Qator qonunlarga oʻzgartirishlar kiritildi. Ularning ahamiyat nimada?

17:05 28 Avgust 2019 Jamiyat
82 0

Foto: Hasan Paydoyev / "Xalq so'zi"

Prezident “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini imzoladi.

Mazkur Qonun Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan maʼqullangan edi.

Qonun bilan qator qonunlarga oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Jumladan, parlament faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetida alohida moddada nazarda tutilishi Qonun bilan belgilab qoʻyilgan. Bu esa byudjetni shakllantirish, ijro etish, mablagʻlardan foydalanishda Oliy Majlis palatalarining mustaqilligini taʼminlash bilan bir qatorda, byudjet mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanishga erishish masʼuliyatini ham oshiradi.

Shu bilan birga, Oliy Majlis palatalari reglamentlari toʻgʻrisidagi qonunlarga xarajatlar smetasi haqida yangi tahrirdagi qoʻshimcha normaning kiritilishi ham palatalar, deputat va senatorlar faoliyati bilan bogʻliq xarajatlar smetasini shakllantirish, tasdiqlash va mablagʻlardan foydalanish tartibini batafsil ochib bermoqda.

Bundan tashqari, Oliy Majlis palatalarining xarajatlar smetasini tasdiqlash toʻgʻrisida amalda boʻlgan funksiyasi mazkur Qonun bilan palatalar Kengashlariga oʻtkazilib Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisining vakolatlaridan chiqarib tashlash nazarda tutilgan.

Shuningdek, Oliy Majlis palatalarining oʻz byudjetlarini mustaqil shakllantirishi uchun Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat Raisiga ushbu Qonun bilan xarajatlar smetalarini shakllantirish hamda ijro etishga doir ishlarga umumiy rahbarlikni amalga oshirishi va uni muvofiqlashtirishi, ajratilgan byudjet mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisidagi farmoyishlarni imzolash vakolatlari berilgan.

Kelgusi yil uchun tasdiqlanadigan xarajatlar smetasi loyihasining har yili 1-iyuldan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti loyihasiga kiritish uchun Vazirlar Mahkamasiga yuborilishi tartibi ham belgilab qoʻyilgan.

Muhammad JUMAGALDIYEV,

Senatning Byudjet va iqtisodiy
islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?