“Qirgʻiz va oʻzbekning til ildizi, dil ildizi bittadir”

15:47 16 May 2019 Jamiyat
326 0

Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan “Chingiz Aytmatov va Oʻzbekiston” doimiy ekspozitsiyasi tashkil etilganiga koʻp vaqt boʻlmagan boʻlsa-da, muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda.

Qisqa vaqt ichida bu yer adib hayoti va ijodini oʻrganish boʻyicha oʻziga xos ilmiy tadqiqot markaziga aylandi, adibning oʻzbek, rus, qirgʻiz, qozoq, qoraqalpok, tatar va boshqa tillarda chop etilgan asarlari, publitsistik maqolalari, suhbatlari, noyob fotosuratlar, kino va sahna asarlari toʻplandi. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Qirgʻiz Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi qoshidagi Chingiz Aytmatov nomli Til va adabiyot instituti hamda “Jahon adabiyoti” jurnali tahririyati bilan hamkorlikda “Chingiz Aytmatov va oʻzbek qirgʻiz adabiy aloqalari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. anjumanni Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro akademiya aʼzosi Ahmadjon Meliboyev olib bordi.

Tadbirga Ch.Aytmatov nomli Til va adabiyot institutining yigirmadan ortiq ilmiy xodimlari, Qirgʻiziston Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi I.Junusuv, shuningdek, “Jahon adabiyoti” jurnali xodimlari, taniqli tarjimonlar, shoirlar, yozuvchilar, talabalar va OAV vakillari ishtirok etdi va ulugʻ yozuvchining dunyo adabiyotidan oʻrin olgan durdona asarlari toʻgʻrisida soʻz yuritdilar.

Anjumanda ikki tomonning aytmatovshunos olimlari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. tadbir soʻnggida bir qator olimlar va ijodkorlar taqdirlandilar.

Chingiz Aytmatov tugʻilib oʻsgan goʻshasi Shakar qishlogʻining toza shakarday havosini, qirgʻiz havosini asarlari orqali olamga yoydi. — deydi Ibrohim Gʻofurov, adabiyotshunos olim. — Taʼkidlanganiday, Navoiy, Mirzo Ulugʻbek, Bobur singari Ch.Aytmatov ham qalam bilan dunyoni zabt eta oldi. Bu kabi tadbirlar ham adabiy aloqalarni, ham doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi. Zero, qirgʻiz va oʻzbekning til ildizi, dil ildizi bittadir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?