Qashqadaryodan Polshaga 12 tonna “Gulxayri” eksport qilindi

17:10 15 Sentyabr 2020 Iqtisodiyot
550 0

Maʼlumki, Qashqadaryo viloyatida mahsulot ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga sezilarli darajada oshmoqda. Bunday natijaga erishishda viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan, mamlakatimiz iqtisodiyotining faxri boʻlgan yirik zamonaviy korxonalarning hissasi katta.

Yana shuni ham eʼtirof etish lozimki, soʻnggi yillarda kichik korxonalar, fermer xoʻjaliklari va tomorqa egalari ham turli xildagi oziq-ovqat, xalq xoʻjaligi va eksportbop mahsulotlarni yetishtirib, aholi ehtiyojini qondirish bilan birga, eksport hajmini oshirishda ham oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshishmoqda.

Yaqinda, shunday korxonalardan biri “BBU Azamat” xususiy korxonasi tomonidan vohada yetishtirilgan 12 tonna quritilgan gulxayri oʻsimligi Polshaga joʻnatildi. Bu haqda DBQ axborot xizmati xabar berdi.

Maʼlumot uchun, gulxayri (Altey) gulxayridoshlar oilasiga mansub koʻp yillik oʻt oʻsimligi hisoblanib, tibbiyotda ishlatiladi. Oʻsimlikning ildizi tarkibida koʻp miqdorda kraxmal va boshqa koʻplab foydali moddalar mavjud boʻlib, nafas olish yoʻllari shamollashi hamda meʼda-ichak kasalliklarini davolashda ishlatiladi.

Gulxayri oʻsimligini eksportga rasmiylashtirish jarayoni boshqarmaning “Kitob” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tomonidan eksportyor uchun qulay vaqtda, tezkorlik bilan amalga oshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?