Q.Doʻstmuhamedova: “AQSHda “Tanovar” va “Buyuk ipak yoʻli” ansambllari tuzildi”

14:39 16 Avgust 2019 Jamiyat
95 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan Vashingtonda oʻzbek raqs sanʼatini oʻrganish boʻyicha uch kunlik dastur tashkil etildi. Unda 10 ta shtatdan oʻzbek xalqi tarixi, madaniyati va koʻp asrlik qadriyatlariga qiziquvchi yigirmaga yaqin tinglovchi ishtirok etdi.

Oʻzbekiston xalq artisti Qizlarxon Doʻstmuhamedova mamlakatimiz dipmissiyasi koʻmagida mahorat maktablarini oʻtib berish uchun okean ortiga yetib bordi. U amerikalik yosh xoreograflarga milliy raqs sanʼati nafisligi va anʼanaviy turlarining oʻziga xosliklarini namoyish etdi.

Taʼkidlash joiz, Qizlarxon Doʻstmuhamedova 1946-yil 25-noyabrda Toshkent shahrida tugʻilgan. Toshkent davlat sanʼat institutini tamomlagan. 1988-yildan beri oʻzi tahsil olgan oliy taʼlim dargohida oʻqituvchi boʻlib ishlab kelyapti. U “Munojot”, “Tanovar”, “Intizor”, “Buxoro yulduzlari” kabi milliy raqslarni AQSH, Liviya, Fransiya, Germaniya, Tunis kabi davlatlarda mahorat bilan ijro etgan. “El-yurt” hurmati ordeni bilan taqdirlangan.

- AQSHga ilk bor 1979-yilda Toshkent va Sietl shaharlari oʻrtasidagi birodarlashuv munosabatlarining bir yilligini nishonlash tantanalarida ishtirok etish uchun kelgandim, - deydi u. – Oʻshanda “Munojot” raqsiga oshufta boʻlib, uni oʻrganishni boshlagan amerikalik Laurel Grey bilan tanishib qolganman.

Raqslarimiz maʼno-mazmunini oʻrganar ekan, unda oʻzbek xalqi tarixi, madaniyati va sanʼatiga ham katta qiziqish uygʻongan. Oʻshandan buyon biz oʻzbek xalqi milliy raqslarini Amerikada ilgari surish boʻyicha muntazam qoʻshma loyihalarni tashkil etib kelyapmiz.

AQSHda “Tanovar” va “Buyuk ipak yoʻli” ansambllari tuzildi. Ularga bizning mumtoz sanʼatimiz juda qiziq. Shuning uchun har doim kelib, oʻrgatishimni mendan soʻrashadi. Raqs orqali mamlakatimiz boy tarixi haqidagi bilimlarni beramiz, oʻzbek xalqining koʻp asrlik urf-odatlariga hurmat koʻrsatishadi, madaniy oʻziga xosliklarimizni anglab yetishadi.

Globallashuvning hozirgi davrida koʻp narsalar bir xil shaklga kirib boryapti, farqlar yoʻqolmoqda, hamma narsa aralashib ketayotir. Bugun odamlar noyob va oʻziga xos narsalarni izlashyapti. Nafis sanʼatni oʻrganishga boʻlgan chanqoqlik kuchaymoqda. Shubhasiz, oʻzbek raqsi oʻzining sharqona jozibasi, latofati bilan ajralib turadi, qadimgi anʼanalarni oʻzida saqlab keladi. Amerikalik xotin-qizlarni raqsimizdagi har bir oʻzbek ayoliga xos boʻlgan his-tuygʻular va samimiyat oʻziga jalb etadi.

Umuman olganda, AQSHda oʻzbek sanʼatiga boʻlgan qiziqish oʻsib borayotgani meni xursand qiladi. Ular bizning raqslarimizni oʻrganishyapti, milliy liboslarimizni kiyishmoqda, oʻz muassasalarida chiqishlar qilayotir, yaʼni oʻzbek brendini ilgari surishyapti. Mohiyatan, bu xalq diplomatiyasidir. Biz koʻhna qadriyatlarimizni asrab-avaylashimiz va butun dunyoda ilgari surishimiz kerak.

Oʻzbekistonlik ustoz rahbarligidagi uch kunlik treninglar dasturi juda boy va foydali boʻlganini ushbu loyiha ishtirokchilari ham eʼtirof etishdi.

Ulardan biri, oʻzining xoreografik isteʼdodi va raqslarga boʻlgan muhabbati bilan ajralib turgan Gollivud aktrisasi Gvenifar Reygan Jeyms edi.

- Salom, mening ism-sharifim Gvenifar Reygan Jeyms, - dedi u. – 16 yildan buyon Silk Road Dance Companyʼda ishlab kelaman. Qizlarxon Doʻstmuhamedovadan dars olish men uchun katta sharafdir. U raqslarni qanday nazokat va nafislik bilan ijro etayotganini kuzatar ekanman, quvonch koʻz yoshlarini yashira olmadim. Qizlarxon sizlarning milliy boyligingiz ekanligini bilaman, shu bilan bir qatorda u yuragim qirolichasidir. Uning moʻjizaviy sanʼatini koʻrib, oʻzbek raqslarini sevib qoldim. Milliy raqsingiz men oʻz hayotim davomida koʻrganlar ichida eng nozigi, goʻzali va nafosatlisidir. U mening qalbim qaʼridan qay darajada chuqur joy olganini soʻz bilan ifodalab bera olmayman. Ushbu dasturda qatnashish imkoniyatini berishgani uchun minnatdorman. Katta rahmat!

