Qibray tumanida Oʻzbekiston-Koreya farmatsevtika klasteri tashkil etilishi mumkin

12:17 16 Avgust 2019 Jamiyat
72 0

Oʻzbekiston delegatsiyasi Koreya Respublikasida boʻlib turibdi. Tashrif doirasida hayurtlarimiz Seul shahri mezbonlik qilgan Farmatsevtika sohasi boʻyicha Koreya-Oʻzbekiston biznes forumida ishtirok etdi. Shuningdek, qator rasmiy uchrashuvlar va muzokaralar tashkil etildi. Bu haqda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish Agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

G2G va B2B formatida oʻtkazilgan forumning koʻp sonli ishtirokchilari farmatsevtika sohasida davlatlar oʻrtasida hamkorlikni mustahkamlash, davlat va xususiy tuzilmalari oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishga katta qiziqish bildirdilar.

Taʼkidlash joiz, forum doirasida Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi xususiy farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari oʻz investitsion loyihalarini taqdim etdi. Koreya kompaniyalari ushbu loyihalarni Oʻzbekistonda amalga oshirishda juda katta qiziqish bildirdi.

Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish Agentligi direktori Sardor Kariyevning soʻzlariga koʻra, mamlakatimiz Prezidentining Toshkent viloyatida Farmatsevtika klasterini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusi Koreya Respublikasi tomonidan juda katta qiziqish uygʻotdi.

“Ular ushbu klasterda ishtirok etish va ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdor ekanliklarini aytishdi. Koreyaliklar xorijiy sarmoyadorlar va hamkorlar uchun yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoit va imtiyozlar hamda savdo bozori katta imkoniyatlar maydoni ekanini taʼkidladilar”, dedi u.

Farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasi doirasida oʻzbekistonlik delegatlar Koreya Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy taʼminot vazirligi, Farmatsevtika va biofarmatsevtika ishlab chiqarvuchilari birlashmasi (KPBMA), KBIOHealth va boshqa idoralar rahbarlari va vakillari bilan qator uchrashuvlar oʻtkazishdi.

Ularda Janubiy Koreya tomoni ishtirokida loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi. Shuning doirasida Osong shahrida joylashgan farmatsevtika klasteri faoliyati bilan ham yaqindan tanishildi. Klaster rahbariyati bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Toshkent viloyatining Qibray tumani hududida Oʻzbekiston-Koreya farmatsevtika klasterini tashkil etish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

Yaqin vaqt ichida Osong farmatsevtik klasteri rahbariyatining Oʻzbekistonga tashrifi reja qilindi. Uning doirasida tegishli vazirlik va idoralar vakillari bilan uchrashuvlar tashkil etiladi va loyihani amalga oshirish uchun ajratilgan maydon koʻzdan kechiriladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish Agentligi va Koreyaning Anyan Universiteti (Anyang University) oʻrtasida hamkorlik Bitimi imzolandi. Undan maqsad, farmatsevtika taʼlimi va sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirish va ikki tomon imkoniyatlarini kegaytirishdir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?