʻyicha Parlamentlararo komissiya tuzildi, uning ikkinchi yigʻilishi shu yil iyun oyida Oʻsh shahrida boʻlib oʻtdi. 2018-yilda parlament delegatsiyalarining qator oʻzaro tashriflari amalga oshirildi. Xususan, Qonunchilik palatasi Spikeri N. Ismoilov rahbarligidagi Oliy Majlis delegatsiyasi 15-noyabr kuni Bishkekka ishchi tashrif bilan bordi. Biz Oliy Majlis Senati ­Raisining Bishkekka rasmiy tashrifini ham kutyapmiz.

Hukumat rahbarlari “soatlarni toʻgʻrilash”ni amalga oshirmoqda. 2017-2018-yillarda ular Bishkek, Fargʻona va Oʻshda ikki tomonlama tadbirlar, Toshkent, Sochi hamda ­Dushanbedagi xalqaro sammitlar ­doirasida bir necha bor uchrashishdi.

Tashqi ishlar vazirligi rahbarlari, ularning oʻrinbosarlari va tuzilmaviy boʻlinmalari boshliqlari oʻrtasida ham muntazam muloqotlar hamda maslahatlashuvlar oʻtkazilyapti. Shu oʻrinda joriy yil yanvar oyida Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Ch. Aydarbekovning Oʻzbekistonga tashrifi va Oʻzbekiston ­tashqi ishlar vaziri A. Komilov ­bilan uchrashuvini alohida taʼkidlash joiz.

Chegaraoldi hududlari boʻyicha ham hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2017 — 2019-yillarda Qirgʻiziston va Oʻzbekiston chegara hududlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha Hukumatlararo tadbirlar rejasi muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti, chegara yaqinidagi viloyatlarda Qirgʻiziston hukumati vakolatli vakillari va Oʻzbekiston chegara yaqinidagi viloyatlar hokimlari Kengashi tuzildi. Uning birinchi va ikkinchi yigʻilishlari 2018-yil mart hamda dekabr oylarida ikki davlat bosh vazirlari shafeligida Fargʻona va Oʻshda boʻlib oʻtdi. Bishkek va Toshkent, Oʻsh va Andijon, Jalolobod va Namangan, Batken va ­Fargʻona oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi bitimlar imzolandi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanyapti. Ishbilarmonlik guruhlari oʻrtasidagi aloqalar kengaymoqda, qoʻshma korxonalar ochilayotir, hamkorlikda biznes-forumlar, sessiyalar va mahsulotlar koʻrgazmalari oʻtkazilmoqda. Yangi yoʻlovchi avia hamda avto va temir yoʻl yoʻnalishlari ochildi, oʻzaro sayyohlar oqimi sezilarli tarzda oshdi.

Madaniy-gumanitar almashinuv ham faollashdi. Oʻtgan yili Qirgʻiziston Chingiz Aytmatovning 90 yilligini nishonladi. Yuqori darajadagi bayram tadbirlari Oʻzbekistonda ham tashkil etildi. Qirgʻi­zistonda Oʻzbekiston madaniyat va sanʼati kunlari, Oʻzbekistonda esa Qirgʻiziston madaniyat va sanʼati kunlari oʻtkazildi. Oʻtgan yil sentyabr oyida koʻp sonli sport delegatsiyasi II Jahon koʻchmanchilar oʻyinlarida ishtirok etdi, boshqa tadbirlar ham boʻlib oʻtdi.

Xulosa sifatida shuni taʼkidlashni istardimki, koʻp qirrali oʻzbek — qirgʻiz munosabatlari misli koʻrilmagan yuksaklikka koʻtarilmoqda. Qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasida biz konstruktiv muhokama qilish va oʻzaro manfaatlarni inobatga olgan holda ularni hal etishga tayyor boʻlmagan hech qanday masala yoʻq. Va sheriklikning bunday rivojini saqlab qolish hamda mus­tahkamlash juda muhimdir. Ishonchim komilki, birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan Qirgʻiziston va Oʻzbekistonning doʻst xalqlari farovonligi yoʻlida ikki tomonlama hamkorlik hamda oʻzaro aloqalarning barcha kompleksini yanada rivojlantirishda davom etamiz.

 Dunyo miqyosida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik haqida nima deya olasiz?