Oʻzbek raqs sanʼati koʻrgazmali chiqishi uchun konsert uyushtirildi. Unda amerikalik ijrochilar oʻz mahoratlarini namoyish etishdi. Kechada Vashingtondagi siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar doira vakillari ham qatnashdi.

Raqqosalar oʻz chiqishlarida Qunduz Mirkarimova, Rushana Sultonova, Isaxara Oqilova kabi oʻzbek maktabining taniqli ustozlari xoreografiyalaridan foydalanishdi. Rang-barang milliy liboslarda “Munojot”, “Mustahzod”, “Dilxiroj”, “Samarqand ushshogʻi”, “Daryo toshqin” kabi asarlar ijro etildi.

Qizlarxon Doʻstmuhamedova tomonidan “Tanovar” oʻzbek raqsi ijrosi tadbir kulminatsiyasiga aylandi. Zero, “Tanovar” - olisdan yetib kelgan betakror raqs boʻlib, ayollarning fargʻonacha quvnoq va gʻamgin, joʻshqin va oxista, shoʻx va muloyim yigʻma ashulalaridan yaratilgan. Ularni oʻzaro uygʻunlashtirib turadigan yagona jihat – xushohanglik, ritmika, chuqur mazmun-mohiyatdir.

Dastur doirasida oʻzbek xalq raqs sanʼati, shuningdek, yurtimiz madaniyati va urf-odatlarining tarixiy ildizlari hamda oʻziga xosliklari boʻyicha maʼruza darslari ham oʻtkazildi. Ular amaliy mashgʻulotlarni sifatli toʻldirishga xizmat qildi.

Yana bir eʼtiborli jihati, xoreografiya elementlarida oʻzbek xalqi hayot tarzini aks ettirishga alohida ahamiyat berildi. Ushbu taqdimotlar Oʻzbekiston bilan ilk bor tanishayotgan yosh ishtirokchilar uchun, ayniqsa, juda foydali boʻldi.

Amerikada anʼanaviy raqslarimiz boʻyicha muallim, Jorj Vashington nomidagi Universitet professori Laurel Grey ham oʻzining nazariy bilimlari va amaliy tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Silk Road Dance Company rahbari boʻlgan paytlarda u oʻz hayotini Buyuk ipak yoʻli mamlakatlari raqslarini oʻzlashtirishga sarfladi. 1984-yilda “Oʻzbek raqs va madaniyati jamiyati”, 1994-yilda esa yillik “Markaziy Osiyo raqs oromgohi”ni taʼsis etdi. “Eng yaxshi xoreografiya”(2003-yil) va “Eng yaxshi milliy raqqosa”(1999-yil) kabi xalqaro mukofotlarga sazovor boʻlgan.

Amerikalik olima Oʻzbekistonga 14 marotaba tashrif buyurgan. Davlat akademik katta teatri taklifiga binoan yurtimizda ikki yil yashagan va televizion raqs dasturlarida oʻndan ortiq chiqishlar qilgan. 2018-yilda “Raqs sehri”, 1997-yilda “Sharq taronalari”, 1993-yilda Oʻzbekiston qoʻgʻirchoq teatri kabi festivallarda hakamlar xayʼati aʼzosi boʻlgan. AQSHdagi diplomatik vakolatxonamiz bilan hamkorlikda L.Grey oʻzbek xalqi madaniyati, sanʼati va qadriyatlarini ilgari surishga qaratilgan turli tadbirlarni muntazam tashkil etib kelyapti.

- Markaziy Osiyo mamlakatlari raqslarini oʻrganish boʻyicha mazkur dastur hisob boʻyicha oʻn oltinchisidir, - dedi u. – Bu gal tadbir oʻziga xos jihati bilan ajralib turdi. Biz oʻz mashgʻulotlarimizni oʻzbek zaminida, lekin Oʻzbekistonda emas, balki Oʻzbekiston Respublikasining Vashingtondagi Elchixonasida oʻtkazdik.

Milliy koʻrgazmaviy belgilar, sanʼat buyumlari, milliy matolar, devorlardagi soʻzanalar Amerika poytaxtida haqiqiy oʻzbekona muhitni paydo qildi. Qachonki siz raqs tushishni oʻrgansangiz, nafaqat harakatlar yoki alohida jihatlarni oʻzlashtirasiz, balki oʻsha mamlakatga xos yangi madaniyat, odamlar turmush tarzi, qadriyatlarini oʻzingiz uchun kashf etasiz.

Jahon hamjamiyati, ayniqsa, gʻarb dunyosi uchun oʻzbek raqsi yangi, ammo juda qiziqarli va jozibalidir. Biz AQSHning turli burchaklaridan diyoringiz sanʼatini oʻzlashtirishga katta qiziqish bilan qarayotgan qizlarni yigʻdik.

Shaxsan men oʻzbek milliy raqsini yanada keng yoyishni istayman. Oʻzbekistonda yashagan yillarimda xalqingiz menga katta mehmondoʻstlik koʻrsatgan. Ustozlarim Qizlarxon Doʻstmuhamedova, Qodir Moʻminov, Viloyat Oqilova, Galiya Izmaylova menga ushbu noyob sanʼat turi mohiyati va noyobligini tushunishimga yordam berishgan.

Raqs sanʼati avloddan avlodga oʻtishi kerak. Balki boshqa madaniyatdagi yosh qizlarga raqsingizni oʻrgatish noodatiydek koʻrinar. Lekin uning goʻzalligi va nafisligi oldida men ham dosh bera olmayman. Ushbu dasturni tashkil etishda menga koʻmak bergan barchaga, ayniqsa, Elchixona jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiraman.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?