Qashqadaryodan chet elga chiqib, bedarak ketgan ming nafardan ortiq fuqarolar taqdiri uchun kim javobgar?

23:58 04 Oktyabr 2019 Jamiyat
845 0

Illyustrativ foto

2016-yilda Qarshi tumanidan bir kollej oʻquvchisi pul topish uchun Rossiyaga chiqib ketadi. Uning otasi ham, kollej oʻqituvchilari ham bu holatni uch oy davomida xaspoʻshlab, yashirib yurishadi. Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor etar, deganlaridek, toʻrtinchi oyda “birodar”lari bilan “topishib” olgan oʻgʻil otasiga Suriyadan telefon qilib, shu yerda “xudoni taniganini”, “islomiy davlat uchun kurashayotgani”ni maʼlum qiladi. Ustiga-ustak otasiga uyini sotib, pulini bu yerdagi “rahnamo”lariga joʻnatishni buyuradi, aks holda yomon boʻlishini aytib, tahdid ham qiladi. Shundan keyingina ota boshini changallagancha, huquqni muhofaza qilish idoralaridan yordam soʻrab, yugurib keladi.

Yakkabogʻ tumanidan Rossiyaning Irkutsk shahriga pul topish maqsadida ketgan yigit esa ekstremistik oqim taʼsirida avval Turkiyaga, soʻng Suriyaga oʻtib, terrorchilarga qoʻshiladi. Buning ustiga oilasining 14 nafar aʼzosini ham daʼvat qilib, oʻzi tushgan urush oʻchogʻiga chaqirib oladi.

Qashqadaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasida boʻlib oʻtgan ijtimoiy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, tinchlik va barqarorlikni saqlash, vijdon erkinligini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda ushbu mavzu shu kabi oʻnlab misollar asosida atroflicha tahlil etildi.

Qashqadaryo viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining xabar qilishicha, soha xodimlari ishtirokida oʻtgan yigʻilishda mamlakatimizda eʼtiqod erkinligini taʼminlash borasida barcha imkoniyatlar yaratilgani, biroq, afsuski, ayrim yurtdoshlarimiz bu erkinlikni suiisteʼmol qilib, uni oʻzlaricha notoʻgʻri talqin qilgan holda yot oqimlar taʼsiriga berilayotgani, bunday harakatlar esa eng ulugʻ neʼmatimiz boʻlmish osoyishtaligimizga tahdid tugʻdirish bilan bir qatorda muqaddas islom dini bilan bogʻliq qadriyatlarimizni sofligicha saqlashga ham toʻsqinlik qilayotgani taʼkidlanadi.

Unda aytilganidek, bugun dunyoning koʻplab mamlakatlarida pul topish yoki oʻqish maqsadida borgan qashqadaryoliklarni uchratish mumkin. Ular Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, hatto Panama davlatida ham istiqomat qilayotgan ekan. Afsuski, ayni paytda chet elga chiqib ketgan ming nafardan ortiq qashqadaryolik bir necha yildirki, bedarak. Bunga avvalo ularning yaqinlari, mahalla, taʼlim muassasasi, korxona yoki tashkilotdagilarning loqaydligi sabab emasmi?

Ayni paytda birgina vohaning oʻzida diniy ekstremistik oqimga moyil boʻlgan yuzlab shaxslar bor. Mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash, ulugʻ bobolarimiz qoldirgan bebaho diniy va maʼnaviy merosni avaylab-asrash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni dunyo hamjamiyati ulkan baholab turgan bir paytda ular bu ulugʻvor oʻzgarishlarni eʼtirof etishni aslo istashmaydi.Ularning atrofdagilariga, yaqinlariga koʻrsatayotgan salbiy taʼsirini qanday toʻxtatish mumkin?

Bugun deyarli barcha internet bilan bogʻlanish imkoniyatiga ega. Ammo uning moʻjizaviy imkoniyatlaridan hamma ham toʻgʻri foydalana olayaptimi? Shunchaki qiziqish bilangina ijtimoiy tarmoqlarda yovuz niyatli kishilar jam boʻlgan guruhlarga kirib qolayotganlar, asta-sekinlik bilan ular tarqatayotgan igʻvo va safsatalarga berilib qolayotganlar safida yoshlarimiz va oʻsmirlarimizning koʻpligi koʻngilni xira qiladi. Seriallardagi tasvirlanayotgan, milliyligimizga va oʻzligimizga butunlay yot boʻlgan oʻzga xalqning turmush tarzi, yurish-turishi, kiyinishi, diniy marosimlariga koʻr-koʻrona taqlid qilayotganlar qilmishini qanday baholash kerak?

Ayni paytda oʻzlarini tariqatchilar deb atayotgan shunday toifa kishilar borki, ular zamonaviy tibbiy yordam, taʼlim imkoniyatlaridan boʻyin tovlaydilar. Aytaylik, bolalarini emlatish yoxud maktab yo oliy oʻquv yurtiga oʻqishga yuborishdan bosh tortadilar. Johilliklari shu darajaga yetganki, uylarida na televizor, na radio, na kitob bor. Sakkizinchi sinfda oʻqiyotgan bolasini oʻzlari pir deb sigʻinadigan shaxslarning xizmatiga berib yuborganlar bor. Voyaga yetmagan qizini oʻshanday “pir”ning nikohiga berganlarni kim deb atash kerak? Bunday johillik qaysi shariatda bor?

Ushbu savollarga yigʻilish davomidagi muhokama va munozaralar asosida javob izlandi. Har bir mahallada, tashkilot, muassasa yo korxonada, jamoada bu borada mustahkam jamoatchilik nazorati yoʻlga qoʻyilgan boʻlishi shart, dedi yigʻilishda soʻzga chiqqan viloyat hokimining jamoat va diniy tashkilotlar bilan aloqalar boʻyicha oʻrinbosari Ilhomjon Arziqulov. Shundagina dinimiz sofligini, tinchligimiz va mustaqilligimiz barqarorligini taʼminlashga, pirovardida yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻsha olamiz.

Ahad Muhammadiyev. /Xalq soʻzi/


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?