Qashqadaryodan xorijga qariyb 150 tonna qovun eksport qilindi

10:07 14 Iyun 2019 Jamiyat
424 0

Illyustrativ foto

Viloyatning Koson, Chiroqchi va Qamashi tumanlarida yetishtirilgan tilimi tilni yoradigan xushtaʼm qovunlari Rossiyaga eksport qilina boshlandi. Eksportchilar uchun yaratilgan qulay imkoniyatlar va ishbilarmon tadbirkorlarning gʻayrat shijoati samarasida serquyosh Oʻzbekiston mevalari, poliz va sabzavot mahsulotlari dunyoning uzoq nuqtalarigacha yetib bormoqda.

Ushbu zamin tuprogʻida ungan noz-neʼmat borki, bari sarxil, ekologik toza, juda totli va koʻplab foydali xususiyatlarni oʻzida jamlagan. Shuning uchun ushbu mahsulotlarning qadri baland, xaridori koʻp. Qishloq xoʻjaligi rivojiga qaratilayotgan eʼtibor sabab esa nafaqat bozorlarimiz toʻkinligi taʼminlanyapti, balki isteʼmoldan ortiqcha meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini xorijga sotish imkoni vujudga kelmoqda. Ayniqsa, bol kabi tabiiy shiraga boy qovunlarga chet ellarda talab oshib bormoqda.

Qashqadaryo viloyat bojxona boshqarmasi Axborot xizmatining maʼlum qilishicha bu yilgi pishiqchilik mavsumining oʻtgan davrida tadbirkorlar tomonidan 142 tonna ana shunday qovun eksportga chiqarildi. Eksportchi korxonalar orasida Chiroqchi tumanidagi “Oltin voha agro invest” MCHJ ham bor.

- Ayni vaqtga qadar rossiyalik hamkorlarimizga sara va eksport talabiga mos qariyb 70 tonna qovun yetkazib berdik, - deydi jamiyat rahbari Abdulxay Nomozov. – Xorijlik ishbilarmonlar bilan mahsulotlar oldi-sotdisi boʻyicha manfaatli kelishuvlar imzolaganmiz. Unga koʻra, hamkorlarga qovun, tarvuz, shaftoli kabi sarxil qishloq xoʻjaligi mahsuloti eksport qilish koʻzda tutilgan.

A. Muhammadiyev


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?