Qiymati qariyb 4 mln. yevro boʻlgan 20 ta loyiha amalda

17:54 20 May 2019 Jamiyat
127 0

Oliy Majlis Senatida YEXHTning amaldagi raisi, Slovakiya Respublikasi tashqi ishlar va Yevropa ishlari vaziri Miroslav Laychak bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda davlatlarimiz oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik, parlamentlararo aloqalar, shuningdek Oʻzbekistonning YEXHT bilan oʻzaro munosabatlari hamda YEXHT Parlament assambleyasi doirasidagi hamkorligini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama etildi.

Ayniqsa, mamlakatimiz YEXHT PAning toʻla huquqli aʼzosi sifatida ishtirok etishi muhimligi taʼkidlandi. Hozirgi vaqtda mazkur xalqaro tuzilmada yurtimizning doimiy delegatsiyasi faoliyat koʻrsatmoqda. YEXHT va uning institutlari bilan hamkorlik keng koʻlamdagi masalalarni qamrab olishi qayd etildi.

YEXHTning respublikamizdagi loyihalari xavfsizlik, barqaror iqtisodiy-ekologik va ijtimoiy taraqqiyot sohalarida texnik koʻmak berishga qaratilgan. 2007–2017 yillarda umumiy miqdori 12 mln. yevrodan ziyod 150 dan ziyod loyiha amalga oshirildi. Ayni paytda esa qiymati qariyb 4 mln. yevro boʻlgan 20 ta loyiha yoʻlga qoʻyilgan.

Uchrashuv yakunida oʻzaro ikki tomonlama hamkorlikning mavjud salohiyatini rivojlantirish uchun barcha saʼy-harakatlar ishga solinishi aytib oʻtildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?