O‘zbekiston va Qatar savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiya tuzadi

14:47 17 Iyul 2018 Siyosat
190 0
Foto: TIV

17-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qatar davlati Tashqi ishlar vazirligining Osiyo ishlari bo‘yicha departamenti boshlig‘i Halid Ibrohim al-Hamar rahbarligidagi delegatsiyasni qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Qatarning yetakchi vazirlik va idoralari, iqtisodiy tuzilmalari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyasi 16-iyul kuni mamlakatimizga keldi va O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining 2018-yil 2-4-iyul kunlari Doha shahriga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning keng ko‘lamli masalalarini muhokama qilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar, sayyohlik va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Qatar kun tartibidagi dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumatlararo komissiyani tuzish va ishga tushirish, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi raundini o‘tkazishga roziliklarini tasdiqladilar.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston rahbariyati Qatar fuqarolari uchun ham uchinchi davlatga tranzit orqali ketayotganda mamlakatimiz hududida 5 kun vizasiz bo‘lish imkoniyati yaratilgani Qatarda mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Qatar delegatsiyasiga 2018-yil 6-10-sentyabr kunlari Shahrisabzda bo‘lib o‘tadigan birinchi xalqaro maqom san’ati forumiga taklifnoma taqdim etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi. 2018-yil 27-mart kuni Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha xalqaro konferentsiyaning barcha ishtirokchilari tomonidan ma’qullangan Toshkent deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirishda O‘zbekiston-Qatar hamkorligiga ijobiy baho berildi va bu yo‘nalishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga kelishib olindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?