Qidiruvdagi shaxsning pasporti nima uchun toʻxtatib turiladi?

10:21 01 Sentyabr 2019 Jamiyat
177 0

Qidiruvda boʻlgan ayblanuvchi yoki sudlanuvchining pasportining amal qilishini sud tomonidan toʻxtatib qoʻyish tartibi joriy etildi. Bu masalada berilayotgan ayrim savollarga javob beramiz.

Pasportning amal qilishini toʻxtatib turish zarurati nimada?

Sir emas, jinoyat sodir etib yashirinib yuradigan yoki chet elga chiqib ketgan shaxslar mavjud.

Jinoyatga javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash va yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash uchun qidiruvdagi shaxslarni qidirishga katta kuch va vositalar jalb etilmoqda.

Har yili qidiruvdagi shaxslarni respublikaga qaytarib kelish uchun davlat byudjetidan milliardlab soʻm pul mablagʻlari sarflanadi.

Shu bilan birga, qidiruvda boʻlgan shaxslarning jinoyatlari boshqa davlat qonunchiligida jinoyat deb topilmasligi, ularning boshqa davlat fuqaroligini qabul qilganligi va shu kabi sabablar tufayli ushlab berish haqidagi soʻrovlar ayrim hollarda qondirilmaydi.

Endilikda ushbu shaxslarning pasportini toʻxtatish orqali ularning Respublikadan chiqib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi yoki xorijda harakatlanishiga chek qoʻyiladi. Yaʼni, hujjat boʻlmagandan keyin ular oʻz-oʻzidan konsullik muassasalariga yoki ichki ishlar idoralariga murojaat qilishga majbur boʻladi.

Bu bilan qidiruvda boʻlgan shaxslar soni kamayadi, ularni qidirish va vatanga qaytarish uchun sarflanayotgan davlat byudjeti mablagʻlari tejaladi.

Pasportni “toʻxtatib qoʻyish” fuqarolikning tugatilishi yoki undan mahrum qilish deganimi?

Yoʻq, aslo unday emas. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini toʻxtatish Oʻzbekiston fuqaroligini tugatishga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning huquqiy maqomini bekor qilishga sabab boʻlmaydi.

Bu hujjat amal qilishini vaqtinchalik toʻxtatib turish, xolos. Bunda protsessual harakatlar davomida unga yangi tegishli hujjat beriladi.

Qidiruvda boʻlgan barcha ayblanuvchi va sudlanuvchilarning pasporti “toʻxtatib turiladimi”?

Yoʻq. Pasportning amal qilishini toʻxtatish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv eʼlon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchiga nisbatan qoʻllaniladi.

Qidiruvdagi shaxs Oʻzbekistondan chiqib ketishi yoki xorijda harakatlanishi mumkin deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud boʻlsa, mazkur pasportning amal qilishi faqat sud qarori bilan toʻxtatilishi mumkin.

Pasporti “toʻxtatilgan” ayblanuvchi Oʻzbekistonga qaysi hujjat boʻyicha qaytariladi?

Bunda qidiruvdagi shaxsga vatanga qaytish uchun vaqtincha qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib berish tartibi joriy etiladi.

Qidiruvda boʻlgan shaxsning pasportini toʻxtatib qoʻyish boshqa rivojlangan davlatlarda ham bormi?

Albatta mavjud. Bu tartibni joriy qilishga rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasi andoza qilib olingan. Masalan, AQSH, Kanada, Germaniya, Fransiya, Norvegiya, Polsha, Belgiya, Turkiya, Sloveniya, Koreya, Singapur, Vyetnam, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Gruziya va boshqa qator davlatlarda jinoyat ishi boʻyicha ayblanuvchilarning (sudlanuvchilarning) suddan yashirinishiga yoʻl qoʻymaslik, ushbu shaxslarning xorijiy davlatlarda harakatlanishini cheklash va oʻz yurtiga qaytarish maqsadida fuqarolik pasportini bekor qilish amaliyoti keng qoʻllanib kelinadi.

Amal qilish toʻxtatib qoʻyilgan pasport qaysi holatda tiklanadi?

Ayblov hukmi chiqarilganda yoki ayblilik toʻgʻrisidagi masalani hal qilmay turib jinoyat ishi tugatilganda belgilangan tartibda yangi pasport berilishi bilan pasportning amal qilishi tiklanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?