— Qirgʻiziston va Oʻzbekiston mintaqaviy hamda jahon kun tartibidagi biz uchun dolzarb boʻlgan barcha masalada oʻz pozitsiyalarini muntazam solishtirib, toʻgʻrilab olyapti, xalqaro maydonda oʻzaro manfaatlarga taalluqli nuqtai nazarlarni koʻrib chiqishda bir-birlarini qoʻllab-quvvatlashmoqda. Masalan, Qirgʻiziston Shahrisabz tarixiy markazini YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi obyekt­lari roʻyxatida saqlab qolish masalasida Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatladi. Oʻzbekiston tomonidan ishlab chiqilgan va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” hamda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyalarini qoʻllab-quvvatladi, hammuallifga aylandi. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Qirgʻizistonning Markaziy Osiyoda uran merosi muammolari boʻyicha BMT Rezolyutsiyasini yangilash yuzasidan tashabbusini, Xalqaro elektr aloqa ­ittifoqi saylovida Qirgʻiziston nomzodini qoʻllab-quvvatladi.

Bunday misollar juda koʻp. Mamlakatlarimizning tashqi siyosatdagi faolligini inobatga olgan holda Qirgʻiziston Respublikasi BMT Xavfsizlik Kengashining 2027-2028-yillarda doimiy boʻlmagan aʼzoligi uchun saylovlarda oʻz nomzodini ilgari surdi. Shunday ekan, xalqaro tashkilotlar faoliyati doirasidagi aloqalar va oʻzaro qoʻllab-quvvatlash faqat mustahkamlanibboraveradi. Taʼkidlash ­lozimki, bunday hamkorlikning asosiy maqsadi Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashdir.

— Ikki davlat rahbarlari oʻz oldilariga oʻzaro tovar aylanmasi hajmini 500 million dollargacha yetkazish vazifasini qoʻyishgan edi. Buning uchun mamlakatlarimiz katta imkoniyatlar va zaxiralarga ega. Belgilangan marralarga erishish yoʻlida oʻsish kuzatilyaptimi?

 Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlamoqchimanki, bugungi kunda Qir­gʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlashda barqaror oʻsish qayd etilmoqda. Xususan, 2016-yilda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar aylanmasi 192,3 million AQSH dollari, 2017-yilda 309,9 million dollar, 2018-yilda esa 336,5 million dollarni tashkil etdi. Bu chegara emas. Davlatlarimiz rahbarlari hali ishga solinmagan ulkan salohiyatni inobatga olgan holda yuksak, lekin ­erishib boʻladigan marrani belgilab berishdi. Ayni paytda oʻzaro savdo nomenklaturasini kengaytirish va hajmini oshirishga qaratilgan barcha chora-tadbirlar qabul qilinyapti. Ular Qirgʻiziston va Oʻzbekiston xoʻjalik subyektlari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini oʻrnatish, oʻzaro mahsulot va xizmatlar yetkazib berish uchun maksimal qulay sharoitlar yaratish, chegara hududlarida savdoni qoʻllab-quvvatlashga koʻmak berishni ham qamrab oladi.

— Siz diplomat uchun ­noodatiy biografiyaga egasiz. Kompozitorlar ittifoqi aʼzosi, Qirgʻiziston xalq artisti, pedagogika fanlari nomzodisiz, ikkita chaqiriqda parlament deputati boʻlgansiz, oʻz yurtingizda madaniyat vaziri hamda Bosh vazir oʻrinbosari lavozimlarida ishlagansiz, Qirgʻi­zistonning Turkiyadagi diplomatik vakolatxonasini ­boshqargansiz. Boy ijodiy, siyosiy va hayotiy tajribaga ega inson sifatida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarga qanday baho ­berasiz?

 Men chin dildan aytaman, Oʻzbekiston kaminaga begona yurt emas. Hayotimning turli davrlarida bu zaminda koʻp bor boʻlganman. Bu yerda yaqin doʻstlarim va tanishlarim bor. Ular bilan iliq munosabatlarni saqlashga intilaman. Albatta, qoʻshni respublikada sodir boʻlayotgan voqealar meni doim qiziqtirib kelishi tabiiy.

