Qatortol koʻchasida issiqlik quvurining yorilishi boʻyicha rasmiy bayonot berildi

14:29 14 Sentyabr 2018 Jamiyat
452 0
Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati

Toshkent shahar hokimligi Chilonzor tumani, Qatortol koʻchasida issiqlik quvurining yorilishi boʻyicha rasmiy bayonot berildi.

Unda aytilishicha, 2018 yil 13 sentyabr kuni 5-IM issiqlik manbai taʼsir doirasining mexanik zichlik va mustahkamligini aniqlash sinovlari oʻtkazilayotganda Qatortol koʻchasidagi issiqlik tarmoqlarining eskirgan uchastkasida magistral quvurning yorilishi sodir boʻldi. Buning oqibatida asfalt qoplamasining buzilishi yuzaga keldi. Oqibatda “Spark” va “Matiz” rusumli yengil avtomobillarga zarar yetdi.

Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, hozirda sinov oʻtkazish vaqtida yuzaga kelgan avariya holatini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Avtomashinalarga yetgan zararlarni qoplash maqsadida esa “KROSS” sugʻurta kompaniyasi tomonidan baholash ishlari amalga oshirilyapti.

Xabarda aytilishicha, “Toshissiqquvvati” DUK 2018-2019 yillarda isitish mavsumiga tayyorgarlik koʻrish maqsadida Toshkent shahar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq, issiqlik tarmoqlarining rejali sinovlari oʻtkazilmoqda. Issiqlik tarmoqlarining sinovlari toʻgʻrisidagi eʼlon, ommaviy axborot vositalarida, xususan 2018 yil 28 avgust kungi “Vecherniy Tashkent” va “Toshkent oqshomi” gazetalarida hamda teploenergo.uz saytida yoritilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?