Hozirgi islohotlarga kelsak, ularga Turkiyada elchi boʻlib ishlab yurgan kezlarimda qiziqa boshladim. Chuqur tahlilga berilmay, shunchaki eʼtirof etmoqchimanki, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, birinchi navbatda, oʻzining miqyosi va surʼatlari bilan katta taassurot qoldirmoqda. Ayni paytda yangilanishlar kirib bormagan sohani topish qiyin. Hamma joyda tub oʻzgarishlar — ijtimoiy sohada, iqtisodiyotda, davlat va jamiyat qurilishida, sud-huquq tizimida, xavfsizlikda, mamlakatning din boʻyicha va tashqi siyosatida. Binobarin, hozirning oʻzida, kompleks islohotlarning dastlabki bosqichida ularning ijobiy natijalari koʻzga tashlanmoqda. Tabiiyki, kelgusida hal etiladigan qiyinchiliklar ham paydo boʻladi. Demak, hali qilinadigan ishlar koʻp. Lekin, eng asosiysi, bularning barchasi mamlakat va xalq farovonligiga yoʻnaltirilgan. Koʻrib turganimizdek, xalq roʻy berayotgan hodisalarni maʼqullayapti va qoʻllab-quvvatlamoqda. Ayni mana shu jihatlar misolida ham Oʻzbekis­tondagi islohotlar muvaffaqiyati garovini koʻryapman.

 Oʻzbekiston boy madaniy merosi bilan mashhur. Bu minglab turistlarni oʻziga jalb etadi. Sayyohlik tarmogʻi, jumladan, ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun izchil qadamlar tashlanmoqda. Mamlakatimiz yana nimasi bilan Qirgʻiziston fuqarolarini oʻziga jalb etishi mumkin?

— Mamlakatlarimiz oʻrtasida turizm sohasida ham hamkorlik rivojlanmoqda. Avvalo, biz yaqin qoʻshnilarimiz. Koʻplab qirgʻizistonliklarning Oʻzbekistonda qarindoshlari va doʻstlari bor. Shuning uchun vatandoshlarimizning qoʻshni respublikaga tashrif buyurishidan koʻzlagan maqsadlaridan biri qarindoshlarini borib koʻrishdir. Koʻplab qirgʻizistonliklar Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarida tahsil olgan, sobiq ittifoq davrida turli institutlarda malaka oshirish kurslarida oʻqigan.

Qarindoshlik rishtalaridan ­tashqari Oʻzbekistonning boy madaniy merosi tobora katta qiziqish uygʻotmoqda. Tarixiy shaharlar va meʼmoriy yodgorliklarni koʻrishni istagan qirgʻizistonlik turistlar soni ham koʻpaymoqda. Zero, bu joylarda atoqli insonlar yashab ijod qilishgan, dunyo ilm-fan tarixi va madaniyatida oʻchmas iz qoldirishgan. Qirgʻiziston Respublikasi Madaniyat, axborot va turizm vazirligi turizm departamenti maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilda Oʻzbekistonga Qirgʻizistonning 3 206 830 fuqarosi tashrif buyurgan, oʻz navbatida, Qirgʻizistonga 3 295 804 nafar oʻzbekistonlik borgan. Geografik joylashuv, toʻgʻridan-toʻgʻri avia va avtobus qatnovlari mavjudligi turizm ravnaqi uchun juda qulay sharoit yaratadi.

 Suhbatimiz yakunida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning istiqboli haqida ham qisqacha toʻxtalib oʻtsangiz.

— Bungacha qayd etib oʻtganimdek, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganiga 26 yil boʻldi. Aslida xalqlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro aloqalar tarixi uzoq asrlarga borib taqaladi. Bizning oʻtmishimiz, bugunimiz va albatta, kelajagimiz mushtarak. Biz umumiy tarixiy va madaniy rishtalar bilan bogʻlangan ikki qardosh xalqmiz.

Oʻzaro munosabatlarning yanada yuksalishida ikki davlat tashqi siyo­sat idoralari muhim va masʼul muvofiqlashtiruvchi rol oʻynashini taʼkidlashni istardim. Joriy yilda Qirgʻiziston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻzining 75 yilligini nishonlaydi. Toʻplangan tajriba mamlakatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni yanada rivoj­lantirishga xizmat qilishiga ishonaman.

Omonulla FAYZIYEV, Saidjon MAXSUMOV (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?